Sport | 20:05 / 15.03.2019
38394
13 daqiqa o‘qiladi

Mirabror Usmonov va o‘zbek futboli

«Bir kuni meni Islom aka yonlariga chiqarib, «Futbolni ham o‘zingiz oling» deb taklif qildilar. Rostini aytaman, bolaligimda «Paxtakor» stadionida o‘ynab, katta bo‘lganmiz. Har safar biror o‘yindan keyin stadionga kirib, muxlislardan bo‘shagan limonad shisha idishlarini o‘rtoqlarim bilan yig‘ishtirib chiqardik. Keyin, ularni magazinga topshirib, yaxshi pulga sotardik va muzqaymoq olib yerdik. Mening shu paytgacha futbol bilan bog‘liqlik joyim faqat shu voqea edi, xolos. Men bir savdogar odam bo‘lsam. Futbolni qanday eplayman? Men Islom Abdug‘aniyevichga ham shularni aytdim, lekin qabul qilmadilar».

2013 yilning dekabrida hamkasblarim Olimxo‘ja Bo‘ronov, Bobur Akmalov va Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev va men, birgalikda O‘FFning o‘sha paytdagi rahbari Mirabror Usmonov qabulida bo‘lganimizda suhbat shunday boshlangandi. Suhbat uzoq davom etgan. Bir paytlar, prezident unga futbolni boshqarish taklifini berganida, futbol haqida faqatgina bolalikdagi bir voqeanigina eslay olgan Mirabror aka O‘FFdagi uzoq yillardan so‘ng, soatlab futbol haqida gaplashib o‘tira oladigan bo‘lgandi...

Bilasizmi, futbolni boshqarish uchun uni tushunish kerak, shu soha ichida pishib yetilgan mutaxassis bo‘lishi lozim, degan fikrlar ko‘p yangraydi. Yevropada ham bu lavozimda asosan sobiq futbolchilar yoki shu sohada katta tajriba to‘plagan mutaxassislar faoliyat olib borishadi. Mirabror Usmonov buning aksini, ya'ni ba'zi shartlarda, futboldan uzoq inson ham bu sohada muvaffaqiyat qozonishi mumkinligini isbotladi. Ba'zi shartlar deganim, tan olish kerak, O‘zbekiston – sharq, ikkinchidan esa, albatta, shaxsning mana shu faktga bo‘lgan munosabati. Ya'ni, Mirabror Usmonov ham buni bilar, tan olardi. Uni tanqid qilgan bir necha yosh jurnalistni chaqirib, tortinmasdan futboldan uzoq odam bo‘lganini tan olyaptimi, demak o‘zi uchun ham buni qabul qila olgan. Bu juda muhim.

Inson hamma narsani tushunaman, bilaman deb o‘ylay boshlasa va atrofidagilardan buni tasdiqlatib olsa, yomon. Menimcha, Usmonov mana shu chegaradan o‘tmagan, balki shuning uchun ham malakali kadrlarni qadrlagan. Uning haqiqatdan ham muvaffaqiyatga erishganini esa, isbotlash qiyin emas. U futbolimizga ba'zi jihatlarni olib kira oldiki, oradan ancha yil o‘tib bular biz uchun oddiy holga aylandi.

SALOBAT

Futbolimiz turli davrlarni boshdan kechirgan. Uning taqdiri biror chet ellik murabbiyning qosh-qovog‘iga bog‘liq bo‘lib qolganini ham, masalan, terma jamoa murabbiyi qaysi klubda ishlasa, o‘sha klubning orqasidan bosh jamoamiz ergashib yurganini ham ko‘rganmiz. Nafaqat mamlakat futboli, balki O‘FFning o‘zi ham moddiy ta'minlanmagan, juda abgor holatda edi.

Mirabor Usmonov davrida O‘FF salobatli, jiddiy, moddiy ta'minlangan baquvvat tashkilotga aylandi. Buning sabablaridan biri, Usmonovning bevosita O‘FFdan turib futbolni boshqarishga kirishganini ham aytish kerak. Zero oldingi rahbarlar uchun futbol keyingi darajali masala bo‘lib, boshqaruv ko‘proq ramziy ma'noni kasb etardi. Boshqaruv va tashkilotni tamsil etish esa, ko‘pincha, pastroq lavozimdagi xodimlarga qolib ketardi.

Usmonov futbolning haqiqiy rahbariga aylandi, mamlakat ichkarisidagi muhim shaxslar, amaldorlar bilan ham, OFK rahbarlari bilan ham bevosita o‘zi uchrashdi, o‘zi muzokaralar olib bordi. Aynan mana shu jiddiylik OFKga ham ta'sir qilgan albatta. O‘zbekiston va Osiyo futbolidagi hamkorlik aynan shu yillarda yuqori bosqichga ko‘tarilgani bor gap. O‘zbekistonda ilk bor o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatining tashkil qilinishi, O‘rta Osiyoda alohida konfederatsiyaning tashkil topishi, OFKda bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘z ovozlariga ega bo‘lishlari ham aynan Mirabror Usmonov davriga to‘g‘ri keldi.

Ayniqsa, yurtimizda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati O‘zbekistondagi futbolning o‘rni, futbolga munosabat qaysi tomonga o‘zgara boshlaganini ko‘rsatgandi. Undan oldin ham, masalan, futzal bo‘yicha Osiyo chempionati 2006 yilda Toshkentda o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Shu sohada ishlagan insonlarning tan olishicha, o‘sha musobaqaga mezbonlik qilishda O‘FF juda ko‘p to‘siqlarga duch kelgan ekan. Turli lavozimlardagi bir qator amaldorlar bunday tadbirga keskin qarshi bo‘lishgan, musobaqani so‘nggi pallalargacha bekor qilishga urinishgan. Shunga qaramay, O‘FF turnir mezbonligini saqlab qolishni uddalagan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan o‘sha musobaqa biz uchun so‘nggisi bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Faqat Mirabror Usmonovning kelishi, uning hukumatdagi vazni va qat'iyati tufayli, O‘FF bu yo‘nalishdagi ishlarini davom ettirgan va yuqorida tilga olingan yana bir yirik turnirni yaxshi saviyada tashkil qilgandi. Bunday mezbonliklar keyinchalik biz uchun an'anaga aylandi – Toshkent yana uch marta futzal, bir marta o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatini qabul qildi.

Shimoliy Koreyaga qarshi finaldan keyin Zufarovichning terma jamoamiz futbolchilarini maydondan chetlatgan hakamdan xafa bo‘lib qolgani va qo‘l bermagani, alohida voqea. O‘sha voqea Usmonovning nafaqat futbol rahbari, balki muxlisiga ham aylanib qolganidan darak beradi bizningcha...

MUVOZANAT

Usmonov futbol yurtimizda urf mavzuga aylanib, pul yog‘ila boshlaganda ham, yoki 2011 yilda, esingizda bo‘lsa, bir qator korxonalar klublarni moliyalashtirishdan bosh tortgan pallalarda ham juda kerakli pozitsiyani egalladi va aytish kerakki, har ikki holatda ham futbolimizni asrab qoldi.

2011 yilda u yirik korxonalarni futbolni quvvatlashga chaqirgan va hatto bu borada alohida prezident qarori chiqishiga ham sabab bo‘lgandi. Avvalgi qarorlardan farqli ravishda, bu safar qarorlar ijrosining moddiy ta'minotiga ham keng o‘rin ajratilgan, shu tariqa, O‘zbekistonda kattalar va bolalar futboli qaytadan «tirildi».

Oldinroq esa, esingizda bo‘lsa, futbolimizga «Bunyodkor» klubi va uning egalari katta ambitsiyalar bilan kirib kelgandi. Nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyo miqyosida katta qadamlar tashlashni niyat qilgan klubni qaysidir jihatlarda tiyib turish O‘FFga oson emasdi. O‘shanda klubga yon bermasdan, turli bosimlarga qarshi tura olish, O‘FFning mana shunday katta loyihalar oldida ham obruyi va salobatini saqlab qolishni aynan Mirabror Usmonov uddalagandi.

Usmonov ba'zida to‘g‘ri, ba'zida xato qarorlar qabul qilgandir, ammo bu ishlar aynan O‘FF tashabbusi ostida bo‘lgani, qaysidir klub, qaysidir viloyat yoki tuman hokimi, boshqa bir amaldorning bosimi ostida ro‘y bermagani juda muhimdir.

BARQARORLIK

2014 yilda Mirabror Usmonov O‘FFdan ketayotgani haqida aytib, endi federatsiya moddiy jihatdan baquvvat tashkilotga aylangani, endi O‘zbekistonning barcha terma jamoalari o‘z oldiga eng yuqori maqsadlar qo‘yishga tayyor holatga kelganini e'tirof etgandi.

Kelajak uchun ishlab turgan tizim va moddiy baza yaratish bilan birgalikda, bu davrda planka yuqoriga ko‘tarilganini ham ta'kidlash kerak. Usmonov kelguncha, atigi bir marotaba, 2003 yilda yoshlar terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqan bo‘lsa, keyingi o‘n yilda turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun mundialga chiqish oddiy holga aylandi, yoshlarimiz muntazam ravishda nafaqat jahon chempionatida qatnashish, balki pley-off bosqichlariga ham chiqa boshladi.

Milliy, olimpiya va yoshlar terma jamoasiga yaratilayotgan sharoitlar ancha yaxshilangani va bir necha pog‘ona yuqori bosqichga ko‘tarilganini e'tirof etish kerak.

Mirabror Usmonovning O‘FF rahbari sifatida ikki orzusi bor edi. Birinchisi, terma jamoamizni jahon chempionatida ko‘rish bo‘lsa, ikkinchisi, jahon miqyosidagi musobaqani yurtimizda qabul qilish. Bir qaraganda juda uzoq bo‘lgan ikkala manzilga ham Mirabor Usmonov ancha yaqin kelganini e'tirof etish kerak. JCh-2014 va JCh-2018 ishtirokchisi bo‘lish uchun milliy jamoamizga atigi bir-ikki gol yetmay qolgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasidagi U21 jahon chempionati O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi lozim edi. Ammo noma'lum sabablarga ko‘ra, bu musobaqa mezbonligi keyinchalik O‘zbekistondan tortib olindi.

BAG‘RIKeNGLIK

Inson tanqidlarga qanchalik bag‘rikeng bo‘lsa, shunchalik salobatli ko‘rinadi. Tanqidni qabul qila olish, kerak bo‘lganda, o‘z xatolarini tan ola bilish ham katta odamning xususiyatlaridandir.

2013 yilda O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy bergach, stadion.uz saytida juda ko‘p tanqidiy maqolalar chop etilgandi. Asosan bosh murabbiy Mirjalol Qosimov, O‘FF mutaxassisi Asqar Tolibjonov va albatta, O‘FF boshlig‘i sifatida Mirabror Usmonov tanqidlarning asosiy nishoni bo‘lgandi. O‘shanda Usmonov Sport TVda chiqish qilgan va o‘sha tanqidlarda faol bo‘lgan bir qator jurnalistlar – Shuhrat Shokirjonov, Bobur Akmalov, Olimxo‘ja Bo‘ronov va mening nomimni tilga olib, tanqidlarimiz asossiz ekanini aytgan va bizni diletantlikda ayblagandi. «Sen o‘zing yurting uchun nima qilib qo‘ydingki, Qosimovni yoki Ermatovni tanqid qilasan, bunga ma'naviy haqqing bormi?» qabilidagi e'tirozlar yangragandi o‘shanda O‘FF prezidenti tilidan.

Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, terma jamoamiz Iordaniyadan mag‘lub bo‘lgach, yoki undan ham avvalroq, Mirabror aka o‘z xatosini tushungan ekan. Bu shubhasiz, zero o‘sha yilning oxirida u aynan o‘sha dasturda tilga olingan jurnalistlarni o‘z qabuliga chaqirgandi. Biz borgandik. O‘shanda Usmonov yozda tanqidlarimizga keskin fikr bildirib noto‘g‘ri qilganini tan olgan, hatto uzr ham so‘ragan, ikki soatga yaqin vaqt mobaynida dardlashgandi. U kabi yirik amaldor shaxs uchun bu juda e'tirofga loyiq ish edi, nazarimda. Ha, u mukammal inson bo‘lmagandir, uning xatolari bo‘lgan, inkor etmayman. Lekin muammolar haqida o‘tgan zamonda gapirish uchun, o‘sha muammo bugun o‘z yechimini topgan bo‘lishi kerak, fikrimcha.

Bugun Mirabror Zufarovich Usmonovni so‘nggi yo‘lga kuzatishdi. Vafot etgan insonni yaxshi gaplar bilan eslash kerakligi, aynan bugungi kun, aynan Usmonov uchun juda mos deb o‘ylayman. Bir narsaga aminmanki, O‘zbekiston futboli tarixida Mirabror Usmonov juda katta o‘rin tutadi. futbolimizdagi Krasnitskiy, Abduraimov, Imomxo‘jayev, Qosimovlar qatorida Mirabror akaning nomi ham o‘z o‘rnini topadi, albatta...

Mirabror Zufarovichni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.

Qahramon Aslanov             

Mavzuga oid