Jahon | 11:26 / 17.03.2019
15207
2 daqiqa o‘qiladi

Terrorchilar Damashq yaqinida 27 kilometrlik yer osti tunneli qazib chiqishgani aniqlandi

Foto: RIA Novosti

Terrorchilar tomonidan Damashq yaqinidagi Xarastoy (Sharqiy Guta) shaharchasi ostida qazib chiqilgan tunnellar tarmog‘i aniqlandi. Bu tunnellarning balandligi ba'zi joylarda 25 metrga yetadi, umumiy uzunligi 27 kmni tashkil qiladi. Bu haqda Suriyaning Al-Watan nashriga shahar kengashi raisi Adnan al-Uizza ma'lum qildi. 

Uning ta'kidlashicha, tunnellar muammosini hal qilish uchun uning to‘liq xaritasi tuzib chiqilgan.

Mutaxassislar turar-joy va bosh ko‘chalar ostidan o‘tuvchi barcha tunnellarni aniqlashgan. Shuningdek, muhandislar shahardagi uylarni uch toifaga: o‘ta xavfli, qisman vayron bo‘lgan va yashash uchun yaroqliga bo‘lib chiqishgan.

Sharqiy Guta 2018 yil mayida terrorchilardan ozod qilingan. Hozirda Xarastoyda tiklash, infratuzilma va yo‘llarni ta'mirlash ishlari jadal olib borilmoqda. Suriyalik harbiylar yangi tunnellar va o‘q-dori omborlarini topishmoqda. Tunnelarning bir qismi qo‘mondonlik qarori bilan yo‘q qilinmoqda. 

Shunday tunnellardan biriga mamlakat prezidenti Bashar Asad rafiqasi bilan 2018 yil avgustda tashrif buyurgan.

Suriyadagi urush vaqtida terrorchilar Sharqiy Gutada yer osti tunnellarining butun boshli tarmoqlarini qazib chiqishgan, ulardan ba'zilari elektr va avtotransportda yurish imkoni bilan ta'minlangan. Tunnellar nafaqat aholi punktlari ichidagi joylarni, balki aholi punktlarini ham o‘zaro bog‘lagan. Yer osti inshootlarining chuqurligi terrorchilarga aviatsiya zarbalaridan xavfsiz yashirinishga imkon bergan.

 

Mavzuga oid