Jahon | 13:42 / 19.12.2024
3747
3 daqiqa o‘qiladi

Damashq yaqinida ikkita ommaviy qabr topildi

AQShning maxsus topshiriqlar bo‘yicha sobiq elchisi Stiven Rappning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada kamida 100 000 kishi Bashar Asad rejimi ostida o‘ldirilgan yoki qiynoqqa solingan.

Foto: Reuters

Suriyada, uning hukmdori Bashar Asad davrida, 2013 yildan beri 100 mingdan ortiq odam qiynoqqa solingan yoki o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Bu bahoni 17 dekabr, seshanba kuni Reuters bilan suhbatda AQShning harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan sobiq elchisi Stiven Rapp bildirdi.

U avvalroq ikki ommaviy qabrga borgan: Damashq yaqinidagi Qutayfa va Najha shaharlarida. «Bizda, albatta, bu mashinada (ommaviy qiynoqlar va qotilliklardan) g‘oyib bo‘lgan va qiynoqqa solingan holda o‘ldirilgan 100 000 dan ortiq odam bor», dedi u.

«Biz natsistlar davridan beri bunaqasini ko‘rmaganmiz», dedi Rapp. U ilgari Ruanda va Serra-Leonedagi urush jinoyatlari tribunallarida ayblovni boshqargan va hozir Suriya fuqarolik jamiyati bilan Asad rejimi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar dalillarini hujjatlashtirish va ehtimoliy sud jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rishda yordam bermoqda, deya tushuntiradi Reuters.

O‘z navbatida, bosh qarorgohi Qo‘shma Shtatlarda joylashgan Suriya Favqulodda vaziyatlar guruhiga rahbarlik qiluvchi huquq himoyachisi Muaz Mustafo jurnalistlarga, uning hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina Qutayfada kamida yuz ming jasad dafn etilganini aytdi.

WSJ: Asad oilasining boyligi 12 mlrd dollarga teng bo‘lishi mumkin

2021 yilda butun Suriyaning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) atigi 8,98 milliard dollarni (8,54 milliard yevro) tashkil etganiga qaramay, Bashar Asad oilasining aktivlari qiymati 12 milliard dollarga (11,4 milliard yevro) yetishi mumkin. Bu haqda Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi 15 dekabr kuni xabar berdi.

Asad rejimining qulashi bilan Suriyada 50 yildan ortiq vaqt davomida hokimiyat tepasida turgan uning oilasining ko‘p milliard dollarlik boyligi uchun global ov boshlandi, deb yozadi nashr.

«Inqilobdan oldin ularning pullarni yuvish uchun ko‘p vaqtlari bor edi, ularda har doim »B« rejasi bo‘lgan va ular haydalishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan», dedi Oq uy Xavfsizlik kengashi huzuridagi tuzilmalardan birida Suriya siyosati uchun mas’ul bo‘lgan Endryu Tabler.

Tabler - Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti xodimi. Ilgari u Asad oilasi a’zolariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash uchun ularning mol-mulkini aniqlash ustida ishlagan.

Bashar Asad va uning otasi Hofiz qarindoshlari yordamida boyliklarini xorijda yashirgan, deya ta’kidladi WSJ.

Mavzuga oid