Sport | 15:10 / 23.03.2019
48325
4 daqiqa o‘qiladi

G‘ofur Rahimov boks, siyosat, yolg‘on va uyushtirilgan ayblovlar haqida

22 mart kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti G‘ofur Rahimov iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Uning arizasi AIBA’ning rasmiy saytida e'lon qilindi.

«So‘nggi 25 yil ichida o‘zimni boks va olimpiya harakatiga bag‘ishlab, sportning va sportchilarimizning ravnaq topishini hamma narsadan ustun qo‘yib kelganman. Bu ayniqsa o‘tgan yili juda bilindi — biz sportimiz o‘zining yomon o‘tmishini tark etib, avvalgidan kuchli va sog‘lom bo‘lishi uchun sanoqsiz kunlar va tunlarni sarfladik», — degan Rahimov.

G‘ofur Rahimovning fikricha, o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar AIBA va boksni jonlantirgan va kuch-quvvat bilan to‘ldirgan.

«Biroq shuncha sa'y-harakatlarga qaramasdan, so‘nggi oylarda olimpiya boksining kelajagiga doir juda ko‘p tortishuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu tortishuvlarning ko‘pi sportga emas, siyosatga taalluqli edi. Garchi men sport va siyosat ayri-ayri masalalar ekanligiga, AIBA tomonidan joriy etilayotgan yaxshi ishlar va ijobiy o‘zgarishlar tan olinishiga sidqidildan umid qilgan va ishongan bo‘lsam-da, biroq siyosiy munozaralar bu taraqqiyotni shubha ostiga tushirib qo‘ydi. Avval bir necha bor takrorlaganimdek, yana ta'kidlab o‘tmoqchiman, menga qarshi ilgari surilgan ayblovlar soxtalashtirib to‘qilgan va siyosiy motivga ega yolg‘onlarga asoslangan. Men haqiqat qaror topishiga ishonaman. Nima bo‘lganda ham, men doimo o‘zimni boksdan yuqori qo‘ymayman, deb kelganman va prezident sifatida sportimiz va sportchilarimizga xizmat qilish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishga majburman», — deb ta'kidlagan u.

G‘ofur Rahimov AIBA Ijroiya qo‘mitasini AIBA prezidentligi lavozimidan ketishi haqida ogohlantirganini aytib o‘tgan. Uning qayd etishicha, tashkilot nizomi prezidentga o‘z vakolatlaridan voz kechish imkonini beradi.

«Men AIBA Ijroiya qo‘mitasi a'zolarini prezidentga o‘z vakolatlarini amalga oshirishdan voz kechish va vazifani vaqtincha bajaruvchiga topshirishga izn beradigan AIBA nizomi va qonunosti hujjatlariga muvofiq ravishda AIBA prezidentligi lavozimidan ketish rejam haqida xabardor qildim. Men shu dam olish kunlari mazkur masalani muhokama qilish va prezident vazifasini bajaruvchini saylash jarayonini boshlash uchun Ijroiya qo‘mita a'zolarini telekonferensiyaga yig‘dim», — deya qayd etgan G‘ofur Rahimov.

Uning muxtasar qilishicha, o‘tgan yili amalga oshirilgan yaxshi tashabbuslar kelajakda boksning yanada mustahkamlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ning o‘z nomzodini ilgari surmaslik to‘g‘risidagi iltimosga qaramasdan, G‘ofur Rahimov 2018 yilning noyabrida AIBA rahbari etib saylangan. Chunki bu hol MOQning boksni Olimpiya o‘yinlari dasturida qoldirish qaroriga o‘z ta'sirini o‘tkazishi mumkin edi. Bu holda AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlar ustidan nazorat departamenti G‘ofur Rahimovni O‘zbekistonning «bosh jinoyatchilari»dan biri sifatida sanksiya ro‘yxatiga qo‘shgan. Shuningdek, AQSh Moliya vazirligi Rahimovni Amerika dollarida har qanday operatsiyani amalga oshirish imkoniyatidan mosuvo etgan.

Mavzuga oid