Jahon | 21:25 / 23.03.2019
13124
2 daqiqa o‘qiladi

Pompeo Qrim va Jo‘lan tepaliklarini tan olish orasidagi holatlar boshqa-boshqa ekanligini aytdi

Qrim yarimorolini Rossiyaniki deb tan olish va Jo‘lan tepaliklarini Isroilniki deb tan olish holatlari o‘rtasida farq bor. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Sky News telekanaliga bergan intervyusida ana shunday fikr bildirdi.

Jurnalist Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi sababli Vashington Moskvaga nisbatan sanksiyalar kiritganini, endi esa AQSh Jo‘lan tepaliklarini Isroilniki deb tan olmoqchi ekanligini eslatdi. U davlat kotibidan bu "ikki yoqlama standart siyosati emasmi" deb so‘radi.

"Yo‘q, mutlaqo unday emas. Prezident Donald Trampning Jo‘lan tepaliklariga nisbatan tutgan yo‘li – bu joylardagi real vaziyat hamda Isroil uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik borasidagi holatning tan olinishi, bu oddiy narsa", - dedi AQSh davlat kotibi.

U shuningdek, bu tan olish BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga zid ekanligi to‘g‘risidagi bayonotlarni ham inkor etdi.

"Bu joylardagi real holatga to‘laligicha mos keladi", - dedi Pompeo.

"Qo‘shma Shtatlar – bu mintaqadagi yaxshilik kuchlari, bizning maqsadimiz yaxshi. Prezident qabul qilgan qaror butun mintaqadagi barqarorlik imkoniyatlarini kengaytiradi", - dedi u.

Jo‘lan tepaliklarining Isroilga tegishli ekanligini tan olish haqidagi Donald Trampning bayonoti boshqa mamlakatlar tomonidan salbiy qarshi olindi.

Jo‘lan tepaliklari 1967 yilgacha Suriya tarkibiga kirgan. Olti kunlik urush davomida Isroil qo‘shinlari bu hududni bosib olgan.

Mavzuga oid