Sport | 16:10 / 24.03.2019
18301
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro yarim marafoni. Bosh vazir o‘rinbosari va vazirlar ham yugurishda ishtirok etishdi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Bugun, 24 mart kuni Toshkentda o‘zbek yengil atletikasi tarixida ilk bor yarim marafon o‘tkazildi. Xalqaro maqomga ega bo‘lgan ushbu yirik sport tadbirida dunyoning 28 mamlakatidan 1700 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.

Tonggi soat 7:00dan boshlab ishtirokchilar poytaxtdagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi oldida to‘planishdi. Soat 8:15da esa qatnashchilar start zonasiga yig‘ildi. Toshkent I xalqaro yarim marafonining tantanali ochilish marosimi soat 8:40da bo‘lib o‘tdi.​

Shundan so‘ng soat 9:00da 21 kilometr masofaga yugurishga start berildi. 5 kilometr masofaga yugurish qatnashchilari esa soat 9:10da o‘z ishtirokini boshlashdi. Har ikki masofada ham ishtirokchilar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi oldidan start oldi.

Boshqa ishtirokchilar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, vazirning birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov va boshqa vazirliklarning rahbarlari ham yugurishdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Marafonda havaskorlar qatorida boshqa sport turlaridagi nomdor atletlar ham o‘z omadini sinab ko‘rishdi. Jumladan, ular orasida taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari chempioni va ayni paytda professional boksda yorqin janglar olib borayotgan Isroil Madrimov kabi yulduz sportchilarni ham ko‘rish mumkin edi.

Ishtirokchilar Afrosiyob, Nukus, Abdulla Qodiriy, Mustaqillik shoh ko‘chalari bo‘ylab metroning Buyuk ipak yo‘li bekatiga, keyin Mirzo Ulug‘bek, Taraqqiyot ko‘chalari orqali Amir Temur maydoni, O‘zbekiston ko‘chasi, Mustaqillik maydoni, Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari bo‘ylab yugurib o‘tishdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Dastlab, 5 km masofaga yugurish musobaqasi o‘tkazilib, undan 15 yoshdan katta bo‘lgan ming nafardan ziyod ishtirokchi o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Erkaklar o‘rtasida samarqandlik Otabek Toshquvvatov g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Azizaxon Mirzaakbarova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. 

Toshkent xalqaro yarim marafoni. 5 km, erkaklar
1. Otabek Toshquvvatov – 16:41
2. Humoyun Mahkamov – 16:54
3. Xurshid Ahmadaliyev – 16:57

Toshkent xalqaro yarim marafoni. 5 km, ayollar
1. Azizaxon Mirzaakbarova – 18:56
2. Shohsanam Xurramova – 19:03
3. Marjona Baratova – 19:19

21 km masofada yugurishda erkaklar o‘rtasidagi yarim marafonda marra chizig‘ini birinchi bo‘lib xitoylik sportchi Li Yang kesib o‘tdi.

Ayollar o‘rtasida esa qirg‘izistonlik Darya Maslova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik Sitora Hamidova hamda Yekaterina Tunguskova mos ravishda ikkinchi va uchinchi bo‘lib finishga yetib kelishdi.

Toshkent xalqaro yarim marafoni, 21 km, erkaklar
1. Li Yang (Xitoy) – 1:04:43
2. Adilet Kishtambekov (Qirg‘iziston) – 1:05:03
3. Andrey Petrov (O‘zbekiston) – 1:05:20

Toshkent xalqaro yarim marafoni, 21 km, ayollar
1. Darya Maslova (Qirg‘iziston) – 1:12:30
2. Sitora Hamidova (O‘zbekiston) – 1:13:56
3. Yekaterina Tunguskova (O‘zbekiston) – 1:16:13

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Osiyo yengil atletika federatsiyasi prezidenti Daxlan Al Hamad ishtirok etib, marafon yuqori saviyada tashkillashtirilganini yana bir karra alohida ta'kidlab o‘tishdi.

21 kilometr masofaga o‘tkazilgan marafonda 1-8-o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar 3 milliondan 12 million so‘mgacha, 5 kilometrlik masofada 1-6-o‘rinlarni ko‘lga kiritganlar 500 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha pul mukofoti bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid