Jamiyat | 17:00 / 24.03.2019
29756
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l-yo‘lakay. Payariq tumanidagi qishloqlar hayotidan bir lavha

Kun.uz muxbirlari murojaatlar sababli ko‘p safarlarda bo‘ladi. Yo‘l-yo‘lakay qishloqlardagi yashash sharoitlariga ham ko‘z tushadi. Quyida e'tiboringizga Samarqand viloyati, Payariq tumani «Juvozxona» mahallasidagi qishloqlar hayoti, ularning turmush sharoiti va yo‘llari tasvirlari keltiriladi.

«Juvozxona» mahallasida minglab kishilar istiqomat qilishadi. Mahallada Juvozxona qishlog‘idan tashqari Oqchelak, Tezakchi, Navoli, Sho‘rtepa va Yigirmatepa kabi qishloqlar ham mavjud.

Oqchelak qishlog‘ini Juvozxona qishlog‘i va tuman markazi bilan bog‘lovchi markaziy yo‘lda joylashgan avariya holatidagi ko‘prik aholini xavotirga solib turibdi.

Oqchelak va Juvozxona qishlog‘ini bog‘lovchi ko‘prik

Ushbu ko‘prikdan har kuni yo‘lovchi mashinalari va yuk mashinalari qatnaydi. Ko‘prik «ilinib» turibdi. Agar shu holat qoladigan bo‘lsa, fojia ro‘y berishi ham mumkin.

Ko‘prikdan so‘ng esa katta-katta chuqurlarga ega bo‘lgan «asfalt yo‘llar» sizni qarshi oladi.

Oqchelak qishlog‘i yo‘llaridagi holat

Bu yo‘llarga uzoq vaqtdan beri hech kim e'tibor bermagan. Oqchelak, Tezakchi, Navoli va Sho‘rtepa qishloqlaridagi odamlar tuman markaziga shu yo‘llar va ko‘prik orqali o‘tadi.

Yigirmatepa, Yaloqtepa qishloqlariga olib boruvchi ichki yo‘llar ham shu ahvolda...

Juvozxona va Yaloqtepa qishlog‘ini bog‘lovchi yo‘l

Bu yo‘llarda har-har joyda asfalt qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Davlat bu yo‘llarga qachonlardir e'tibor qaratgan, ammo vaqtlar o‘tishi bilan qarovsiz holga kelib qolgan.

Bu yo‘llar orqali yuzlab bolalar maktabga qatnaydi, aholi ham tuman markaziga shu yo‘ldan boradi. Yog‘ingarchilik mavsumi boshlanayotgani hisobga olinsa, bu yo‘llarda harakatlanish qanday kechishini tasavvur qilish qiyin emas. Bolalar maktabga kechikishi, aholi esa tuman markazidagi ishiga vaqtida ulgurolmasligi tayin.

Bundan tashqari, «Juvozxona» mahallasi ahlini toza ichimlik suvi muammosi ham qiynab keladi. Aholi artezian suvlari va hovuzlarning ichishga yaroqsiz suvlaridan foydalanishga majbur. Tabiiy gazni unutishganiga ancha bo‘lgan.

Mahalla ahliga «beminnat» xizmat qilayotgan eski bekat
Mahalla ahliga xizmat qilgan «qadimiy» oziq-ovqat do‘koni

Qishdan bazo‘r chiqib olgan mahalla ahli Navro‘z shodiyonalarini yuqori kayfiyatda qarshi olmoqda.

Umid qilamizki, Samarqand viloyat va Payariq tuman hokimligi va yo‘l tashkiloti mutasaddilari bu muammolarga e'tibor qaratishadi. Kun.uz mutasaddilardan tashabbus ko‘rsatishlarini kutib qoladi.

Mavzuga oid