O‘zbekiston | 19:06 / 25.03.2019
8372
2 daqiqa o‘qiladi

Ziyorat turizmi: Hindistonning imom va islom ulamolari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Hindistonning turli shtatlaridan bo‘lgan imom va islom ulamolari guruhi qator turoperatorlar bilan birga O‘zbekistonning ziyorat turizmiga oid salohiyati bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Kun.uz muxbiri Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi vakillaridan olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Hindiston delegatsiyasi 23 martdan 28 martga qadar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, hindistonlik salohiyatli ziyoratchilar uchun maxsus dasturlarni ishlab chiqishmoqda. Safardan qaytgach, guruh a'zolari Hindistonda O‘zbekistonning ziyorat turizmiga doir salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha keng axborot ishini olib borishni rejalashtirgan.

Delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi hamda hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan.

Holiday Merchans kompaniyasi direktori Vikas Xanduri O‘zbekiston haqida shunday deydi:

“Ulkan turistik salohiyat va boy tarixiy-madaniy merosga ega O‘zbekiston jahon sayyohlik bozorida yetakchi o‘rinni egallash uchun barcha imkoniyatlarga ega. 21-23 fevral kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro ziyorat turizmi forumida O‘zbekiston ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishi mumkinligiga ishonch hosil qildim. Shu bois Hindistonning turli shtatlari uchun O‘zbekistonga ziyorat turlarni amalga oshirishga doir turistik dasturlarni o‘z ichiga olgan yangi paketlarni ishlab chiqishga qaror qildik”, - deydi u.

Vikas Xandurining ta'kidlashicha, Hindistonda O‘zbekistonning muqaddas obidalarini ziyorat qilishni istovchilar ko‘p, xususan, Imom Al-Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy, Imom At-Termiziy kabi memorial komplekslari hindistonliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Mavzuga oid