Sport | 21:27 / 30.03.2019
29586
2 daqiqa o‘qiladi

IIV «Navbahor» muxlislariga murojaat qildi

Toshkentda O‘zbekiston Superligasi 2-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» - «Navbahor» (1:0) o‘yini yakunlandi. O‘yinning 85-daqiqasi o‘tib borayotganida stadion suxandoni O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasining «Navbahor» muxlislariga murojaatini o‘qib eshittirdi. Unda tashkilot namanganlik muxlislardan uyga qaytayotganda ehtiyot bo‘lishlarini so‘radi.

Superliga 1-turdan o‘rin olgan «Navbahor» hamda «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Toshkentda o‘tkazilgan va namanganlik ikki muxlis Toshkentdan Namanganga qaytayotib, avtohalokatga uchrab, halok bo‘lishgandi. IIV YHX Bosh boshqarmasi shu sabab namanganlik muxlislarni ogohlantirish tashabbusi bilan chiqdi.

«Hurmatli futbol ishqibozlari, aziz mehmonlar! Xabaringiz bor, Namangan viloyatidan kelgan futbol ishqibozlari ishtirokida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan edi. Bu mudhish falokat bir-necha insonlar o‘limiga sabab bo‘ldi.

Shu holatni e'tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi hamda Namangan viloyati faxriylar markazi sizlarga murojaat qiladi. Uyga qaytishda yo‘l harakati qoidalariga qat'iy amal qiling, tezlikni oshirmang, ayniqsa tog‘li dovon yo‘lida harakatlanishda xavfsizlik choralarini ko‘ring. Unutmang, sizni oilangiz kutmoqda.

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, xavfsizlik choralarini ko‘rish 90 daqiqa davomida muxlislar qalbida jo‘sh urgan xis-tuyg‘ularni yanada uzoq vaqt davom etishini ta'minlaydi»,- deyildi murojaatda.

Mavzuga oid