Jahon | 22:10 / 31.03.2019
42153
2 daqiqa o‘qiladi

Ekzit-pollar: Zelenskiy va Poroshenko ikkinchi turga o‘tishdi

Jami 39 nafar nomzod qatnashgan Ukraina prezidentligi saylovlarining birinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlandi.

Teleboshlovchi Vladimir Zelenskiy va Ukrainaning amaldagi prezidenti Petro Poroshenko saylovlarning ikkinchi turiga o‘tishdi. Ovoz berish yakunlangach, Milliy ekzit-poll tomonidan e'lon qilinayotgan ekzit-pollar shundan darak bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Vladimir Zelenskiy dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra birinchi turda 30,4 foiz ovoz olgan, Petro Poroshenkoni saylovchilarning 17,8 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Saylovlardagi yana bir favorit, «Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko esa 14,2 foiz ovoz to‘plagan.

TSN tomonidan o‘tkazgan ekzit-pollga ko‘ra ovoz berish jarayoni yakunlanishiga 2 soat vaqt qolganida, Zelenskiy uchun saylovchilarning 30,1 foizi ovoz bergan, Poroshenko — 18,5 foiz, Timoshenko — 14 foiz ovoz olgan.

SOCIS markazi ma'lumotiga ko‘ra esa, soat 19:00da (ovoz berishi yakunlanishiga bir soat vaqt qolganida), Zelenskiyga 29,25 foiz saylovchi, Poroshenkoga — 19,19 foiz, Timoshenkoga — 13,75 foiz saylovchi ovoz bergan.

Ukraina xalq deputati Mustafa Nayyem tasdiqlashicha, prezidentlikka nomzodlar Vladimir Zelenskiy va Yuliya Timoshenko prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida birlashish bo‘yicha muzokara o‘tkazganini ma'lum qildi.

«Kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, Yuliya Timoshenko va Vladimir Zelenskiy shtablari prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida kuchlarni birlashtirish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda. Versiyalardan biriga ko‘ra, «Batkivshchina» partiyasi rahbari Vladimir Zelenskiyni parlament koalitsiyasi tuzish to‘g‘risidagi memorandum imzolash evaziga qo‘llab-quvvatlashga tayyor», deya yozgan u.

Ukraina Markaziy Saylov komissiyasi ovoz berish yakunlarini 10 aprelga qadar e'lon qiladi. Ikkinchi tur 21 aprel kuniga belgilangan.

Mavzuga oid