Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
Bu yerda nimalar bo‘lmoqda va Ukraina platsdarmini ushlab tura oladimi?
Shimoliy Koreyadan kelgan harbiy xizmatchilar ishtiroki Rossiya qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishiga yangi impuls berdi. Endi ular Ukraina qurolli kuchlarining Rossiyaning mazkur regionidagi asosiy istehkomlariga juda yaqinlashib kelishdi.
Quyida BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernishning reportaji tarjimasi keltiriladi.
RF armiyasi Kursk oblastidagi qarshi hujumini uch oy muqaddam, sentabr oyi o‘rtalarida boshlagandi. O‘sha mahalda Ukraina Rossiyaning 1 ming km kv hududini nazorat qilayotgan, Sudja rayoni markazida o‘z komendaturasini o‘rnatgan va mudofaa chiziqlarini mustahkamlab olgandi.
Rossiya o‘z yurishining birinchi to‘lqinida ukrainlar platsdarmining chap qanotida, Korenevo va Glushkovo shaharlari atrofida oldinga siljishga erishdi, ammo Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘linmadi. Oktyabr va noyabr oylarida davom etgan ikkinchi to‘lqin ham Kremlga jiddiy muvaffaqiyatlar olib kelmadi.
Ukrain armiyasi chap qanotda Snagost daryosi, o‘ng qanotda Psel daryosi bo‘ylab mudofaa chizig‘ini qurdi va ularni ushlab turibdi.
Aynan mazkur marralarda ukrain harbiylari uzoq vaqt davomida rossiyaliklarning yoppasiga amalga oshirgan kuchli hujumlarini qaytarmoqda. Ukraina qurolli kuchlari BBC bilan suhbatda Rossiya hududini kamida yanvar oyi oxirigacha, ya’ni Amerikaning yangi prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishguniga qadar ushlab turish bo‘yicha topshiriq olgan.
Ammo dekabr oyi boshida Kursk oblastidagi harbiy harakatlarda RF tomonidan shimoliy koreyaliklar qo‘shini faol harakatlana boshlagani ma’lum bo‘ldi, bu vaziyatni Moskva foydasiga o‘zgartirishi ko‘zda tutilgan.
KXDR qo‘shini qanday harakatlanmoqda?
OAV va harbiy tahlilchilar ma’lumotiga ko‘ra, dekabr o‘rtalarida Rossiya qo‘mondonligi faollik bilan KXDR askarlarini jangga tashlay boshlagan. Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlari ham buni bilvosita tasdiqlaydi.
Noyabr oyi oxirida shtabning har kungi hisobotida frontning mazkur uchastkasida 20 ga yaqin to‘qnashuv qayd etilgan bo‘lsa, 15 dekabrga kelib bu raqam ikki baravarga ortgan. Keyingi hafta davomida esa bu miqdor taxminan shu darajada qolgan va faqat 22 dekabrga kelib pasayib, kuniga 27 ta to‘qnashuvgacha tushgan.
Bu, katta ehtimol bilan, qo‘shin katta yo‘qotishlarga uchragani hamda kuch va resurslarni tiklash zarurati yuzaga kelgani bilan bog‘liq.
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shimoliy koreyalik askarlar 14 dekabrdan RF dengiz piyodalari hamda havo-desant qo‘shinlari bo‘linmalari tarkibida Kursk oblastidagi shturm harakatlariga jalb etila boshlangan.
Bu vaqt ichida ularning jang maydonida oldinga yurishiga, shuningdek yaralangani va halok bo‘lganiga oid bir necha foto va videoguvohliklar paydo bo‘ldi. Ukraina rasmiylari esa Rossiya qo‘mondonligi shimoliy koreyalik harbiylarga RF pasportlarini bergani va ularning jangdagi ishtiroki faktini maskimal darajada yashirishga urinayotganini aytishmoqda.
Janubiy Koreya razvedkasi KXDRning Kursk oblastida so‘nggi bir hafta davomida kechgan faol harbiy harakatlardagi yo‘qotishlarini 1,1 ming kishiga baholagan, bu esa RF hududiga kelgan harbiylarning 10 foizini tashkil etadi. Janubiy Koreya hukumati Pxenyan Moskvadagi ittifoqchilariga yanada ko‘proq askar va qurollar taqdim etishni rejalashtirganini xabar qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 23 dekabr kuni kechqurungi videomurojaatida KXDRning yo‘qotishlari allaqachon 3 ming kishini tashkil etayotganini ma’lum qilgan. U shuningdek Shimoliy Koreyadan Rossiya armiyasi uchun qo‘shimcha askarlar va harbiy texnikalar yuborilishi ehtimoli haqida gapirgan.
Shimoliy koreyaliklarning bu qadar ko‘p yo‘qotishlari ular jang maydonida qo‘llayotgan taktika bilan bog‘liq bo‘lishi mmkin.
Ukrain harbiy bo‘linmalari e’lon qilgan videoyozuvlarda KXDR harbiylari tezlik bilan hujumga o‘tayotgani, ammo ochiq maydon bo‘ylab bir saf bo‘lib, zirhli texnikalar yordamisiz va amalda hech qanday himoyasiz harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.
Ular ukrain pozitsiyalariga yetib olishga urinmoqda, ammo artilleriya va dronlar orqali o‘qqa tutilmoqda.
Shunga qaramay, bunday «serxarajat» taktika Rossiyaga Kursk oblastidagi jang maydonida ma’lum taktik yutuqlarga erishishga imkon bermoqda.
Frontda nimalar bo‘lmoqda: ikki tomondan bosim
Ammo avvaliga Ukraina tomoni 50-60 ming harbiy deb baholagan Rossiya-Koreya guruhi qaysi asosiy yo‘nalishlar bo‘ylab hujum qilayotganini tushunib olish kerak.
Ularning asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlari platsdarmi uchun asosiy logistik qontomir hisoblangan Sumi-Sudja trassasiga chiqishdir. Rossiya qo‘shini unga janubi-sharqiy yo‘nalishdan harakatlanmoqda, bu yo‘lda dekabr boshida ular trassadan 13 km masofada, Psel daryosi sharqiy sohili tomonda joylashgan Plexovo qishlog‘ini egallab olgandi.
Mazkur aholi yashash punkti nazoratga olingach, rossiyaliklar va KXDR qo‘shini qarshisidan suv to‘sig‘ini kechib o‘tish vazifasi chiqdi. Ukrainlarning DeepState tahlil markazi onlayn-xaritasiga ko‘ra, ular hozirga kelib bunga muvaffaq bo‘lgan va Psel daryosi g‘arbiy sohilidagi Kurilovka va Maxnovka qishloqlari atrofida harbiy harakatlar boshlanib ketgan.
Bunday «yorib o‘tish» haqida rossiyaliklarning resurslarida ham yozilgan. Masalan, Rossiyadagi Readovka harbiylashgan nashri RF armiyasi yaqin vaqtlar ichida Sudja chekkalaridagi Goncharovka va Rubanshchina posyolkalariga chiqishni rejalashtirayotgani haqida yozgan.
Rossiya va KXDR qo‘shinlari bunga parallel ravishda ukrainlarga qarama-qarshi chap qanotdan ham bosim o‘tkazmoqda. Bu tomonda ularning asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlarining Malaya Loknya posyolkasidagi muhim istehkomiga yetib kelishdir. Dekabr oyi o‘rtalarida ular Malaya Loknyadan 2-3 km masofada joylashgan Kruglenkoye posyolkasiga kirib keldi. Bu yerda hozirda og‘ir janglar bo‘lib o‘tmoqda.
Agar Ukraina bu istehkomini boy beradigan bo‘lsa, unda o‘z qo‘shinini Kursk platsdarmining shimoliy qismidan, xususan, Pogrebki, Russkoye Porechnoye va Cherkasskoye Porechnoye qishloqlaridan olib ketishiga to‘g‘ri keladi.
Rossiya yurishining yana bir yo‘nalishi — Ukraina chegarasi bo‘ylab shimoldan janubga qarab davom etmoqda. RF mudofaa vazirligi 11 dekabr kuni bu hududda Darino qishlog‘i nazoratga olingani haqida xabar bergandi.
Bu shuni anglatadiki, rossiyaliklar Snagost daryosini kechib o‘tishga va ukrain mudofaasiga suqilib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning keyingi nishoni Sumi-Sudja trassasidan 10 km masofadagi Sverdlikovo qishlog‘i bo‘lishi mumkin.
Logistika uzib qo‘yiladigan bo‘lsa, Ukraina qurolli kuchlari qo‘shni davlat hududidagi platsdarmni ushlab turishining imkoni bo‘lmay qoladi.
Kursk oblastidagi yurishlarning uchta to‘lqini Rossiyaga avgustda egallab olingan hududlarning teng yarmini qaytarib olish imkonini berdi, ammo muhim yo‘nalishlarda Ukraina mudofaasini qulata olmadi.
Buni Ukraina qurolli kuchlari bu yerga eng kuchli bo‘linmalari, xususan, desant-shturmchi bo‘linmalarini joylashtirgani, shuningdek, minalashtirilgan hududlardan iborat yetarlicha samarali to‘siqlarni barpo eta olgani bilan izohlash mumkin.
Bu rossiyaliklar shaxsiy tarkib va texnikalarda jiddiy yo‘qotishlarga uchrashiga hamda yurish sekinlashishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, ukrainlar g‘arbning uzoq masofali raketa tizimlari orqali dushmanning Kursk oblastidagi logistik markazlari va dislokatsiya punktlariga samarali zarbalar berishga muvaffaq bo‘ldi.
Avstraliyalik harbiy ekspert va iste’fodagi general Mik Rayan qayd etishicha, o‘tgan haftadagi shiddatli janglarga qaramay, rossiyaliklarning yutuqlari «minimal miqdordagi hududlarni qaytarib olish» bilan cheklangan.
Ukraina qurolli kuchlari RF va KXDR qo‘shinlarini qachongacha to‘xtatib tura oladi? BBC’ning Ukraina harbiy rahbariyatidagi suhbatdoshi ular Kursk oblastida yana bir oy turib berishiga ishonch bildirgan.
Mavzuga oid
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024