Jahon | 21:29 / 01.04.2019
19012
4 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan 12 yoshli bola eng yaqin do‘sti yordamida olti yildan beri maktabga qatnab o‘qimoqda

Foto: Sichuan online

Xitoydagi ikki do‘st hikoyasi "Yaxshi do‘st boshingga kulfat tushganda bilinadi", degan maqolga hayotiy misoldir.

Xitoyda yashovchi nogironligi bo‘lgan bola o‘zining eng yaqin do‘sti va sinfdoshi tufayli olti yil davomida maktabdagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmoqda. 12 yoshli Syuy Binyan quyoshli kunda ham, yomg‘irli kunda ham do‘sti Chjan Tszeni maktabga ko‘tarib keladi. Syuy, shuningdek, do‘stiga sinflar o‘rtasida harakatlanishga va tushlik qilishga ham ko‘maklashadi.

Xinhua agentligi Xitoyning janubi-g‘arbidagi Sichuan provinsiyasi Meyshan shahridagi ikki o‘quvchi o‘rtasidagi ajoyib do‘stlik hikoyasi bilan bo‘lishdi.

Chjanga nisbatan bo‘ydor va kuchliroq Syuy OAV vakillari bilan suhbatda do‘stiga suyanchiq bo‘lish uning o‘ziga yoqishini aytgan. Syuyning aytishicha, Chjanni ko‘tarish u qadar qiyin emas.

"Mening vaznim 40 kilogrammdan ortiqroq, Chjanning vazni esa bor-yo‘g‘i 25 kilogramm, shuning uchun uni bemalol ko‘tarish mumkin", - deydi Syuy.

Foto: Sichuan online

Chjan esa, o‘z navbatida, do‘stining bunday yordamini munosib ravishda qaytara olmasligidan xijolat. 

"Syuy Binyan mening eng yaxshi do‘stim. U har kuni men bilan birga o‘qiydi, suhbatlashadi va o‘ynaydi. Doim menga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun undan juda minnatdorman", - deydi Chjan.

Bugunga kelib Syuy va Chjan - oltinchi sinf o‘quvchilari. Chjan 4 yoshligida unda kamdan-kam uchrovchi mushaklar kasalligini aniqlashgan. Bedavo kasallik tufayli Chjan oyoqlari mushaklarini nazorat qila olmay qolgan. Shu bois u mustaqil ravishda harakatlana olmaydi.

Do‘sti Syuy unga o‘z yordamini taklif qilganidan keyin u boshqa bolalar singari maktabga qatnash imkoniga ega bo‘ldi.

Mahalliy nashrlar bilan bo‘lgan suhbatda Syuy muhtojlarga yordam berishni o‘z burchi deb bilishini aytgan.

"Men do‘stimdan jismonan kattaroqman. Unga men yordam bermasam, hech kim yordam bermas edi", - deydi u.

Shunday bo‘lsa-da, birgalikda harakatlanish ular uchun har doim ham oson kechmaydi. Masalan, bolalarning bir sinf xonasidan 70 metr narida joylashgan hojatxonagacha borishi uchun odatda uch daqiqa ketadi.

Zinapoyali joylarda esa Syuy Chjanni yelkasida ko‘tarib o‘tadi.

Syuy, shuningdek, do‘stiga uyga berilgan vazifalarni bajarishga ham ko‘maklashadi. Bunday do‘stlik, shubhasiz, sodiqlik, sabr-qanoat va qat'iylikni talab qiladi.

Uch yil davomida Chjanga Syuydan tashqari yana bir o‘quvchi do‘sti yordam bergan. Biroq uchinchi sinfda u bu maktabdan ketgan.

Manbada ta'kidlanishicha, Syuy ko‘p yillardan buyon ezgu ishlarni bajarishda davom etgan va hech qachon o‘qituvchilari yoki sinfdoshlariga shikoyat qilmagan. U o‘zini mehnatkash, yordamga shay va tarbiyali o‘quvchi sifatida namoyon qilgan.

Ancha vaqtgacha hatto Syuyning onasi ham o‘g‘lining do‘stiga ko‘mak berishi haqida bilmagan. Ayolning aytishicha, uning kamtar o‘g‘li oila davrasida bunday ishlari bilan maqtanmagan, uning o‘zi ham bu haqida o‘g‘lining sinfdoshlaridan eshitgan.

Syuyning kelajakdagi eng katta orzusi - ulg‘aygach, atrofdagi muhtojlarga yordam berishda davom etish va jamiyat uchun foydali ish qilish.

Mavzuga oid