Jamiyat | 21:04 / 01.04.2019
10071
3 daqiqa o‘qiladi

Tamara Xonimning 113 yilligi nishonlandi

O‘zbek raqs san'atining beqiyos ustasi bo‘lgan Tamara Xonim hamon hayotdek, oramizda yashab kelayotgandek. Chunki uning takrori yo‘q san'ati har bir yurtdoshimiz qalbidan mustahkam joy egallagan.

Tamara Xonim 1906 yil 29 martida Artyom Sergeyevich Petrosyan va Anna Nikolayevna Anibekova oilasida dunyoga keladi. Boshqa millat vakili bo‘lsada, Tamara Xonim butun umr o‘zbeklar bilan bir jonu-bir tan bo‘lib yashadi, shu millat san'atini chuqur egalladi.

U 1921 yilda Mulla To‘ychi Toshmuhamedov tavsiyasiga ko‘ra «Sharofatxon» taxallusi bilan chiqishlar qiladi. 1924 yilda Moskva teatri artistlari tomonidan tashkillashtirilgan «Sharq oqshomi» dasturlarida birinchi marta «Tamara Xonim» nomi bilan sahnaga chiqadi.

1935 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Xalq raqslari bo‘yicha dunyo festivalida ustozi Usta Olim Komilov bilan birga Oltin medalga sazovor bo‘ladi.

Chet elliklar bu ajoyib ayol qaysi millat vakilasi ekanligini tushuna olishmagan. Kelib chiqishi arman, o‘zi esa o‘zbek mahallada katta bo‘lgan Tamara Xonim har bir chet el safaridan uyiga yangi raqs olib kelarkan, unga batamom sho‘ng‘ib ketardi. Uning ijodiy g‘alayonida 86 xalq raqsi jamlandi. Tamara nafaqat raqsi, balki turli xalqlarga xos o‘zgacha qadam tashlashlari, yuz imo-ishoralari, tana harakatlari bilan ajralib turardi. Raqs liboslari, grim va u ijro etgan raqs shu darajada o‘zgarar ediki, bu ajoyib ayolni ko‘rgan har bir xalq uni o‘z vatandoshi deb o‘ylardi.

2019 yilning 30 martida prezidentning bevosita tashabbusiga asosan, «Tamara Xonim» uy-muzeyining 2019 yilgi rejasiga muvofiq san'atkorning 113 yilligi keng nishonlandi. Unda nafaqat O‘zbekiston san'ati arboblari, balki xorijdan tashrif buyurgan ko‘plab mehmonlar ham ishtirok etishdi. O‘zbekiston Xalq artisti Mansur Toshmatov, O‘zbekiston xalq artisti Viloyat Oqilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Dilorom Omonullayeva, Tamara Xonimning Ozarboyjondan ataylab tashrif buyurgan nabirasi Qorako‘z xonimlar shular jumlasidandir.

Mavzuga oid