Jahon | 14:43 / 03.04.2019
6362
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya sobiq bosh vaziri millionlab dollar mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblanmoqda

Foto: EPA

Malayziya oliy sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Najib Razzoqning mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, SRC International davlat investitsion fondidan 47 mln ringgit ($11,5 mln) pulni o‘zlashtirishda ayblanishi bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rishni boshladi. Bu haqda CNA telekanali xabar berdi.

Sobiq bosh vazirga jami yettita ayblov qo‘yilgan bo‘lib, ulardan uchtasi bo‘yicha 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda rotang tayoqlari bilan savalash jazosi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima solinishi ham mumkin. 

Shu bilan birga avvalroq ayblovchi tomon vakili Gopal Ram SRC International fondidagi korrupsiya bo‘yicha ish sobiq bosh vazir ustidan bo‘ladigan yirik sud ishining boshlanishi ekanligini ma'lum qilgandi. May oyida 1MDB davlat investitsion fondidagi o‘g‘irliklar bo‘yicha yana bir sud ishi boshlanadi. O‘tgan yili prokuratura Najibni 42ta modda bo‘yicha 681 mln dollardan ortiq pulni o‘zlashtirishda ayblagan.

2009 yilda bosh vazir bo‘lgan Najib Razzoq energetika, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi investitsion loyihalar uchun mo‘ljallangan 1MDB fondini tashkil etgandi. 2015 yilda The Wall Street Journal gazetasi Najibning hisob raqamida fond hisob raqamidan o‘tkazilgan 700 mln dollar mablag‘ borligi haqida shov-shuvli maqola e'lon qildi.

Hukumat avvaliga buni rad etdi, ammo surishtiruv boshlashga majbur bo‘ldi. Natijada korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi Najib hisob raqamlarida 700 mln dollar borligini tan oldi. Bosh vazirning o‘zi esa bu pullar Saudiya Arabistoni qiroli oilasidan yordam ekanligini aytdi.

Mavzuga oid