Jahon | 14:53 / 10.04.2019
15447
6 daqiqa o‘qiladi

Putin va Erdo‘g‘an muzokarasi: Suriya, AES, "Turk oqimi", iqtisodiy va harbiy hamkorlik

Foto: Aleksey Nikolskiy/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kremlda muzokaralar olib bordi. Ikki davlat rahbarlari nimalar borasida kelishib olishgani haqida Kun.uz sharhida o‘qing.

"Akkuyu" AESi va "Turk oqimi"

Rossiya prezidenti Turkiyadagi "Akkuyu" atom elektr stansiyasi qurilishini ikki mamlakatning energetika sohasidagi muhim loyihalardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AESning birinchi bloki 2023 yilda, Turkiya Respublikasining yuz yillik yubileyiga ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Putin shuningdek, "Turk oqimi" gaz o‘tkazgichini ishga tushirishga tayyorgarlikka ham e'tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, gaz o‘tkazgich shu yil ishga tushishi uchun Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi qabul terminali qurilishini yakunlash lozim.

Erdo‘g‘an "Turk oqimi"ning quruqlikdan o‘tadigan qismi yil oxirigacha qurib bitkazilishini bildirdi. 

Rossiya va Turkiya prezidentlari gaz narxini ham muhokama qilishdi. Putin Anqara ma'lum bir narxni aytayotganini, "Gazprom" esa gaz narxini bozordan kelib chiqib belgilashini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Turkiya bozorini qadrlaydi va shu bois bu borada umumiy qarorga kelinadi.

Iqtisodiy hamkorlik

Putin Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi savdoni kengaytirish rejalari haqida ham so‘z yuritdi. Uning fikricha, hozirda mavjud cheklovlarni bekor qilish bunga yordam beradi.

U turk investorlarining Rossiya bozoriga qiziqishi haqida gapirar ekan, Turkiya Tatariston iqtisodiyotiga ikki milliard dollarga yaqin investitsiya kiritganini aytdi. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi qariyb 16 foizga o‘sgan va 25,5 milliard dollardan oshib ketgan.

Harbiy hamkorlik

Rossiya prezidenti harbiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdi.

"Birinchi o‘rinda gap S-400 "Triumf" zenit raketa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani amalga oshirish haqida bormoqda", — dedi Putin.

U shu bilan birga Turkiyaga harbiy mahsulotlar yetkazib berish bo‘ycha boshqa loyihalar ham borligini ta'kidladi.

Viza rejimi

Rossiya va Turkiya prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi viza rejimini butunlay bekor qilish istiqbolini ham muhokama qilishdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu Suriya muammosi hal bo‘lganidan so‘ng amalga oshishi mumkin.

Hozircha ikki davlat rahbarlari xizmat pasportiga ega Turkiya fuqarolari Rossiyaga vizasiz kelishlariga kelishib olishdi.

Suriya masalasi

Turkiya prezidenti Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolish zarurligini aytdi.

"Biz Suriyada Rossiya bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz, terrorchi unsurlar borligi sababli ishimiz murakkab kechmoqda... Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolish juda muhim. Hamkorligimizni aynan mana shu yo‘nalishda saqlab qolishimiz lozim", - dedi Erdo‘g‘an.

Milliy valutalarda hisob-kitob

Turkiya prezidenti Rossiya bilan savdo sohasida imkon boricha tezroq milliy valutalarda hisob-kitob qilishga o‘tishni istayotganini bildirdi.

"Milliy valutalarda hisob-kitob qilishga o‘tish muzokaralarimizning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi, ammo hozircha ko‘zlangan natijaga erisha olmadik. Istagimiz – Rossiya bilan milliy valutalarda hisob-kitob qilishga tezroq o‘tish", - dedi Erdo‘g‘an Putin bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Yaqin o‘tmishga nazar

2015 yilning 24 noyabrida Suriya hududida Rossiya Harbiy-koinot kuchlarining Su-24 rusumli bombardimonchi samolyoti turkiyaliklar tomonidan urib tushirilgandi. Turkiya tomoni bu samolyot o‘z havo hududini kesib o‘tganini iddao etdi. Rossiya esa samolyot faqat Suriya hududida bo‘lganini ta'kidladi.

Putin ushbu voqeani "ortdan berilgan zarba" deb atagan va Turkiyaga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar kiritgan edi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashdi.

Oradan yetti oy o‘tgach, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an samolyot urib tushirilgani uchun uzr so‘rab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yozdi. Rossiya rahbariga yo‘llangan maktubda Turkiya rahbari Anqaraning Rossiya bilan munosabatlarni barbod qilishni istamasligi haqida ham yozilgandi.

2017 yil 10 mart kuni Erdo‘g‘an Kremlda Putin bilan uchrashuvi yakunidagi matbuot anjumanida Rossiya va Turkiya Su-24 bilan bog‘liq muammolarni ortda qoldirgani haqida gapirdi.

“Biz o‘sha voqea ortidan yuzaga kelgan barcha ig‘voli harakatlar hamda barcha muammolarni yengib o‘tdik”, dedi u.

2017 yil noyabrida Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng esa Rossiya prezidenti Moskva va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar to‘liq hajmda qayta tiklanganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid