O‘zbekiston | 11:47 / 12.04.2019
10837
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Strategik rejalashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: Dreamstime

«Strategik rejalashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilish uchun e'lon qilindi.

Strategik rejalashtirish – mamlakat, uning mintaqalari, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsadli parametrlari, ustuvor vazifalarini belgilash, buning uchun zarur dastur va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, deb yozadi Norma.

Ushbu mexanizmning asosiy prinsiplari hamda davlat boshqaruvi organlari: Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa respublika organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilanmoqda.

Strategik rejalashtirish hujjatlari uchta darajada ishlab chiqiladi.

Hujjatning har bir turi mazmuni va ishlab chiqish tartibi qonun loyihasida bayon etilgan. Ular o‘zaro muvofiq kelishi, ziddiyatlar va takrorlashlar bo‘lmasligi kerak. O‘rta muddatli strategik hujjatlar (3 yildan 5 yilgacha) uzoq muddatlilariga (5 yil va undan ortiq), qisqa muddatlilari (1 yildan 2 yilgacha) o‘rta muddatlilariga muvofiq kelishi shart.

Strategik hujjatlarni amalga oshirish algoritmi belgilanmoqda. Ijrochi yoki yordamchi ijrochi bo‘lgan har bir davlat organi chora-tadbirlar rejasini (odatda, 3 yillik) tasdiqlaydi. Davlat, mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish prognozlari va konsepsiyalarining ilmiy jihatdan asoslanganligini Strategik rejalashtirish bo‘yicha ekspert kengashi aniqlaydi. U Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etiladi. O‘z navbatida, Vazirlik hujjatlarni baholash va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.

Strategik rejalashtirish hujjatlarining loyihalari e'lon qilinib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar ko‘rib chiqiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid