O‘zbekiston | 15:16 / 12.04.2019
153140
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga mas'ul bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimlari, vazirlik va mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda hukumat va Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, axborot xavfsizligini ta'minlashga oid tizimli ishlarni tashkil qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda axborot xizmatlarining nufuzini oshirish, Agentlik tizimiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, matbaa va noshirlik, kutubxonachilik sohasini zamonaviy uskunalar bilan ta'minlash va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish masalalari alohida qayd etildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda, shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga va Agentlik jamoasiga yangi rahbariyat tarkibi tanishtirildi – Agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Komil Ismoilovich Allamjonov, direktorning birinchi o‘rinbosari Avazbek Jabborkulovich Xodjimetov, direktor o‘rinbosarlari etib Saida Shavkatovna Mirziyoyeva hamda G‘ayrat Nazarovich Bozorov tasdiqlandi.

Saida Shavkatovna Mirziyoyeva
Avazbek Jabborkulovich Xodjimetov
G‘ayrat Nazarovich Bozorov

S.Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas'ul bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, Agentlik axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Mavzuga oid