Jamiyat | 17:12 / 15.04.2019
3792
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyoda barqaror energetika» xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

12 aprel kuni «O‘zbekenergo» AJ raisi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining energetika bo‘yicha bosh direktorati tomonidan tashkil qilingan «Markaziy Osiyoda barqaror energetika» xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. 

Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi «O‘zbekistonda elektr energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasi” taqdimoti bilan chiqish qildi. Taqdimotda mamlakatda energetika sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Konferensiyada Yevropa va xalqaro tuzilmalarning yuqori lavozimdagi vakillari Markaziy Osiyo nafaqat energetik loyihalar nuqtai nazaridan katta qiziqish uyg‘otayotganligini, balki xorijiy investitsiyalarni jalb etish markaziga aylanayotganligini bir necha bor qayd etishdi. 

Yevropa tashqi aloqalar xizmatining Rossiya, Sharqiy hamkorlik va Markaziy Osiyo bo‘yicha departamenti direktori Lyuk Devinning ta'kidlashicha, 2019 yil o‘rtalarida tasdiqlanishi rejalashtirilgan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasida barqaror rivojlanish alohida o‘rin egallaydi. Bundan tashqari, YeI mintaqa mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuvlarning yangi bosqich ustida ish olib bormoqda.

Savol-javoblar sessiyasida O‘zbekistonning Belgiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilyor Hakimov O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni yuzasidan tushuncha berdi.

Mavzuga oid