O‘zbekiston | 20:42 / 22.12.2022
17397
16 daqiqa o‘qiladi

“Har qanday ijtimoiy yordam bevosita fuqaroning qo‘liga berilishi kerak” - Otabek Bakirov bilan suhbat

Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida kelasi yil O‘zbekiston iqtisodiy hayotida kutilayotgan yangiliklarga munosabat bildirdi.

– Prezident erkin energetika bozoriga o‘tish shart ekanini ta’kidladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami yuqori tariflardan subsidiyalar orqali himoya qilinishi aytildi. Siz energetika islohoti haqida ko‘p yozasiz. Sizningcha, subsidiyalar masalasida qanday yo‘l tutilishi kerak?

– Davlat o‘zining ijtimoiy himoya reyestri orqali kimga yordam berish kerakligini aniqlashtirib oldi. Ya’ni o‘tgan davr mobaynida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” shakllantirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va davlat o‘rtasida kontakt shakllanganiga umid qilaman. Davlat energetika islohotiga o‘tgach, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordamlar to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi kerak.

Reyestrdagi aholining elektr, gaz, suvga oid iste’molchi sifatida ma’lumotlari hukumatda bor degan umiddaman. 2022 yilning yoz oyida yuridik shaxslarga e’lon qilingan tariflarga o‘tish 1 yanvardan boshlanishi maqsadga muvofiq, bu narxlar oshishi to‘g‘ridan to‘g‘ri hali aholiga ta’sir qilmaydi. Aholiga doir ijtimoiy normalar bahor yoki yoz arafasida yuz bersa kerak. Ular shunda cho‘ntagida o‘zgarish sezishi mumkin.

Har qanday subsidiya manzilli bo‘lishi kerak. O‘rtamchilar bo‘lganda subsidiyadan manfaatdor faqat boylar bo‘ladi. Biz avtomobilsozlik, kommunal sohani subsidiyalayapmiz, ammo o‘rtada vositachi bo‘lsa, bu subsidiyalardan naf bo‘lmaydi.

Agar biz ma’lumotlar omborxonasini shakllantirib olgan bo‘lsak, har qanday yordamni to‘g‘ridan to‘g‘ri yordamga muhtojlarning qo‘liga yetkazib berishimiz kerak. Agar subsidiyalarni energetika yetkazib beradiganlarga, masalan, Andijon shahridagi 1200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining elektr tokiga to‘lovlari uchun deb beradigan bo‘lsak, bundan manfaatdorlar ijtimoiy himoyaga muhtojlar bo‘lmaydi. Pul to‘g‘ridan to‘g‘ri aholining cho‘ntagiga tushishi kerak. Shunda samaradorlik bo‘ladi.

Davlat rahbari tezislarni ma’lum qildi, mexanizmlar qanday bo‘ladi – hali bilmaymiz. Ko‘ryapmiz, Vazirlar Mahkamasi keyingi paytlar juda ko‘p rejalarni oxirgi lahzalarda e’lon qilyapti; maslahatlashmayapti, fikrlashmayapti va xatolar ham ko‘p bo‘lyapti. Xatolarni kamaytirish yo‘li sifatida yopiqlikni ko‘rishyapti.

– Kelgusi yildan mol-mulk solig‘ining bir qismi mahallada qolishi reja qilinmoqda...

– Mahalla bizda qonun bo‘yicha o‘zini o‘zi boshqarish instituti hisoblanadi. Davlat boshqaruv organlarining davomi emas. Lekin oxirgi 3 yilda, ayniqsa 2022 yilda, mahalla davlat siyosatini yuritishning bir richagiga aylandi. Buning salbiy natijalarini ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da ko‘ryapmiz. Kutilgan yuqori darajadagi natijani bermadi. Birinchi navbatda biz qonuniylikka qaytishimiz kerak: mahalla – o‘zini o‘zi boshqaradigan mustaqil institut. U o‘zining daromadlariga, xarajatlariga ega bo‘lishi mumkin, bunga hech kim e’tiroz bildirmayapti. Ammo buning uchun mahalla boshqaruv organi raisi mahalla a’zolari tomonidan mustaqil saylangan bo‘lishi kerak. O‘tgan yili oxirgi saylovlarda hokimliklarning roli haddan ziyod yuqori bo‘ldi. Avval tayinlanadigan odamlarning ro‘yxati berilib, o‘sha odamlar tayinlandi.

Ikkinchidan, hozir ayollar, yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari kiritilib, mahallalar hokimiyat vertikallari orqali boshqarilyapti. Kichik mahallalarda 2ta, kattalarida 5ta rayosat bo‘ladigan bo‘lsa, hammasi hokimiyatga bog‘liq odamlar. Aytmoqchi bo‘lganim, hokim bo‘ladimi, mahalla raisimi, unga pul berishdan oldin shu pulga nisbatan unda mas’uliyat bo‘lishi kerak. Hokimiyat oldida emas, shu pullar ishlatiladigan mahalla odamlarining oldida mas’uliyati bo‘lishi kerak. Xalqdan mandat olmagan odam, xalqning emas, hokimiyat oldida mas’uliyat sezadi. Bu masalaga yo‘l qo‘yishdan oldin mahallaning mustaqilligini qaytarishimiz kerak.

Men hali bu mexanizm qanday ishlashini tasavvur qila olmayapman. Aytaylik, Toshkentdagi 1000ta odam yashaydigan mahallada mol-mulk yoki yer solig‘idan yiliga 200 mln so‘m, kichik yoki kambag‘al mahallalarda esa 5 mln so‘m yig‘iladi. Unda boy mahallalar o‘zining pulidan yanada o‘zini yaxshiroq his etadi, kambag‘al mahallalar yana ham o‘zining kambag‘alligini his etaveradi.

Umumiy qozonning nisbiy afzalligi shundaki, boylardan ko‘proq, kambag‘allardan kamroq soliq olish va uni qayta taqsimlash orqali muvozanatni ta’minlashdir. Agar boy mahallalarda soliqning 0,1 koeffitsiyentini qoldirib, kambag‘al mahallalarga yig‘gan solig‘idan tashqari boshqa joylardan olib bersak, bu boshqa masala.

– Ammo shu paytgacha kambag‘al mahallalarda o‘zi to‘lagan soliqning bir qismi, siz aytgandek 5 mln so‘m ham bo‘lmagan-da.

– Birinchidan, bo‘lmagani rost. Aytaylik, 5 mln so‘m soliq yig‘ilsa, bu soliq bilan u mahalla nima ish qila oladi? Asosiy mohiyatni iqtisodchi sifatida tushunmayapman. Soliqning maqsadi yuqori qatlamdan olib pastki qatlamga berish. Agar hamma mahallada o‘zining solig‘ini o‘ziga qoldirsak, soliqning asosiy funksiyasini yo‘qotib qo‘yamiz.

Nazarimda, endi soliq inspeksiyasi ham mahallaga kirib keladi. Mahallaga davlatning militsiyasi, hokim vakili, ayollar, yoshlar vakili kirardi, endi soliq vakili ham kirib keladi. O‘zini o‘zi boshqarish – o‘zining muammolarini o‘zi yechishdir. Yordamga muhtoj odam mahallaga emas, davlatga murojaat qilishi kerak, yordam manzilli bo‘lishi kerak.

Mahallaning funksiyasi butunlay boshqa. Ko‘p “ruchnoy” ishlarni vaqtincha qildik deyishdi: ijtimoiy reyestrni shakllantirishda davlat mahalladan foydalandi. Endi yordamga muhtoj qatlamning ma’lumotlari davlatda bor-ku – mahalla kanali orqali ishlashning nima zaruriyati bor?

– Hukumatning 2023 yilgi rejasida davlat investitsiya dasturlari endi mahalla darajasiga tushirilishi kutilyapti. Bu haqda nima deya olasiz?

– Hozir to‘liq bu rejani tasavvur qila olmadim. Tasavvurlarim noto‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin. Ilgari davlat investitsiya dasturlari tumanlar kesimida amalga oshirilardi. Ya’ni tumanlar, keyin viloyatlar, keyin tarmoqlar kesimida bo‘lardi. Endi nazarimda shuning dastlabki qirqimi mahallalar kesimida bo‘ladi. 10 mingta mahalla bo‘lsa, shu 10 ming mahalla kesimida loyihalar amalga oshiriladi. O‘zim shunaqa tushundim. Bunda loyihalar bo‘yicha tashabbuskorlar topish, uning realizatsiyasi kabi mahallaga qandaydir vazifalar yuklanadi. Oldin har bir hokimdan investitsion loyiha topish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, endi mahallaga biriktirilgan hokim yordamchilariga shu vazifa tirkaladi.

– Bu narsa qanchalik iqtisodiy samara beradi?

– Menimcha, bu bilan iqtisodiy samaradorlik oshib qolmaydi. Chunki iqtisodiy samaradorlik bozor, rag‘bat, talab-taklif asosida shakllanadigan narsa. Nodavlat-notijorat institutlar natijasida shakllanadigan narsa emas.

Biz har safar xato qilamiz-da, shuning oqibatlarini yangi xatolar bilan yumshatmoqchi bo‘lamiz. Investitsiya dasturlarining davlat ishtirokida shakllantirilishi – xato. Biznes sub’yektlari o‘zi shakllantirishi kerak. Davlatning investitsiya dasturlaridagi roli – ta’lim, tibbiyot va infratuzilmadagina bo‘lishi kerak.

Hokim yordamchilari instituti avvalgi xatoni tuzatish uchun qilingan. Mahalla orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatishga harakat qilindi. Bu ish bermagandan keyin har bir mahallada o‘zimizning odamlarimiz bo‘lishi kerak degan xulosaga kelindi va hokim yordamchilari instituti tashkil etildi. Endi unga qo‘shimcha keyingi harakatlar boshlandi.

– Hukumat rejalari qatorida tadbirkorlik uchun tumanlar 5 ta toifaga ajratilishi, tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar, kompensatsiyalar va soliqlar toifalardan kelib chiqib belgilanishi ham bor. Iqtisodchi sifatida, bundan kutilayotgan samaradorlik qanaqa bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

– Bir yarim yil bo‘lyapti, Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlariga mana shu imtiyozlar berilgan. Agar adashmasam, aylanma soliq 1 foiz, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan. O‘zbekistonning har bir hududidagi 2tadan ijtimoiy ahvoli og‘ir tumanlariga ham shunday imtiyozlar berilgan. So‘x tumani shu jumladan. Lekin effekt berayotgani yo‘q-ku. Toshkentdagi biznes ko‘chib borayotgani yo‘q-ku. Samarqanddagi biznes o‘zining xizmatini imtiyozga ega hududlarga ko‘chirmayapti-ku. Hozir bu bilan budjet daromadlari pasayadi xolos.

Aytaylik, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani yordamga muhtoj hudud, shu yerdagi hamma soliqlarni 1 foizga tushiraylik desak, biznes Bo‘kaga ko‘chib qolmaydi. Chunki unda infratuzilma, logistika va transport bilan bog‘liq muammolar bor. Sog‘lom biznes uchun soliq imtiyozi kerak emas, unga infratuzilma, mulk huquqi, raqobat muhiti kerak. Ming soliq imtiyozi berganingiz bilan u yerda sog‘lom muhit yaratilib qolmaydi.

Oddiy IT sohasini olaylik: har bitta kompaniyada o‘zining aloqa markazlari bor. Nimaga ular biznesini Qoraqalpog‘istonga ko‘chirmayapti. Chunki bugun Qoraqalpog‘istonga uchaman desa, aviachipta yo‘q, ertaga ham, indinga ham yo‘q. Internet yaxshi emas, infratuzilma yaxshi emas, undan ko‘ra biznes qimmat bo‘lsa ham Toshkentda o‘tirishni afzal biladi. Tabaqalangan holda soliqlar pasayishi, kredit va subsidiyalar tabaqalanishi budjet daromadlarini kamaytiradi xolos.

– Kompaniyalar va tijorat banklarining aksiyalari aholi uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi. Bu borada nima deya olasiz?

– IPO'ga chiqariladigan kompaniyalar va banklar orasida butun faoliyati davomida zararga ishlab kelgan “Mikrokreditbank” ham bor. Davlatning ijtimoiy siyosatini yuritishda qurbon bo‘layotgan banklardan biri va imtiyozli kredit degan eng yomon mundarijani yaratgan banklardan biri. Bu banklar qatorida “Qishloqqurilishbank”, “Agrobank” ham sanalgan, bularning birortasining rentabelligi inflatsiyadan yuqori emas. Kim inflatsiyadan past bo‘lgan kompaniyaning aksiyasini sotib oladi?

Masalan, Qozog‘istonda eng rentabelligi yaxshi kompaniyalar taklif etilgan. O‘zimizdagiga qiyos qiladigan bo‘lsak, NKMK, OKMK, sement zavodlari darajasidagi korxonalarning aksiyalari taklif etilgan. Bizda esa eng daromadli kompaniyalar emas, investorlarning pul tikishga istagi kam bo‘lgan kompaniyalar xalq IPO'siga chiqarilyapti.

Uzoqqa bormaylik, UzAuto Motors xalq IPO'sini qilyapti. Avvaliga kompaniyaga subsidiya berib, soliqlardan ozod qilib, ko‘rsatkichlarni shishirishdi. Kompaniyaning to‘lamayotgan soliqlari va subsidiyalarini chegirib tashlasak, u – zararga ishlayotgan kompaniya.

– 2023 yilda suv ta’minoti yaxshi 1000 gektar ekin maydonlarining aholiga berilishi qaysi jihatlariga ko‘ra muhim?

– 2021 yilda 100 ming, 2022 yilda 100 ming, kelasi yilda yana 100 ming gektar yer tarqatilishi aytilyapti. G‘oyalar ezgu, ammo biz avval 100 ming gektar yer egasi – fermer, kooperativ, farqi yo‘q, kimdandir olib, boshqalarga beramiz. Ming gektar yeri bor fermerga 10 gektarini topshirasan, deyapti. Topshirmasa, qolganini ham hokim olib qo‘yadi. Ixtiyoriy 10 gektar yerini topshirishiga to‘g‘ri kelyapti. Buning qonuniyligi yo‘q.

Tumanlar qirqimida vazifa berilyapti – qaysidir fermer 2000, qaysidiri 500 gektar yerini zaxira olishi kerak. Kimdan qanday qilib oladi, bu hokimning ishi. Fermerlar orasida ham topshiriladigan yerlar hajmi bir xil emas, qaysidir fermerning 20 foiz, qaysidirining butun yeri olingan bo‘lsa, qaysidirining umuman yerlariga tegilmagan. Bu – huquqiy tarafi.

Tasavvur qiling, sizning uyingiz bor – avval koridor, keyin oshxonangiz olib qo‘yildi. Siz bu uyga nisbatan daxldorlik sezasizmi, uni ta’mirlash, jo‘mraklarini almashtirish haqida o‘ylaysizmi? To‘lovlarini o‘ylaysizmi? Siz o‘z holiga tashlaysiz va tozalashni ham to‘xtatasiz. Amalda bu holat mulkdorlarning o‘zining mulkiga nisbatan butunlay befarqlik effektini kuchaytiradi.

Tortib olinayotgan yer maydonlarining soliq, suv to‘lovlari masalasi oxiriga yetmadi. Suv ta’minoti nasoslar bilan bog‘liq masala. Bu mas’uliyat yer egalarining zimmasida qolib ketyapti. Masalan, sizning 100 gektarlik yeringiz bor, 10 gektari olib qo‘yildi. Endi siz har yili ariq va zovurlarni tozalash ishlarini ular uchun ham qilasiz. Chunki ular aytadi: bizga hokim bergan, yer bizniki, qolgani bizniki emas. Ajratib berilayotgan yer masalalari bo‘yicha suv, drenaj masalalari kimning zimmasida?

Yana 3-masala bor: ajratib berilayotgan yer 30 sotixdan boshlanyapti. 10 gektardan yerni 30 sotixdan bo‘lib berilsa, bitta konturda 34 maydon egasi bo‘ladi, bu yerga 34 xil ekin ekilishi mumkin. Yerning strukturasi qanday bo‘ladi keyin? Bitta konturda 2 xil ekin ekiladigan bo‘lsa, kelasi yil hasharotlar bilan bog‘liq masala paydo bo‘ladi. Chunki bitta o‘simlikning agrotexnikasi ikkinchisinikiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu qanday bo‘ladi? Bu jihatlarini chuqur o‘ylash kerak.

Konsentratsiya nuqtayi nazaridan yerga nisbatan samaradorlik yer maydonlari kattalashgan sari oshadi, kichiklashgani sari kamayadi. Kichik yerlardagi mahsulotlarning bir birligi katta uchastkalardagiga qaraganda doim qimmatroq yuradi. 30 sotix yer uchun alohida transport sotib olmaysiz, o‘z-o‘zidan mahsulotingiz narxi qimmat bo‘ladi. Siz faqat natural xo‘jalikda faoliyatingizni yuritishga majbur bo‘lasiz. Agrar sohaning konsensusiga ko‘ra, yer maydonlari kichraysa, samaradorlik pasayadi.

Yana bir masala: ustuvorlik daftarlarda qayd etilganlarga nisbatan bo‘lyapti. Men hali biror bir davlat kredit, yer ajratish orqali ijtimoiy siyosatni ta’minlab muvaffaqiyatga erishganini ko‘rmadim. Davlat yer ajratish yoki imtiyozli kredit ajratish orqali ijtimoiy siyosatining natijasini ko‘rmoqchi bo‘lyapti. Ammo butun dunyoda hali bunaqa tajriba yo‘q. Ijtimoiy yordam kanallar orqali, pensiya, nafaqa, ayollar oladigan nafaqalari, bola puli, ta’lim, tibbiyotga imkoniyatini oshirish orqali qilinadi.

Har xil daftarga kirgan 30-40 yoshga kirgan odamlarni o‘rtahol qatlamga aylantirib bo‘lmaydi, lekin ularning farzandlari bu qatlamdan chiqib ketishiga imkoniyat bor.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid