“Nomzod noto‘g‘ri ko‘rsatilgan!” - Norin tumanidagi mahalla aholisi raislikka nomzoddan nega norozi?
Ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan targ‘ibot va e'lonlar, ko‘chalarda ilingan bannerlarni ko‘rib, xabar topgandirsiz? Shu yilning may oyida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi o‘tkaziladi. Joylarda yana o‘n besh kundan so‘ng boshlanuvchi muhim tadbirga tayyorgarlik qizg‘in kechayotgani aniq.
Ayni paytda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalar boshchiligida joylardagi ishchi guruhlar tomonidan nomzodlar aniqlanib, ularning ro‘yxatlari shakllantirilmoqda.
O‘z nomzodi saylovga qo‘yilgan va mahallasiga oqsoqol bo‘lishni niyat qilgan insonlar o‘rtasida esa o‘ziga xos raqobat boshlangan. Ular orasida, Hamza o‘z zamonasida yozganidek: “Meni saylang!” deya sifat berish mumkin bo‘lgan jarayon ketmoqda.
Bizga ayrim joylarda ishchi guruhlar tomonidan nomzodlar tanlash bo‘yicha xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani haqida murojaatlar ham kelyapti. Ana shunday arzlardan birini o‘rganish uchun Namangan viloyati, Norin tumaniga bordik.
Bildirishlaricha, Tegirmonboshi fuqarolar yig‘ini raisligiga qo‘yilayotgan nomzodlardan biri tuman saylovga ko‘maklashuvchi komissiyasiga saylov qonunchiligiga zid ravishda tavsiya qilinib, ro‘yxatdan o‘tgan. Murojaatda, ishchi guruhining ro‘yxatiga olingan nomzod mazkur hududda yashamasligi, rais bo‘lish uchun tanish-bilishchilikdan foydalanayotgani, bundan tashqari o‘sha fuqaro saylovga nomzodini qo‘yish maqsadida 20 kun oldin o‘z ukasining uyiga “propiska”ga qo‘yilgani aytiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risidagi qonunning 17-moddasida, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma'lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi” belgilab qo‘yilgan.
Tuman hokimining o‘rinbosari Saydali Siddiqov bilan birgalikda tuman saylovga ko‘maklashuvchi komissiyasi ishlari bilan tanishdik. Tuman saylov komissiyasi raisi Hasanboy Muhiddinov bilan Tegirmonboshi mahallasida faoliyat olib borgan ishchi guruhining nomzodlikka bergan tavsiyalarni ko‘rib chiqildi.
“Ayni paytda fuqarolar yig‘inlarida ishchi guruhlar tomonidan mahalla oqsoqoli bo‘lishga loyiq deb topilgan nomzodlar ustida ish olib borilmoqda va tavsiya xatlari taqdim etilyapti. Komissiya tomonidan fuqarolar yig‘inlarida saylov o‘tadigan kun, joy va soati bo‘yicha aniq jadvallari tuzilgan”, -deydi komissiya raisi.
Murojaatda aytilgan Tegirmonboshi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan saylovga qo‘yilishi ko‘zda tutilayotgan nomzodlar bo‘yicha tavsiya xati bilan tanishdik.
Darhaqiqat, Tegirmonboshi mahallasida faoliyat yuritgan Sherzod Usmonov boshchiligidagi ishchi guruhning tuman komissiyasiga yuborgan tavsiya xatida to‘rt nomzod ko‘rsatilgan. Ulardan biri sifatida xuddi arznomada ko‘rsatilganidek Otabek Nishonov nomzodi qayd etilgan edi.
Komissiya raisi mazkur tavsiya hech narsani anglatmasligi va raislikka nomzodlarning saylovda ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi saylovga 10 kun qolganida tuman hokimi bilan kelishuvdan so‘ng aniq bo‘lishini ta'kidladi. “Aynan mana shu nomzodning noto‘g‘ri qo‘yilganligi haqida menga ham rosa ko‘p murojaatlar bo‘lyapti. Ayni paytdagi tavsiya xatlari hech narsani hal qilmaydi. Men aniq aytamanki, Otabek Nishonov nomzodi saylov bo‘ladigan kuni ro‘yxatda bo‘lmaydi!” - deydi mutasaddi.
Ko‘p yillik tajribaga ega, saviyasi yuqori ekanligi bilinib turgan Hasanboy akaning bu gaplariga ishondik. Tuman saylovga ko‘maklashuvchi komissiya rahbarligi o‘ta mas'uliyatli vazifa va jamoatchilik asosida olib boriladi. Fidoyilik talab qiladigan yumush. Balki, komissiya raisiga mana shu nomzodni qo‘shish haqida kimdandir, yuqoridan “taklif” bo‘lgandir.. Bu bizga qorong‘i edi.
Biroq biz fuqarolar yig‘iniga saylanishi ko‘zda tutilgan va Respublika ishchi guruhi bilan 30 mart kuni suhbatdan o‘tganlik haqidagi yana bir ro‘yxatda - Tegirmonboshi fuqarolar yig‘inidan ikkita nomzod haqidagi ma'lumotnomani ham ko‘rdik. Unda ham Otabek Nishonov ismi-sharifi qayd etilgan edi.
Tortishuvlarga sabab bo‘layotgan nomzodning hujjatlari bilan tanishish asnosida uning pasportidagi yashash joyini qayd etish varag‘ida Tegirmonboshi mahallasidagi 14 uyga shu yilning 25 mart kuni qo‘yilgani haqida muhr bosilgan.
Mutasaddilar mazkur holatlarni tushunib yetgach, murojaatni mahallaning o‘ziga borib o‘rganish shart emasligini aytishdi.
Bizni bir narsa jiddiy o‘yga soldi. Nahotki, Tegirmonboshi mahallasining saylov bo‘yicha ishchi guruhi rahbari, 7-maktab direktori Sherzod Usmonov, saylov haqida Qonunning 17-moddasini o‘qimagan bo‘lsa? Axir mana shunday jiddiy xatolar oqibatida saylovlarning shaffof o‘tishiga aholida shubha uyg‘onmaydimi?
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga esa oz vaqt qolmoqda.
O‘ylaymizki, oqsoqollikka - tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan fuqarolarning nomzodlari qo‘yilib, aholi vakillari eng munosiblarini saylaydilar.
So‘zlarimni balandparvozlikka yo‘ymang... Zero, Vatan ostonadan, oiladan, mahalladan boshlanadi. Bizga yurt rivojiga hissa qo‘shadigan, aholining ishonchiga sazovor raislar zarur. Ularga berilayotgan e'tibor va mahalla oqsoqollarini qiynayotgan muammolar bo‘yicha esa nasib qilsa saylovdan so‘ng alohida fikr yuritamiz.
Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.
Mavzuga oid
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024