O‘zbekiston | 08:42 / 16.04.2019
12369
10 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning qo‘shma bayonoti matni e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2019 yilning 14-15 aprel kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabrikladi hamda Qozog‘istonning zamonaviy taraqqiyotiga va xorijiy davlatlar bilan ko‘p tomonlama aloqalarining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan davlat arbobi va xalqaro miqyosdagi siyosatchi sifatida uning katta tajribaga ega ekanligini qayd etdi.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari va strategik sheriklikni, shu jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishda Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning muhim rolini alohida ta'kidladilar.

Shu o‘rinda, prezident Q.Toqayev prezident Sh.Mirziyoyevga Qozog‘iston olib borayotgan, o‘zbek-qozoq munosabatlarini va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosiy kursning davomiyligini ta'minlashga qat'iy ekanligini ta'kidladi.

Muzokaralar davomida prezidentlar an'anaviy do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik ruhida ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy masalalar, tomonlarni qiziqtiradigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qildilar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma'naviy aloqalarga, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan yaqin va mustahkam do‘stlik munosabatlarining kengayib borayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish ikki qardosh xalqning manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirdilar.

Prezidentlar 1998 yil 31 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma va 2013 yil 14 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sherikchilik to‘g‘risidagi Shartnomada mustahkamlangan prinsip va majburiyatlarga qat'iy sodiq ekanliklarini tasdiqlab, bayonot berdilar. Bayonot matni TIV tomonidan keltirildi:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik Strategiyasining izchil amalga oshirilishi ikki mamlakat strategik manfaatlarining mushtarakligi asosida iqtisodiy sohadagi o‘zaro foydali va samarali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatlar rahbarlari o‘zaro savdodagi ijobiy o‘sish sur'atini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmini 2020 yil yakuniga qadar 5 mlrd. dollarga yetkazishni, uning tuzilmasini diversifikatsiya qilishni, shuningdek, iqtisodiy kooperatsiya va investitsiyaviy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarining, shu jumladan, mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishini ta'minlashga intilishda yakdil ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar 2018 yil 16 noyabr kuni Chimkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning birinchi forumi hamda 2019 yil 15 mart kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadilar. Bunday formatlar ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy darajada o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga, savdo, investitsiyalar, logistika, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalarni barpo etish sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Prezidentlar Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatini takomillashtirish va faollashtirish, shuningdek, ikki mamlakat hukumat rahbarlarini Komissiyaning hamraislari etib tayinlash orqali uning maqomini oshirish muhimligini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosatdagi tomonlarni qiziqtirgan muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining o‘xshashligini tasdiqladilar hamda xalqlar farovonligi va Markaziy Osiyoning ravnaqi yo‘lida barqarorlik va xavfsizlik muhitini mustahkamlashga o‘zaro intilishlarini ta'kidladilar. Tomonlar Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston Respublikasining 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga muvaqqat a'zo sifatida xalqaro maydonda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy manfaatlarini ilgari surish masalalaridagi faoliyatini yuqori baholadi.

Davlat rahbarlari ikkala tomonning xalqaro tashabbuslarini BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki mamlakat pozitsiyalarining o‘zgarmasligini tasdiqladilar.

Tomonlar mintaqada va umuman, butun dunyoda vujudga kelayotgan vaziyatni baholashda umumiy pozitsiyaga ega ekanliklarini qayd etdilar hamda mintaqada xavfsizlikka nisbatan zamonaviy tahdid va xatarlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishga qaratilgan, eng avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va boshqa muammolar bilan kurashishda ham ikki tomonlama formatda, ham ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida qo‘shma chora-tadbirlar qabul qilinishi tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari Afg‘oniston Islom Respublikasining tiklanish jarayonidagi sa'y-harakatlarini birlashtirishga alohida ahamiyat beradilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Afg‘oniston iqtisodiyotining tiklanishi tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar hamda u bilan uzoq muddatli ahil qo‘shnichilik aloqalarini, shu jumladan, transport kommunikatsiyalari, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirish orqali rivojlantirish zarurligini e'tirof etadilar.

Davlat rahbarlari afg‘on rahbarligi ostida tinchilik va yarashuvga erishish sari qo‘yilayotgan qadamlarni qo‘llab-quvvatlashda mintaqaviy va xalqaro forumlarning, shu jumladan, Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi Toshkent konferensiyasining muhimligini qayd etib, xalqaro hamjamiyatning, shuningdek, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonidan manfaatdor qo‘shni davlatlarning sa'y-harakatlariga ko‘maklashish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Qozog‘iston prezidenti Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammiti 2020 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi. Tomonlar 2017 yilning sentabr oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti yakunlarini yuqori baholab, IHTning ikkinchi sammiti doirasida uning yakunlari va qarorlarining bajarilishini davom ettirishga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari mudofaa va harbiy-texnikaviy sohalarda, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va ishlanmalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashish istagini bildirdilar.

Ikki davlat rahbarlari mintaqa davlatlarining Orol dengizi havzasida muayyan dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, moliyaviy va ekologik institutlar bilan aloqalarini kengaytirish orqali Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi hamkorlikni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Sh.Mirziyoyev va Q.Toqayev O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarining madaniy, tarixiy va ma'naviy mushtarakligini qayd etib, fan, ta'lim, madaniyat, san'at, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada jadallashtirishga qat'iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Tomonlar 2018 yilda «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili»ning muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi va 2019 yil 15 aprelda «O‘zbekistonda Qozog‘iston yili»ning tantanali ochilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda bunday tadbirlar o‘zbek va qozoq xalqlarining birodarligi va ma'naviy qardoshligi, ikki mamlakatning samimiy do‘stligi va taqdirlarining uzviy yaqinligi ramzi hisoblanishini, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro anglashuv, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni chuqurlashtirishga ko‘maklashishini ta'kidladilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni, shuningdek, o‘tkazish punktlarining samarali faoliyat yuritishini ta'minlash muvaffaqiyatli olib borilayotganligini, bu esa ikki mamlakat chegara oldi hududlarining aholisi yashash sharoitlarining sezilarli darajada yaxshilanishi, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarning jonlanishi, fuqarolarning o‘zaro tashriflari faollashishiga xizmat qilganini olqishladilar.

Ikki davlat prezidentlari o‘z hududlarida istiqomat qilayotgan boshqa tomon xalqlarining etnik, til va milliy madaniyatini saqlash va rivojlantirish uchun hamkorlikni mustahkamlash, ularning vakillari Tomonlar qonunchiligiga muvofiq ommaviy-siyosiy, madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi rahbarlari imzolangan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy asoslarni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, butun o‘zbek xalqiga iliq qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston rahbarini o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lishga taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.

Mavzuga oid