O‘zbekiston | 08:21 / 18.04.2019
12079
5 daqiqa o‘qiladi

«Ifloslantiruvchi to‘laydi». Qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha strategiya tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi, 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi:

aholining qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta'minlashga yo‘naltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me'yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish;

sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.

Quyidagilar Strategiyaning asosiy prinsiplari etib belgilandi:

Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;

qattiq maishiy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida ular bilan amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan nazoratni ta'minlovchi qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruriyatini belgilovchi “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish;

tanlov asosida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

Strategiya quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilandi:

birinchi bosqich (2019-2021 yillar) – qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning samarali tashkil etilishini ta'minlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta'lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta'minotini yaratish;

ikkinchi bosqich (2022-2028 yillar) – qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash obektlarini qurish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, quyidagi maqsadli indikatorlarga erishish:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta'minlash;

o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;

barcha poligonlar holatini o‘rnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta'minlash.

2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Mavzuga oid