O‘zbekiston | 15:38 / 19.04.2019
9498
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi: hamkorlikda o‘tkazilgan jangovar mashg‘ulotlar yakunlandi

Kecha, 18 aprel kuni Surxondaryo viloyatida 16 aprelda boshlangan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotining yakuniy — asosiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Kun davomida o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar uchta nuqtada — “O‘zbekiston—Turkmaniston—Afg‘oniston”, “O‘zbekiston—Tojikiston—Afg‘oniston” chegaralari tutashgan hududda hamda “Hayraton” ko‘prigida o‘tkazildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jangovar harakatlar mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev hamda Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Ruslan Mirzayevning bevosita rahbarligi ostida muvofiqlashtirildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jangovar operatsiyalar ssenariysiga ko‘ra, O‘zbekiston chegarasini shartli noqonuniy qurolli guruhlar tomonidan buzib o‘tish holatini tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hududiy bo‘linmalari ularga qarshilik ko‘rsatish bilan birgalikda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalariga, xususan, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlariga tegishli signal berildi. Operatsiya rejasiga muvofiq xavfni bartaraf etish uchun qo‘shinlar tezkor jangovar shay holatga keltirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining kuch va texnika vositalari ishtirokida shartli jangarilar kirib kelgan hudud harbiy texnikalar yordamida o‘rab olindi hamda ular turli qurollardan jangovar o‘t ochish orqali yo‘q qilindi. Maxsus guruhlar Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy vertolyot yordamida voqea joyiga yetkazildi va hudud sinchkovlik bilan tekshirildi. Chegara qo‘shinlariga qarashli katerlar orqali quruqlikdagi “dushman”ga zarba berildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shundan so‘ng, hududda uchuvchisiz uchish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalari yordamida tozalash va kuzatish ishlari amalga oshirildi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid