Bo‘stonliqda velosport bo‘yicha Osiyo chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
23 aprel kuni Toshkent viloyatining Chorbog‘ suv omborida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, Osiyo Velosport Konfederatsiyasi (ASS) prezidenti Osama Ahmad Al-Shafar, xorijlik mehmonlar, sport jamoatchiligi hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
«Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda sport sohasini yanada rivojlantirish, iste'dodli sportchilarni kamol toptirish uchun bir qator ishlar amalga oshirilayotganini, buning samarasida nufuzli xalqaro turnirlar, jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida sportchilarimizning yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotganini ta'kidlashdi. Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, ular o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e'tibor qaratilayotgani, aholi o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan velosportni yanada ommalashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlar qilinayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi», deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Ma'lumot uchun, ushbu musobaqa o‘smirlar, kattalar va paralimpiyachilar o‘rtasida tashkil etilib, unda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Vetnam, Hongkong, Malayziya, Filippin, Tailand, Mo‘g‘uliston, BAA, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman va Livan kabi 40ga yaqin mamlakatdan kelgan 500 nafardan ortiq velopoygachilar ishtirok etadi.
Osiyo chempionatida erkaklar va ayollar 2020 yilda Tokioda bo‘ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun ham o‘zaro raqobatlashadi.
Osiyo chempionati Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Toshkent – Chimyon – Sijjak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab o‘tkaziladi.
Musobaqa doirasida, 25 aprel kuni Xalqaro hamkorlik markazida Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan antidoping seminari bo‘lib o‘tadi. Ushbu seminarda 40ga yaqin davlat vakillari ishtirok etadi. 26 aprel kuni Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi ham o‘tkaziladi.
Bundan avvalroq 22 apreldan 28 aprel kuniga qadar Toshkent viloyati hududida velosiped sportining shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi ayrim yo‘llarda hafta davomida avtomobil harakati to‘xtatilishi ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
17:48 / 11.12.2024
O‘zbekiston boks bo‘yicha Osiyo chempionatida tengsiz bo‘ldi
17:23 / 13.08.2023
«Zakovat» o‘yini bo‘yicha Osiyo ochiq chempionati birinchi kun natijalari
19:17 / 13.06.2023
Shamsiddin Vohidov shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi
14:02 / 10.05.2023