Sport | 19:17 / 13.06.2023
19476
2 daqiqa o‘qiladi

Shamsiddin Vohidov shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi

Qozog‘istonda o‘tkazilgan turnirda u birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda 18 ta davlatdan, jumladan, Qozog‘iston, Xitoy, Hindiston, Eron, Filippin, Shri-Lanka, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va O‘zbekistondan kelgan 127 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Shaxmat bo‘yicha «Osiyo qiroli» unvoni o‘zbekistonlik grossmeyster Shamsiddin Vohidovga (FIDE reytingi - 2583) nasib etdi, u 7 ochko to‘plab, musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Kumush medalni eronlik grossmeyster Bardiya Daneshvar (2555), bronza medalni qozog‘istonlik shaxmatchi Alisher Suleymenov (2463) qo‘lga kiritdi. Har ikkala sportchi 6,5 ochko to‘pladi.

Shu bilan birga, ochiq blits turnirda qozog‘istonlik 20 yoshli Aristan Isanjulov chempion bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida yana bir qozog‘istonlik 18 yoshli Kseniya Balabayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida Olmaota shahar hokimi o‘rinbosari Asem Nusupova, shuningdek, Osiyo shaxmat federatsiyasi prezidenti Shayx Sulton bin Xalifa Ol Nahayon ishtirok etdi.

Endi musobaqaning eng yaxshi olti ishtirokchisi, jumladan Shamsiddin Vohidov ham 29 iyuldan 26 avgustgacha Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon kubogida ishtirok etadi. Musobaqa finalchilari jahon shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yo‘l oladi. Uning g‘olibi jahon chempioni, xitoylik Din Lijen bilan shaxmat toji uchun bahslashadi.

Mavzuga oid