Sport | 13:20 / 26.04.2019
26259
2 daqiqa o‘qiladi

Bobo-Usmon Baturovda ham oltin medal, O‘zbekiston muddatidan oldin birinchi o‘rinni kafolatladi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida havaskor bokschilar o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionatida final uchrashuvlari davom etmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasining yana bir vakili Bobo-Usmon Baturov -69 kg vazn toifasida final jangini o‘tkazdi. Yaponiyalik Sevonrets Okazavaga qarshi ringga ko‘tarilgan Baturov jangda o‘z ustunligini namoyish qildi va yutuqlari qatoriga qit'a chempionligini ham qo‘shib qo‘ydi.

Osiyo chempionatini saralash bosqichidan boshlagan Baturov dastlab mo‘g‘ulistonlik Bayarku Ganbaatarga qarshi o‘tkazib, uni muddatidan avval mag‘lub etgandi. O‘zbekiston vakili nimchorak finalda eronlik bokschi Sajjar Kazemzadaposhtiriga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Chorakfinalda esa qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov, yarimfinalda hindistonlik Ashish mag‘lub etildi.

Shu tariqa, O‘zbekiston vakillari finallarda 100 foizlik natija qayd etishmoqda. Biroz avval terma jamoaning yengil vazndagi vakillari Nodir Mirzahmedov (-49 kg) hamda Mirazizbek Mirzaxalilov (-56 kg) ham finalni muvaffaqiyatli o‘tkazishgan edi.

Qayd etish kerakki, uchinchi oltin medal O‘zbekiston terma jamoasiga muddatidan oldin erkaklar o‘rtasidagi bahslarda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishi uchun yetarli bo‘ldi - finalga O‘zbekistondan 5 nafar, Qozog‘iston va Hindistondan 4 nafardan bokschi chiqqandi, ammo O‘zbekistonning medal jamg‘arishdagi asosiy raqibi Qozog‘iston medallar sifati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qolishi ma'lum bo‘lib ulgurdi.

Birozdan so‘ng og‘ir vaznli bokschilar ham ringga chiqishadi:

-91 kg: Sanjar Tursunov (O‘zbekiston) – Xyong Kyu Kim (Janubiy Koreya)

+91 kg: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Kamshibek Konkabayev (Qozog‘iston)

Mavzuga oid