Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrovni qabul qildi
Bugun, 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasidagi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-majlisida qatnashish doirasida mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori sur'at bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.
O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
«Tomonlarning siyosiy irodasi va oliy darajadagi faol muloqot o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
Bugungi kunda savdo, investitsiya, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida qo‘shma loyihalar, shuningdek, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hududlararo aloqalar salohiyati ro‘yobga chiqmoqda.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, BMT, ShHT, MDH va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari va Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari ham muhokama qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Sergey Lavrov Rossiya O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirishga ko‘maklashish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb etish borasidagi faol sa'y-harakatlariga yuksak baho berishi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat xalqlarining farovonligi, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot yo‘lida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qat'iy intilishlari alohida ta'kidlangan.
Mavzuga oid
13:37 / 06.12.2024
Kaya Kallas Maltada Lavrov bilan muloqot qilmaydi
12:14 / 06.12.2024
GFR TIV rahbari: Lavrovning YeXHTdagi bayonotlari - chidab bo‘lmas yolg‘on
11:11 / 20.11.2024
Lavrov: RF hududiga ATACMS zarbasi - eskalatsiya haqida signal
14:01 / 15.11.2024