Jahon | 12:14 / 06.12.2024
6526
3 daqiqa o‘qiladi

GFR TIV rahbari: Lavrovning YeXHTdagi bayonotlari - chidab bo‘lmas yolg‘on

Rossiya tashqi ishlar vaziri Maltadagi konferensiyada G‘arb davlatlari Ukrainada urush qo‘zg‘atayotgani va bu «kengroq harbiy mojaro»ga olib kelishi mumkinligini aytdi. 

Foto: AP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 5 dekabr, payshanba kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi (YeXHT TIVK) yig‘ilishidagi nutqini «chidab bo‘lmas yolg‘on» deb atadi. «Siz o‘zingizni aldashingiz mumkin, lekin bizni, YeXHT davlatlaridagi 1,3 milliard odamni alday olmaysiz», dedi Berbok Lavrovga.

Rossiya vazirining so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari «Ukrainada urushni qo‘zg‘atmoqda va YeXHT nazoratini o‘z qo‘liga olmoqda». «Bularning barchasi qaynoq bosqichga o‘tishi mumkin», deb ochiqchasiga tahdid qildi Lavrov. Uning nutqi davomida Latviya, Litva, Estoniya, Polsha va Chexiya vakillari majlis zalini tark etishdi. O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Lavrovning bayonotlarini «dezinformatsiya sunamisi» deb atadi.

Polsha TIV rahbari: Lavrov Maltaga RFning Ukrainaga hujumi haqida yolg‘on gapirish uchun kelgan

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy avvalroq Lavrov bilan muzokara stoliga o‘tirmasligini, chunki u Maltaga «hujum va Rossiya Ukrainada nima qilayotgani haqida yolg‘on gapirish uchun» kelganini aytgan edi. «Va men bu yolg‘onlarga quloq solmayman», dedi Sikorskiy jurnalistlarga.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidagi chiqishida Lavrovning ismini tilga olmay, uni harbiy jinoyatchi deb atadi. «Ukraina mavjud bo‘lish huquqi uchun kurashni davom ettirmoqda va bu stolda o‘tirgan rossiyalik harbiy jinoyatchi bilishi kerak: adolat g‘alaba qozonadi», dedi Sibiga va Lavrovning ushbu uchrashuvda ishtirok etishi «Yevropadagi hamkorlikka tahdid» ekanligini aytdi.

«Bizning tinchlik rejamiz shunday: Rossiya Ukrainani tark etishi va bizni yolg‘iz qoldirishi kerak», — dedi Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbari. Rossiya nafaqat Ukrainaga qilingan hujum tufayli, balki Eron va Shimoliy Koreya bilan harbiy hamkorlik qilgani uchun ham jahon xavfsizligiga eng katta tahdiddir, dedi Andrey Sibiga.

Mavzuga oid