Jahon | 10:20 / 26.11.2024
3875
3 daqiqa o‘qiladi

DHL reysi qulashi: Berbok «gibrid hodisani» istisno etmayapti

Germaniya tashqi ishlar vaziri Vilnyusda DHL yuk samolyotining qulashi bilan bog‘liq vaziyatda «gibrid hodisa» haqida gapirish mumkinligini istisno qilmadi. Germaniya Litva hukumati bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Foto: D. Umbraso / LRT

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning DHL logistika konserni yuk samolyotining Vilnyusda qulashi va bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan vaziyatda «gibrid hodisa» haqida gapirish mumkinligini istisno qilmadi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbarining 25 noyabr, dushanba kuni aytgan so‘zlarini Reuters agentligi keltirdi.

«Biz — litvalik va ispaniyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda bu baxtsiz hodisami yoki [...] boshqa gibrid voqeami, hozir qanday notinch vaqtlarda yashayotganimizni ko‘rsatishimiz kerak», — deya ta’kidladi Berbok.

«Germaniya hukumati Litva rasmiylari bilan nima bo‘lganini tushunish uchun juda yaqin hamkorlik qilmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Litva mudofaa vaziri: Tergov «taxminan bir hafta davom etishi mumkin»

Litva mudofaa vaziri Laurinas Kaschyunas, o‘z navbatida, «hozircha bu qo‘poruvchilik yoki terrorchilik harakati ekanligini tasdiqlovchi hech qanday alomat yoki dalil yo‘q», deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, falokat sabablarini o‘rganish «taxminan bir hafta» davom etishi mumkin, deb xabar berdi AFP.

Litva Davlat xavfsizlik departamenti direktori Daryus Yaunishkisning ta’kidlashicha, Rossiya «borgan sari tajovuzkor» bo‘lib borayotgan bo‘lsa-da, «terrorizm holatini istisno etib bo‘lmaydi», «biz hozircha hech qanday xulosa chiqara olmaymiz yoki (hech kimga) barmoq bilan ishora qila olmaymiz».

Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite ijtimoiy tarmoqlarni tergovda «shoshilinch xulosalar chiqarishdan saqlanishga» chaqirdi.

Germaniyaning aviatsion hodisalarni tergov qilish federal boshqarmasi Litva tergov organlarini voqea joyida qo‘llab-quvvatlamoqda.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Germaniya va Ispaniya elchilari (uchuvchilardan biri Ispaniya fuqarosi) bilan birgalikda falokat joyiga tashrif buyurib, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi.

Mavzuga oid