Sport | 16:06 / 03.05.2019
20102
21 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Kevin de Bryuyne Sterling, Mourino, Gvardiola va o‘zini yig‘latgan voqea haqida

Men rostgo‘y odamman. Shuning bir kichik sirni ochay. «Manchester Siti»ga kelgunimcha, bu Rahim Sterling ismli yigitcha haqida hech narsa bilmasdim. U bilan ro‘para kelmaganman, gazeta yoki internetda o‘qib bilganlarimdan xulosa qiladigan bo‘lsam, u mendan butkul farq qilardi. O‘ylardimki...

Ha, aytib qo‘ya qolay, uni yomon bola deb o‘ylamaganman, albatta. Ammo nashrlarda uning juda kalondimog‘ deb yozishardi. Undan futbol yulduzi chiqishiga ishonmasdim.

Rahim bilan juda yaqinlashib ketdik, chunki ikkovimiz ham deyarli bir vaqtda klubga keldik va matbuotda biz haqimizda faqat salbiy fikrlar chiqardi. Bir paytlar mendan «Chelsi» voz kechganini, Rahim esa pul uchun «Liverpul»ni tark etganini yozishardi. Biz bilan qiyin bo‘lishini taxmin qilishgandi.

Albatta, o‘zing haqida bunday gaplarni o‘qib, hayron bo‘lasan – rostdan ham bu menmi? Men injiq odam emasman. Bo‘lmagan gap. Bu odamlar meni tanishmaydi ham. Lekin bilasizmi, boshqa futbolchilar haqida shunday gaplarni o‘qiganda, beixtiyor bu ta'sir qiladi, unga bo‘lgan munosabatlarda aks etib qoladi.

Nihoyat, «Manchester Siti»ga kelganimda, Rahim bilan ko‘rishdim. Mashg‘ulotlardan keyin biroz gaplashdim va xayolimdan o‘tdi: «To‘xta, axir bu ajoyib yigit-ku? Muammo nimada?»

Aslida, futbolda ham, uning tashqarisida ham yaqin do‘stlarim kam. Kimdir bilan yaqin bo‘lishim uchun juda ko‘p vaqt kerak bo‘ladi odatda. Biz Rahim bilan do‘stlashib ketdik, sababi, bolalarimiz bir paytda dunyoga kelgandi. Shu tariqa men uni, ancha aqlli va samimiy insonni yaqindan taniy boshladim. U gazetalarda yoziladigan Rahimdan butunlay farq qiladi. Haqiqiy Rahim men futbolda uchratgan eng yaxshi, kamsuqum insonlardan biridir.

Bir kuni gaplashib o‘tirganimizda, Rahim to‘satdan, «o‘rtoq, seni ilgari umuman boshqacha tasavvur qilgandim. Qanaqadir uyatchan, g‘alati bolaga o‘xsharding. Unaqa emas ekansan-u?», deb qoldi.

«Ha, men unchalik hazilkash emasman»

«Ha. Men haqimda qanaqa o‘ylaganding?»

«Rostini aytaymi? Ancha kibrli deb bilardim»

«Iye, tentakmisan?»

«O‘zing-chi? Men g‘alati ekanman-da?».

Bu ham bir dars. Tajribamdan kelib chiqsak, futbolchilar siz o‘ylagandan yoki u haqida yozilganlaridan ancha farqli bo‘lib chiqishlari mumkin. Ayniqsa, yaqindan tanishganingda...

Men biroz g‘alati ko‘ringanimning ham sababi bor. 16 yoshimdan doim boshimda qora bulutlar turardi. Men sizlarga o‘z hikoyamni aytib beraman, lekin iltimos, o‘zim haqimda gapirish men uchun eng qiyin narsa ekanini ham hisobga oling. Men sizlar bilan soatlab futbol haqida gaplashishim mumkin, lekin shaxsiy hayot haqida borganda, menga qiyin...

Tabiatim shunaqa. O‘ylaymanki, ba'zilaringiz meni yaxshi tushunasizlar.

Bolaligimda juda sokin va uyatchan bo‘lganman. Do‘stlarim ham bo‘lmagan. Faqat futbol yordamida «gapirardim», maydon tashqarisida shu qadar yopiq edimki, mendan birorta so‘z ololmasdingiz. Maydonda esa, juda qiziqqon bo‘lganman. David Silvaga «men ham gapirsam maylimi?» deb baqirganim video bor edi-ku internetda.

Ko‘pchilik mazza qilib kulgandi, bilasizmi, bolalikdagi voqealar bilan solishtirsa, bu oddiy suhbat, xolos.

Yoshligingda ba'zi harakatlaring boshqalar tomonidan boshqacha tushunilishidan ko‘p aziyat chekasan, men bu yo‘lni eng og‘ir tomondan bosib o‘tganman. O‘n to‘rt yoshimda hayotimni o‘zgartirib yuborgan muhim qarorni qabul qilganman. Menda Genk akademiyasiga kirish imkoniyati tug‘ilganda, rad etmadim. U yer Belgiyaning narigi chekkasida bo‘lsa-da, ota-onamga aytdim va bir o‘zim otlandim.

Balki ko‘pchilik uchun o‘n yoshda bunday o‘zgarishga rozi bo‘lish, ayniqsa, men kabi, hatto o‘z shahrida ham yopiq hayot kechirgan bola uchun, tentaklik tuyular, ammo mening ham javobim bor – futbol o‘ynaganimda qolgan barcha narsalar keyingi darajaga aylanardi. Sodda qilib aytganda, bu mening hayotim.

Dastlabki yili oddiy yotoqxonada, bittagina karavot, stol va rakovinasi bo‘lgan kichkina xonada yashadim. Keyingi mavsumda esa, bir oila uyiga olib ketdi. Bizga o‘xshagan bolalarga yaqin atrofdagi oilalar uyidan joy berar, boqar, klub esa ularga buning uchun pul to‘lardi. Men ikki sherigim bilan bir xonadonda yashay boshladik. Hayot tarzimiz birmuncha yaxshilandi.

Asosiy vaqtimni yakka o‘zim xonada o‘tkazar, lekin hammasi joyida edi. Maktabda yaxshi o‘qiyman, ko‘chada uzoq yurmayman, janjallar, urishlar yo‘q. Muammo yo‘q. Yil tugagach esa, narsalarimni yig‘ishtirib, «oilam» bilan xayrlashdim.    

«Ta'tildan keyin uchrashamiz. Yaxshi dam olib kelgin», – deb kuzatib qo‘yishdi ular.

Ammo uyga kelishim bilan onamning yig‘lab o‘tirganini ko‘rdim. Men kimdir vafot etibdimikin, deb qo‘rqib ketdim ham.

«Nima bo‘ldi?»

Onamning javobi mening keyingi hayotimda juda muhim rol o‘ynadi.

«Ular sen qaytishingni xohlashmayapti»

«Nimalar deyapsiz?»

«Sen yashagan xonadon egalari u yerga yana borishingni istashmayapti»

«Nima? Nima uchun?»

«Shunaqa bo‘lganing uchun. Aytishlaricha, sen judayam jim yurar ekansan. Sen bilan muomala qilish qiyin ekan. Xaraktering og‘ir ekan».

Men hayron qoldim. U oila menga umuman bu haqida og‘iz ochmagandi, hech qanday muammo bo‘lmagandi. Men o‘z xonamda yashar, hech kimni bezovta qilmasdim. Ketayotganimda qo‘l silkib kuzatishdi, hammasi joyida edi. Keyin esa, klubga borib, meni rad qilishibdi. 

Bu mening faoliyatimga ham ta'sir ko‘rsatishi mumkin edi. Chunki klubda men yulduz emasman, bunday gaplar klubdagilar uchun ham yoqmasligi tayin. Endi ulg‘ayayotgan paytimda xarakterim og‘ir ekani ularni ham o‘ylantirib qo‘yishi tabiiy. Klub oilamga boshqa xonadonga men uchun pul to‘lamasliklarini aytishdi va men yana eski yotoqxonaga qaytishga majbur bo‘ldim. Bu xuddiki, axloqsiz bolalar uchun mo‘ljallangan internatga o‘xshardi.

Onamning yig‘lagani, men esa to‘pni olib, ko‘chaga, bir o‘zim to‘p tepadigan hovliga chiqib ketganim esimda. Birgina so‘z mening qalbimga qattiq muhrlandi – «shunaqaliging uchun!». Bu so‘zlar tinmay miyamda charx urar, soatlab to‘p tepib, o‘zimga o‘zim aytardim: «Hammasi yaxshi bo‘ladi, ikki oy o‘tib men birinchi jamoaga o‘taman. Uyga omadsiz sifatida qaytmayman. Nima bo‘lsayam».

Ta'tildan so‘ng Genkka qaytdim. To‘g‘risi, u yerda hech kim emasdim. Ammo mashg‘ulotlarga zo‘r berdim. Ichimdagi otashni so‘ndirib bo‘lmasdi. Hammasi o‘zgargan o‘sha kunni eslayman. Juma kuni edi. O‘yinni zaxirada boshladim, ikkinchi bo‘limda maydonga tushganimda esa, jinni bo‘lib qolgandim. 

Birinchi gol!

«Ular seni istashmayapti!»

Ikkinchi gol.

«Sen haddan tashqari sokin ekansan»

Uchinchi gol.

«Xaraktering juda og‘ir, deyishibdi»

To‘rtinchi gol.

«Ular seni istashmayapti»

Beshinchi gol.

«Shunaqa bo‘lganing uchun»

Bir bo‘limda beshta gol urib tashladim. Shundan keyin ko‘p narsa o‘zgardi. Rostan ham ikki oy o‘tmasdan, birinchi jamoaga o‘tishni uddaladim. Tabiiyki, klub ham uyimdagilarga, yangi xonadon uchun to‘lov qila olishini xabar berdi. Hammasi yaxshi bo‘lgan paytda boshqalarning senga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarishini ko‘rish, haqiqatan ham, juda qiziq.

Aytdim-ku, baribir tepamda doim qora bulutlar aylanavergan. «Genk»ning yosh o‘yinchisi bo‘lib yurganimda va hatto «Chelsi»ga o‘tgan paytlarimda ham, Belgiya matbuotida men haqimda salbiy fikrlar chiqishda davom etardi. Ko‘pincha, o‘sha meni rad qilgan oilani eslashar va mening og‘ir xarakterli ekanimga urg‘u berishardi.

Bir tomoni haqiqat, rostdan ham men ba'zida portlab ketaman, ayniqsa, maydonda. O‘zimni bosib turib, birdaniga o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman va odatda besh soniya o‘tib yana xotirjam tortaman. Bularning hammasiga sabab bitta – futbol o‘ynashni juda xohlayman.

«Chelsi»daligimda Joze Mourino bilan yomon munosabatimiz haqida yoza boshlashdi. Aslida, u bilan faqat ikki marta gaplashganman, xolos.

2012 yilda men «Verder»ga o‘tdim va mavsumni juda yaxshi o‘tkazdim.

Yozda «Chelsi»ga qaytganimda, bir qator nemis klublari meni sotib olishga rozi edi. Klopp meni «Borussiya»da ko‘rishni istadi, chunki ularning o‘yin uslubi menga juda mos tushardi. Shuning uchun men ham «Chelsi» meni qo‘yib yuborishini istadim.  

Keyin Mourino menga «Sen qolasan. Jamoamning bir bo‘lagi bo‘lishingni istayman», deb sms yubordi. Yaxshi. Demak, men uning rejalarida borman. Zo‘r.

Yig‘inlarda hammasi yaxshi edi. Mavsum boshidagi ilk to‘rt o‘yinning ikkitasida asosiy tarkibda maydonga tushdim va hammasi joyida deb o‘ylay boshladim. U qadar zo‘r o‘ynamagan bo‘lishim mumkin, lekin yaxshi o‘ynadim. Lekin to‘rtinchi o‘yindan keyin hammasi tugadi. Zaxiraga mixlandim va menga boshqa imkon taqdim etilmadi.

Ha, o‘zimdayam xatolar bo‘ldi. APL futbolchisi o‘zini bunday vaziyatlarda qanday tutishi kerakligini bilmasdim. Muxlislar ko‘p narsani bilishmaydi, masalan, agar murabbiyning rejalarida bo‘lmasang, mashg‘ulotlarda senga unchalik e'tibor qaratishmaydi. Xuddi shu holatga hozir tushsam, menga muammo emas, o‘zim shug‘ullanib ham, kerakli formani ushlab tura olaman. Ammo 21 yoshda bu haqida bilmaysan. «Suindon Taun»ga qarshi kubok uchrashuvida menga yana bir imkoniyat berilganda, formadan chiqib ketib qolgandim. Bu men uchun yakun edi.

Dekabrda Joze meni xonasiga chaqirdi va aytishim mumkinki, hayotimdagi ikkinchi burilish nuqtasi ro‘y berdi. U oldiga bir qator qog‘ozlarni qo‘yib olgandi va birini o‘qiy boshladi.

«Bir to‘p uzatish. Gol yo‘q. O‘nta to‘p egallash».

Uning nima qilayotganini angladim. Keyin u boshqalarning statistikalarini keltira boshladi. Villian, Oskar, Mata, Shyurrle... «Besh gol, 10 uzatish...» shu kabi...

Joze mendan izoh kutayotgandi va men aytdim.

«Ammo bularning aksariyati 15-20 o‘yinda qatnashdi, men esa, atigi uch o‘yinda o‘ynadim. Ko‘rsatkichlar farq qilishi tabiiy-ku?».

G‘alati. Biz biroz gaplashdik va meni yana biror jamoaga ijaraga berish kerak, degan to‘xtamga kelindi. Mata ham uning rejalariga kirmasdi va Joze aytdiki, agar Mata sotilsa, men oltinchi emas. beshinchi tanlov bo‘larkanman.

«Men klubga kerak emasligimni his qilib turibman. Men futbol o‘ynamoqchiman. Sotib yuborsangiz yaxshi bo‘lardi» – men imkon qadar rostini aytdim.

Menimcha, Jozega bu yoqmadi, lekin nazarimda, men o‘ynashim kerakligini ham tushunib turardi. Oqibatda «Chelsi» meni sotishida muammo tug‘ilmadi. Londonliklar menga sarflangan puldan ikki barobar ko‘proq pul olishdi va shu tariqa «Volfsburg»ga borib qoldim.

U yerda hammasi o‘zgarib ketdi. Faqat futbolda emas. Yonimda bo‘lajak rafiqam ham bor edi. Uning yordamida ko‘p jihatdan shakllandim. Aytib bergani biroz uyalyapman, ammo u bilan qanday tanishganimiz ham qiziq. Mayli, hech narsani yashirmaslikka va'da berganim uchun ham aytaman.

Birgina tvitdan boshlandi. U paytda hali «Verder»da ijarada o‘ynar, tvitterda ham bir necha ming folloverim bor edi, xolos. O‘yin haqidami, boshqami, nimadir yozdim va bir chiroyli qiz «layk» bosdi. Yonimda o‘tirgan sherigim buni ko‘rib qoldi va menga u qiz juda chiroyli ekanini va javob yozishim kerakligini ayta boshladi.

«Yo‘q, yo‘q. Men yoqimtoy emasman. Odamlar meni tushunmaydi. U qiz javob ham bermasa kerak» deb qo‘rqdim.

U telefonimni olib qo‘ydi va o‘zicha bir nimalar deb yoza boshladi. «Nima qilay, jo‘nataymi?»

Yo‘q, desam, xuddi qo‘rqoqqa o‘xshab qolardim. Xo‘p, jo‘nataver. Tasavvur qiling, o‘zimcha katta futbolchi bo‘lmoqchiman, lekin bitta qizga sms jo‘natgani dadillik yetishmaydi. Baxtimga, sms ketdi va u menga javob berdi. Biz bir necha oy yozishib yurdik. U hayotimni o‘zgartirib yubordi, ochig‘i, usiz qanday yashar edim, bilmayman. Afsuski, odamlar futbolchilarning rafiqalari haqida ancha yengil taassurotda bo‘lishadi, ammo rafiqam hayotimdagi eng muhim insondir. U 19 yoshida mening orzularimni ruyobga chiqarish uchun men bilan ketgandi va mana shu yo‘limda u doim yonimda turgan.

2015 yilgi transfer oynasi paytida biz ilk farzandimizni kutayotgandik. «Manchester Siti», «PSJ» va «Bavariya» meni o‘z safida ko‘rishni istar, lekin bu oilamiz uchun juda og‘ir paytlar edi. Farzand kutayotgan yosh oilamiz va biz qayerda yashashimiz haqida biror aniq gap yo‘q, chunki transferim borasida mavhumlik hukm surardi. Ikki hafta davomida agentim menga bir safar «hammasi hal bo‘lgan» desa, ertasiga «to‘xta, kelishuv yo‘q bo‘ldi» deb turardi.

Bular rafiqamga ta'sir qildi. Bir kuni ertalab u o‘zini juda yomon his qila boshladi. Nima qilishni bilmasdik. Balki homilaga biror narsa bo‘ldimi, deb qo‘rqa boshladik. Rafiqam og‘irlashdi, qon keta boshladi. Menimcha, hayotimdagi eng yomon daqiqalar edi – kasalxonaga bordik, bolamizni yo‘qotdik, deb o‘ylay boshladik. Men palata eshigi tagida o‘tirar, qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Shu o‘tirganda transfer haqida o‘ylay boshlaysan va hammasi ostin-ustun bo‘lib ketadi. Xayriyatki, bolamizga hech narsa qilmadi, hammasi yaxshi yakun topdi.     

Oilamsiz qanday yashardim, bilmayman. Men bilan sodir bo‘lgan barchasi, futboldagi yutuqlarim ham aslida, rafiqam va bolalarim bilan solishtirganda hech narsa. O‘sha kun navbatdagi tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Tushundimki, futbol hayot va mamot masalasi emas ekan. To rafiqamni uchratib, oila qurib, farzandlar ko‘rmagunimcha, 23 yil men shunday o‘ylab kelganman, lekin endi, hech qayerga yakka o‘zim borishim kerak emasligini tushundim. Oila – hamma narsa.

«Manchester Siti»ga o‘tganimdan keyin hammasi zo‘r bo‘lib ketdi. Ayniqsa, Pep. Biz o‘xshash odamlarmiz. Rostini aytganda, u mendan battar futbol jinnisi. Biz – futbolchilar, o‘yin paytida juda kuchli psixologik stressni boshdan kechiramiz, ammo o‘ylashimcha, Pep bizdan ikki barobar ko‘p siqilardi. Chunki u uchun faqat g‘alaba kifoya qilmasdi, u doim mukammallikka intilardi.

U bilan ilk uchrashganimda u meni yoniga o‘tirishga taklif qildi va aytdi: «Kevin, meni tingla. Sen bemalol dunyoning eng yaxshi besh futbolchisidan biri bo‘lishing mumkin. Eng yaxshi beshtalik. Bemalol».

Pep bu gaplarni shu qadar ishonch bilan aytdiki, mening ruhiyatim o‘zgarib keldi. Menimcha, u - daho. Chunki endi men uning haq ekanini isbotlashni xohlayotgandim.

Odatda futbol – qo‘rquv va negativ. Ammo Pep bilan hammasi faqat ijobiy tus oladi. U o‘z oldiga erishish umuman ilojsiz bo‘lgan bir qator maqsadlar qo‘yadi. U taktika qiroli, to‘g‘ri, ammo ko‘pchilik uning qay darajada bosim ostida bo‘lishini, bu bosimni Pepning o‘z o‘ziga qo‘yib olishini, mukammallik yo‘lida qanday yashashini bilishmaydi.

Mavsum men uchun qiyin kechdi. Jarohatlar, o‘tkazib yuborilgan o‘yinlar, oson emas. O‘yinni tomoshabinlar qatorida tomosha qilish men uchun barcha qiynoqlardan ham og‘irroq.

Rafiqam ham buni tasdiqlaydi – uning aytishicha, mening aqlim joyida emas. Biz birga yetti yil yashadik va u hech qachon mening yig‘laganimni ko‘rmagan. Hatto ta'ziyalarda ham yig‘lamayman. Lekin «Fulhem» bilan o‘yinda tizzamdan jarohat olganimda, shifokorlar qanchadir vaqt maydonga tusha olmasligimni aytishdi. Dahshat. Hatto o‘z kiyimingni birovning yordamisiz kiya olmasliging. Og‘ir damlar edi. O‘sha paytlarda xotinim ikkinchi farzandimizni kutayotgandi.

U tug‘ruqxonadan qaytganida qo‘ng‘iroq qildim va bu yangilikni aytmoqchi bo‘ldim.

«Bola qalay? Hammasi joyidami?»

«Hammasi yaxshi. Sen yig‘layapsanmi?».

Menimcha, ko‘zimda yosh ham bor edi.

«Ha, menda yomon yangilik bor», – dedim men, - «Yana tizzam. Bir necha hafta maydonga tusha olmas ekanman. Xullas, endi uch bolaga o‘zing qarashingga to‘g‘ri keladi».

Shu gaplarni aytayotib, rostdan ham yig‘lab yubordim. Bu nima edi bilmayman, o‘g‘limiz tug‘ilgani uchunmi yoki maydonga tusha olmasligimmi... Bilmadim, lekin telefon kamerasiga qarab ho‘ngrab o‘tirishim, rostdan ham kulgili chiqqan bo‘lsa kerak.

Xotinim ko‘zlariga ishonmasdi.

«Sen to‘yimiz kuni yig‘lamading. O‘g‘illaring tug‘ildi, yig‘lamading, kechagina tug‘ildi axir?!»

Nazarimda, ortiqcha gapga hojat yo‘q. To‘y, o‘lim, tug‘ilish? Hech narsa. Men qoyaman. Ammo mendan futbolni tortib olsangiz. Yo‘q, chidolmayman. 

Mavzuga oid