Past Darg‘omda ko‘zi ojiz pensionerning uyi oldidagi ko‘prikni kim va nima uchun buzdi?
Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Shombuloq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi, 60 yoshli ko‘zi ojiz pensioner Gulsara Hasanovadan murojaat kelib tushdi.
Ma'lum bo‘lishicha, G.Hasanovaning uyi oldidan o‘tgan ariqni 18 mart kuni qazib, kengaytirish bahonasida «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi G‘ulom Hojimamatovning buyrug‘i bilan ariq ustidagi ko‘prik buzib tashlangan.
G.Hasanovaning farzandlari Rossiya Federatsiyasida mehnat migratsiyasida bo‘lib turishibdi, bu ko‘prikni qayta tiklash uchun sharoitiyam, imkoniyam yo‘q.
«Kelgan odam yaxshilik qilish, yordam ko‘rsatish o‘rniga menga zarar yetkazib ketaveradimi?» — dedi G.Hasanova yig‘lamsirab.
Mahalla faollaridan biri, sobiq fermerning hikoya qilib berishicha, bu ariq 2–2,2 metr kenglik va chuqurlikda qazilgan. Holbuki bu ariqdan bor-yo‘g‘i 50 gektar dala suv ichadi. Boz ustiga, ariq yangi qilib qazilgach, garchi sug‘oradigan joyning o‘zi bo‘lmasa ham, bir hafta mobaynida ariq to‘ldirib suv haydalgan va suv toshib odamlarning uyini suv bosgan.
Xo‘p, ariq aholi zich istiqomat qilayotgan hududda behudaga kengaytirilgan, deyishmoqda. Endi o‘zingiz o‘ylang, biror yosh bola o‘ynab kelib, ariqqa tushib cho‘kib ketsa nima bo‘ladi? Uning xunini kim to‘laydi? Holbuki, bu ariq yosh bola u yoqda tursin, katta odamni ham oqizishga qodir bo‘lib turibdi.
G.Hasanovaning aytishicha, u qizi yetovida tuman prokuraturasiga ushbu masala yuzasidan borib, Mutal ismli xodimga uchrashgan. Prokuraturada ularning arizasi qabul qilinmagan. Bu ish bilan tuman suv xo‘jaligi boshqarmasi shug‘ullanishini aytgan. «Sizlar vodxozga — Mahmud akaning oldiga o‘taveringlar, orqalaringdan yetib boraman», deb aldagan sektor uchun mas'ul prokuratura xodimi. Suv xo‘jaligi boshqarmasi xodimlari ham «boramiz, dalolatnoma tuzamiz», deb ko‘zi ojiz ayaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib yuborishgan.
Mahalla profilaktika inspektoridan yordam so‘rashganda «Fermerga men nima deya olaman, u odamga mening gapim o‘tmaydi», deya javob qaytargan.
Ayaning «Xalq qabulxonasi»ga murojaati esa yo‘lsozlar qo‘liga tushgan. Ular kelib, dalolatnoma tuzib, «bu bizning ishimiz emas», deb qaytib ketishgan.
Qizig‘i shundaki, qishloqdagi boshqa insonlarning uyi oldidagi ko‘priklar buzilmagan. Chunki kengaytirilayotgan ariq ustidagi ko‘prik ostini uyning egalari o‘zlari tozalab berishgan. Fermer ko‘zi ojiz ayolning uyida erkagi yo‘qligini (turmush o‘rtog‘i vafot etgani, o‘g‘illar Rossiyadaligi) ko‘ra-bila turib, ko‘prikni buzdirib tashlagan.
«O‘g‘illarim shu yerda bo‘lganida buza olishmasdi. Mahalla fuqarolari yig‘inidan rais va posbon kelib, to‘xtatish o‘rniga «sening ko‘prigingga odam topib kelaylikmi, senga muttaham emasmiz», deb baqirib ketishdi», — deydi G.Hasanova.
Ko‘prik buzilganidan keyin bir hafta o‘tgach ariqdan suv oqqan. «Shuncha vaqt ichida birortasini yollab tozalatgan bo‘lardim», — deydi aya. Ustiga-ustak, shunchalik chuqur qilib qazilgan ariqdan suv oqib, baribir odamlarning uyini suv bosgan. Bunisi endi hech qanday qolipga sig‘masa kerak.
Kuzatmoqdamiz: Past Darg‘om tumanida 2019 yil boshidan risoladagidan boshqacharoq qonun-qoidalar amaliyotga joriy etilmoqda. Uning biror bandida: «tumanning ko‘zi ojiz fuqarolari ko‘chaga chiqmasligi kerak; hech kimga xalaqit bermasdan o‘z uyida o‘tirishi kerak», degan qoida ham bo‘lsa kerak, hoynahoy.
P.S. Past Darg‘omda «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi G‘ulom Hojimamatov va tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyevdan arz qilayotgan fuqarolar talaygina. Biz keyingi chiqishlarimizda Kun.uz muxbirlari o‘rgangan boshqa murojaatchilarning murakkab ahvolidan paydar-pay hikoya qilamiz.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
09:54 / 12.12.2024