O‘zbekiston | 14:40 / 22.12.2024
2480
6 daqiqa o‘qiladi

Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?

Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar «muzlab» turgani, shartnomalar asosan quruvchi manfaatiga xizmat qilayotgani oxirgi yillarning eng og‘riqli muammolaridan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hali qurilmagan binolardan xonadon sotib olishda aholi mablag‘larini himoya qilishni kafolatlovchi tizim ustida ishlamoqda. Bu tizim qanday ishlashi haqida Kun.uz mas’ullardan izoh oldi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqayotgan yangi tizim orqali fuqarolarning pul mablag‘lari bank vositachiligida ishonchli developerga beriladi. Bunda quruvchi ishning 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi, qolgan 70 foizini bank qoplaydi. Mazkur platformaga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1970-yillarda ko‘plab xorijiy davlatlarda joriy etilgan va muntazam ravishda takomillashtirib borilgan. Xususan, bu borada Rossiyada maxsus qonun ishlaydi. O‘zbekiston  ham shu va boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, ushbu amaliyotni yo‘lga qo‘ymoqda. Yangi tizimning joriy etilishida bir nechta qonunlarga o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Afzal tomoni esa fuqarolarning mablag‘lari himoyalanadi.

Tizim sohada tadbirkorlik istiqbollariga salbiy ta’sir qilmaydimi? 

“Bu ideal tizim, tadbirkorlik sub’yektlari uchun ham afzal bo‘ladi, chunki qurilishda ikkinchi sub’yektning ulushdor bo‘lishiga ishonchi paydo bo‘ladi. Ko‘pgina mamlakatlarda ulush kiritish bilan quriladigan uylarning elektron tizimlari ham yaratilgan va bunday uy-joylar platformada ro‘yxatga olinadi.

Avvalo, tadbirkorlar uy-joyi qurilishida qonuniy rasmiylashtiruvga ahamiyat berishlari kerak bo‘ladi. Boisi, shunday holatlar shu kungacha ko‘p bo‘lib turgan, uy noqonuniy qurilgan. Ammo kadastrga ro‘yxatga qo‘yilmaydi, qachon hammasi qonuniy amalga oshirilgandan keyin uylarga kadastr beriladi”, - deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Meliyev. Xo‘sh, bank qanday qilib, ishonchli developerlarni aniqlaydi?

“Hozirda bank orqali mablag‘lar ishonchli kompaniyalarga o‘tkaziladi. Bank yoki Qurilish vazirligi ishonchli kompaniyalarni ko‘rib chiqadi. Bu yerda uy-joy quruvchi qurilish tashkiloti bo‘lmasligi mumkin, balki investor ham bo‘lishi mumkin va alohida qurilish tashkilotini jalb qilishi mumkin.

Bugungi kunda bizda 2021 yildan beri ishlab kelayotgan qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi mavjud. U yerda 25 mingdan ortiq tashkilot bor edi, ammo saralanib-saralanib, bu ko‘rsatkich 17 mingga tushdi. Pudratchi tashkilotlar faoliyati har oy reyting baholanadi. Tizimning o‘zi ularni saralab boradi. Chuqurlashtirilgan tahlilda, masalan, chet el amaliyotida bu vazifani banklar bajaradi. Bank uy-joy qurilishini va uning budjeti asosini o‘rganib chiqadi. Bu investorlarning to‘lovga qobiliyatliligini, tarixi va oldingi qurilishlarda qay ahvolda faoliyat yuritganini tekshiradi.

Tizim uy-joy narxlari oshishiga olib keladimi?

“Ko‘plab davlatlarda uy-joy narxlari oshib boradi yoki tushadi. Misol uchun, ayrim mamlakatlarda 10 foizga narxlar oshgan, boshqa joylarda 3 foizga pasayish kuzatilgan. Qonuniy ravishda ro‘yxatga qo‘yilganda, obektning narxi sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Qurilish sifatini nazorat qilish texnik nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladi, bu esa uy-joyning umumiy narxiga ta’sir qilishi mumkin.

Shu ochiq qolayotgan edi, biz hozir farmon loyihasiga yozyapmiz va qonunda bu narsa ko‘zda tutiladi. Ya’ni loyihaviy moliyalashtirish haqida gap ketmoqda. Bu tartib bank tomonidan amalga oshiriladi. Pudratchiga uy-joy qurilishi uchun pul ajratilayotganda loyiha bo‘yicha ketyaptimi yoki yo‘qmi, sifati nazorati qay ahvolda, shu masalalarga e’tibor beriladi. Shu asosda aytadigan bo‘lsam, narx 1-2 foizga farq qilishi mumkin”.

Bugungi kunda uy-joyni qurib bo‘lib sotayotgan quruvchilar bor, tizim ularni ham qamrab oladimi?

“O‘z mablag‘i asosida uy-joy qurayotgan kompaniyalarga bu amaliyot tatbiq etilmaydi. Tizim faqat ulushdor fuqarolarga qaratilgan”, – deydi Davron Meliyev.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishi belgilangan. Agar belgilangan muddatda uy egalariga topshirilmasa, fuqaro to‘lagan mablag‘larini uch oy o‘tib, eskiroq hisobraqamidan qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Qurilishi tugallanmagan uy esa bankka o‘tkazilib, quruvchi bilan ishni yakunlash choralari ko‘rib chiqiladi yoki bank uyni boshqa tadbirkorga beradi. Eskrou tizimi bo‘yicha, yaqin oylar ichida qonun loyihasi ishlab chiqilib, jarayonlar davomida jamoatchilik va uy-joy quruvchilar fikri o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi.

Mavzuga oid