O‘zbekiston | 20:13 / 12.12.2024
6288
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident uy-joy sotib olishda aholi mablag‘larini himoya qiluvchi tizim bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyevga ko‘chmas mulk uchun hisob-kitoblar bankdagi eskrou (Escrow) hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladigan tizim taqdim etildi. U xorijda sinovdan o‘tgan bo‘lib, xaridorlar mablag‘larining kafolatli saqlanishini ta’minlaydi. Prezident taklifni ma’qulladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishida aholi mablag‘larini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, talab ko‘pligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar ham bor. To‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yo‘qligi bunga yo‘l ochib berayapti. Yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga berayotgani uchun bu mablag‘lar «soya»da qolayapti. Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar «muzlab» turibdi. Ulushdorlik shartnomalari hech qayerda ro‘yxatga olinmay, faqat quruvchining manfaatiga xizmat qilayapti.

Shu bois davlat rahbari 23 sentabr kuni qurilish industriyasi bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda uy-joy sotib olishda aholi mablag‘larini kafolatlaydigan tizim yaratish topshirig‘ini bergan edi. Taqdimotda shu boradagi takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlarda eskrou (Escrow) tizimi tajribadan o‘tgan. Unga ko‘ra, buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti bo‘yicha eskrou hisobvarag‘i ochiladi. Ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etadi. Qurilish bitgach, xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotga o‘tkaziladi. Quruvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, bu pul egasiga qaytarib beriladi. Eskrou hisobvarag‘ida turgan mablag‘larga undiruv qaratilmaydi.

Prezident takliflarni ma’qullab, bu borada huquqiy asos yaratish, mazkur tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid