Sport | 15:21 / 09.05.2019
9498
2 daqiqa o‘qiladi

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari saralashiga qur'a tashlandi

Foto: O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi

Bugun, 9 may kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasining Kuala-Lumpurdagi shtab-kvartirasida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionatlari saralash bosqichiga qur'a tashlandi.

Qur'aga asosan, O‘zbekiston U-16 milliy jamoasi saralashning «V» guruhida Hindiston, Bahrayn va Turkmaniston o‘smirlari bilan kurashadigan bo‘ldi.

«V» guruhida saralash o‘yinlari shu yilning sentabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. 11ta guruh g‘oliblari va 2-o‘rinni olgan jamoalardan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 4tasi 2020 yilda Singapurda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi esa qit'a birinchiligi saralashida Saudiya Arabistoni, Hindiston va Afg‘oniston bilan birga «F» guruhidan o‘rin oldi. Mazkur kvartetning saralash bahslari 2019 yil noyabr oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. Qit'a birinchiligining final bosqichi esa 2020 yilda Yaponiyada o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-16 va U-19 milliy jamoalarida mos ravishda Azamat Abduraimov va Otabek G‘ulomxo‘jayev bosh murabbiy sifatida ishlamoqda.

Mavzuga oid