Sport | 22:31 / 30.06.2022
28441
11 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarga bog‘liq futbol, O‘FAga e’lon bilan ishga olinishi va JCh-2022 saralashidagi sharmandalik haqida Azamat Abduraimov bilan suhbat

O‘zbek futboli afsonalaridan biri, hozirda murabbiy bo‘lib ishlayotgan Azamat Abduraimov jurnalist Filipp Gadjiliga intervyu berdi. Murabbiy suhbat davomida o‘zbek futbolidagi muammolar va rivojlanish uchun nima qilish kerak ekani haqida gapirdi.

Foto: Tribuna.uz

– Ikki yil avval yoshlar jamoasini boshqarayotgan edingiz, keyin koronavirus sabab ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Hozir nimalar bilan bandsiz?

– Ha, u jamoa bilan ikki yil davomida ishladim. Bu jamoada ishlash men uchun yaxshi chaqiruv bo‘lgandi, chunki yosh futbolchilar ruhiy va jismoniy jihatdan kattalardan farq qiladi. Ikki yil davomida butun mamlakatni aylanib, iste’dodli futbolchilarni izladim. Bu jamoada hammasi haqqoniy edi – kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynardi.

Menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi, ammo bizning jamoada olifta futbolchilar yo‘q edi. Saralashdan o‘tib, Osiyo chempionatiga yo‘l oldik. Qit’a birinchiligi orqali yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ham chiqmoqchi edik, lekin koronavirus rejalarni o‘zgartirib yubordi.

Hozir Sergey Arslonov bilan birga «Nur» nomli havaskor klub tashkil qilib, unga turli sabablar bilan professional klublarga qabul qilinmay qolgan futbolchilarni to‘plaganmiz. Hozir klubning hamma xarajatlari o‘zimga qolgan, forma olishdan tortib barcha to‘lovlargacha. Hozirda Ikkinchi ligada yetakchilik qilyapmiz, homiy topa olsak, Birinchi ligaga chiqish vazifasini qo‘yishimiz mumkin.

Shu o‘rinda Sergeli hokimi Elbek Shukurovga rahmat aytmoqchiman, u bizning jamoamizni o‘z qanotiga olib, meni sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinladi. Unga o‘xshagan rahbarlar sabab bizda futbol rivojlanishi mumkin.

– Moliyalashtirish haqida gapirdingiz, bizda klublar qanday va kim tomonidan moliyalashtiriladi?

– Klubning xo‘jayini kim ekaniga bog‘liq. Jamoa kattaroq kompaniya qaramog‘ida bo‘lsa, pul bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Masalan, «Bunyodkor»ni neftogaz kompleksi moliyalashtiradi, OKMK va «Metallurg»ni metallurgiya kompleksi.

Boshqacha variantlar ham bor. Masalan, men 10 yillar avval Samarqandning «Dinamo» jamoasida ishlaganman. Klub mahalliy hokimlik balansida edi. Esimda, mavsum boshida viloyat hokimi tadbirkorlar va bank vakillari ishtirokida majlis o‘tkazardi. Yig‘ilishlardan birida hokim meni ko‘rsatib «Ko‘ryapsizlarmi, bu Azamat Abduraimov, u «Dinamo»miz murabbiyi. Yordam berish kerak», degandi. Ammo bunaqa usul bilan jamoaning barcha xarajatlarini qoplab bo‘lmaydi. Futbol bizda foyda keltirmaydigan soha, shu uchun davlat mablag‘larisiz yashab ketish qiyin.

– Nahotki katta kompaniya ko‘rinishidagi homiy bo‘lmasa, klub barbod bo‘ladi?

– Hammasi viloyat, shahar, korxona – klub tegishli bo‘lgan tashkilot rahbari kimligiga bog‘liq. Oddiy misol, Qashqadaryoning sobiq hokimi Nuriddin Zayniyev haqiqiy futbol muxlisi edi. Uning rahbarligida Qashqadaryoda futbol rivojlanib, «Nasaf» 2012 yil OFK kubogini qo‘lga kiritgandi. Bu o‘zbek klublarining rasmiy xalqaro musobaqalardagi yagona g‘alabasi hisoblanadi. Hozirda «So‘g‘diyona» yaxshi natijalar qayd etmoqda, chunki Jizzax hokimi Ergash Soliyev futbolga qiziqadi. Viloyatda akademiya qurishmoqda, ayollar jamoasida ham yaxshi sharoitlar qilib berilgan.

– Prezident yaqinda sportga ko‘p pul ajratilayotgani, ammo natija bunga mos emasligini tanqid qildi. Sport odamlar orasida ommalashishi uchun nima qilish kerak?

– Biz yosh millatmiz, albatta odamlarni sportga, sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish kerak. Men Ikkinchi liga klubi bosh murabbiyiman, o‘z navbatida «Bunyodkor» faxriylar jamoasida o‘ynayman. Bu jarayonda ko‘ryapmanki, Toshkentda stadionlar yo‘qolib boryapti. Ularning o‘rniga binolar qurilib ketyapti. Bizga stadionlar yetishmayapti, borlari esa ertalabdan kechgacha band. Mahallalarda mini stadionlar qurila boshlandi, ammo ular ham yetarli darajada emas.

Sport ommaviy tus olishi uchun u bilan shug‘ullanadigan maskanlar ko‘p bo‘lishi kerak. Yangi sport komplekslari qurish kerak, borlaridan esa foydalanish zarur. Maktablarda stadionlar, sportzallar, tashkilotlardagi sport obektlari – barchasi yoshlar uchun ochiq bo‘lishi kerak.

– Menimcha, futbolga bo‘lgan qiziqish ham tushib ketgandek.

– Muxlislar tribunalarni to‘ldirishi uchun ularga sharoit yaratib berish kerak. Masalan, men futbolga borsam, u yerda yaxshi ovqat topa olamanmi? Bolalar uchun ko‘ngilochar joy, toza hojatxona bormi? Bularning hammasi juda muhim. Futbol rivojlangan mamlakatlarda u madaniyat turiga, oilaviy boriladigan tomoshaga aylangan. Agar ota o‘g‘lini ko‘tarib stadionga olib borsa, 20 yildan keyin o‘sha bola o‘z bolasi bilan stadionga boradi.

Futbol biznesga aylangan, dunyoning ko‘p mamlakatlarida yoshlar futbolni oilasining moddiy ahvolini yaxshilash uchun tanlaydi, bizda ham shunday qila boshlashdi, chunki futbol ko‘p pul to‘lanadigan soha. Mana shu ijtimoiy lift ishlashi kerak.

– Bizda katta g‘alabalar kamayib ketgandek. Bir vaqtlar Osiyo o‘yinlarini yutgandik, hozir esa JCh saralashining hal qiluvchi bosqichiga o‘tolmay yurimiz.

– Nega biz Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongandik? Chunki futbolchilar ittifoq chempionatidagi jamoalarda yaxshi tajriba to‘plagandi. 1997 yil ham JChga chiqishga yaqin kelganmiz, ammo Toshkentdagi BAA bilan o‘yindagi mag‘lubiyat yo‘limizga to‘siq bo‘lgan. O‘shanda bemalol mundialga chiqishimiz mumkin edi.

Bizning avlodda muammo shunda ediki, ko‘pchilik O‘zbekiston milliy jamoasiga faoliyatining oxirida yetib keldi. Bizdan keyingi avlod haqida gapiradigan bo‘lsam, unda futbol darajasi tusha boshlagandi. Tasavvur qiling, «Spartak» bilan o‘ynab yurgan «Paxtakor» keyinchalik «Guliston» yoki «Xorazm» bilan o‘ynay boshladi.

Lekin oxirgi yillarda futbolimizda yutuqlar bo‘ldi, ayniqsa yoshlar musobaqalarida. Ammo JCh-2022 saralashidagi natijalar shunchaki sharmandalik. O‘z tariximizda ilk marta saralashning hal qiluvchi bosqichiga chiqa olmadik. Abramov katta gapirganiga qaramay, natija qila olmadi. Biz Saudiyaga qarshi har ikki o‘yinda yengildik. Hech qaysi murabbiyga Abramovga bo‘lganidek sharoit qilib berilmagan, ammo aynan uning davrida biz sharmandali natijalarni ko‘rdik.

– Bundan kelib chiqadiki, biz mahalliy murabbiylardan voz kechib xorijlik murabbiylarga e’tibor berishimiz kerakmi?

– Yo‘q, albatta. Bizda murabbiylar maktabi yomon emas, yaxshi nomlarni keltirish mumkin. Masalan, Ro‘ziqul Berdiyev. Ammo negadir O‘FA bilan yaqin bo‘lgan odamlarga imkoniyat berildi. Tanish-bilishchilik bizning og‘riqli muammomiz hisoblanadi. Ammo shunisi aniqki, futbolni isloh qilmay birgina murabbiy bilan hech nimani o‘zgartira olmaymiz.

– Muammolar tizimli ko‘rinish olgan deb o‘ylaysizmi?

– Shunday. Hozir eng muhimi qayerda ekanimizni tan olishimiz kerak. 2018 yil milliy jamoamiz mundialga chiqa olmaganda, yoshlarimiz ham jahon chempionatlaridan quruq qolganda, biz eng tubigacha tushdik deb o‘ylagandim, lekin bu hali hammasi emaskan. Aytaylik, avvallari biz Osiyoning eng kuchli besh jamoasi safiga kirardik, keyin o‘nlikka tushib qoldik. Hozir qit’aning eng kuchli 10 jamoasidan biri ham emasmiz (aslida O‘zbekiston Osiyo jamoalari o‘rtasida top-10 ga qaytdi – tarj.). Shu sabab futbolda islohotlar qilish kerak.

– Nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

– Nima qilishni istayotganimizni hal qilib olishimiz kerak. Kadrlar muammosi eng jiddiy muammolardan biri. Masalan, bizda futbol menejyerlari, futbol agentlari yoki yuristlar tayyorlanmaydi. Umid Ahmadjonov vaqtida hatto O‘FAga e’lon bo‘yicha ishga olishgan. Futbol esa havaskorlarni yoqtirmaydi, bizga o‘z ishini tushunadigan professionallar kerak.

Yana bir narsa, hamma yaxshi futbolchi ham keyinchalik yaxshi murabbiy, yaxshi menejyer bo‘la olmaydi. Ammo bu borada yaxshi holatlar ham bor. Dunyo futbolida o‘z obro‘yiga ega bo‘lgan Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘ldi. Yoki bo‘lmasa Odil Ahmedov yaqinda O‘FAga lavozimga tayinlandi. Odil maydonda ham, uning tashqarisida ham yetakchi edi. U Namanganda o‘z akademiyasini ochdi. Ishonchim komil jamoa tarbiyalanuvchilari milliy jamoagacha yetib boradi.

– Tizimning o‘zida qanday o‘zgarishlar qilish kerak?

– Futbol millionlar o‘yini, bizda uni rivojlantirish uchun avvalo muammolarni aytishdan qo‘rqmaslik kerak. Muammolarni tahlil qilib, sharoitlarimizni dunyo darajasiga yaqinlashtirishimiz kerak. Masalan, haligacha PFL direktorini O‘FA tayinlaydi, tanlash imkoniyati qolmaydi. Bir vaqtlar, saylov bo‘ladi, nomzodlarni saylov kampaniyasi taklif qiladi, deb aytishgandi. Men ko‘p marta aytganman, O‘FA qoshida ham murabbiylar kengashi bo‘lishi kerak, ular jamoalar murabbiylarining ishlarini tahlil qilishi kerak. Murabbiy nazorat qilinmasa, o‘ziga qulay ishni qilaveradi.

– Bolalar futbolidagi holat haqida nima deya olasiz?

– Yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida butun mamlakatni kezdim va aytishim mumkinki, Qarshi va Toshkentdagi akademiyalar kuchli. Vodiyda doimgidek iste’dodlar juda ko‘p. Lekin viloyatlarda ahvol sezilarli darajada yomon. Bizda yoshlar futbolida asosiy e’tibor natijaga qaratilgan, futbolchini bir vaqtning o‘zida inson qilib tarbiyalashga ham emas. Yevropada aynan shunday qilishadi. Murabbiyning vazifasi yoshlarni katta o‘yinlarga tayyorlash. Muhimi oxirida bo‘ladigan natija, bugungi va hozirgi natija muhim emas.

O‘zbek futboli o‘lgani yo‘q. Ha, muammolar bor, lekin yaxshi natijalar ham bor. Ravshan Haydarov jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi, Temur Kapadze jamoasi esa bizda iste’dodlar borligini isbotlamoqda. Futbolimizni tanish-bilishchilik, kelishilgan o‘yinlardan tozalasak, yosh futbolchilarga katta futbolchi bo‘lish imkonini bersak, stadionlarimizga yana qiziqarli o‘yinlar qaytadi.

Filipp Gadjili suhbatlashdi.

Mavzuga oid