O‘zbekiston | 15:10 / 13.05.2019
113559
3 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Abdusamatov 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: KUN.UZ

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Baxtiyor Abdusamatov (Yunusobod tuman hokimi lavozimida ishlagan), O‘lmas Muxamedsaidov (vaqtincha ishsiz) va Shoxrux Malikov (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK bosh direktori lavozimida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud o‘z yakuniga yetdi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sudlanuvchilar B. Abdusamatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 210-moddasi (pora olish), O‘. Muxamedsaidov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) va Sh. Malikov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangandi.

Xabar qilinishicha, sud Baxtiyor Abdusamatovni 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topdi. U 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilab qo‘yildi. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK bosh direktori lavozimida ishlagan Shoxrux Malikov esa sud zalidan ozod etildi.

O‘lmas Muxamedsaidov 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Hukm hali kuchga kirmaganligi, norozi taraflarga shikoyat berish tartibi va muddati tushuntirildi.

Mavzuga oid