O‘zbekiston | 22:52 / 16.05.2019
39563
5 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun tabiiy gaz, neft va ko‘mir zaxirasiga ega O‘zbekiston AES qurilishiga oid qaror qabul qildi?

O‘zbekistonda olib borilgan tadqiqotlar yangi quvvat qurilishlarisiz aholining elektr energiyasiga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Kun.uz muxbiri “O‘zatom” agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudovning 16 may kuni Xalqaro energetika konferensiyasi doirasida bergan ma'lumotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish qaroriga birdaniga kelingani yo‘q, uni qabul qilishda barcha shart-sharoitlar – iqtisodiyot rivoji, texprognozlar, yangi stansiyalarning qurilishi, elektr yetkazib beruvchi liniyalar modernizatsiyasi va energiya muvozanati uchun elektr energiyaning boshqa manbalari, xususan quyosh energiyasi, gidroenergiyani ham jalb qilish kabi jihatlar inobatga olingan. Barcha tadqiqotlar sezilarli yangi quvvat qurilishlarisiz aholining o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirib bo‘lmasligini ko‘rsatgan. Variantlar o‘rganib chiqilib, “3+” avlodiga mansub ikki blokli AES qurishga doir qaror qabul qilingan. Tanlov strategik hamkorlarimiz – “Rosatom” davlat korporatsiyasi foydasiga hal bo‘ldi. Bunda xavfsizlik, sifat va muddatlar kabi jihatlarga ustuvorlik berildi", - dedi Mirzamahmudov.

Foto: "O‘zatom" agentligi

Shuningdek, "O‘zatom" agentligi bosh direktori bugunga qadar amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida hukumatlararo kelishuv imzolangandan keyin AES qurilishi uchun salohiyatli maydonni izlash ishlari boshlab yuborilgan. Bunda maydonning AES qurilishi uchun ekologik, iqtisodiy va texnik jihatdan optimal muvofiq kelishi hisobga olinmoqda.

"Kuni kecha tadqiqotlarning dastlabki bosqichi yakunlandi. Endi “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari bilan salohiyatli maydonda yanada chuqur muhandislik tadqiqotlarini o‘tkazishga kirishamiz. Tanlangan maydonda atrof-muhitga ta'sir bahosini ishlab chiqa boshladik. Xalqaro talab va AEXA tavsiyalariga muvofiq tegishli ekspertiza va jamoatchilik eshituvi yo‘lga qo‘yiladi", - ta'kidladi u.

Tadbirda ta'kidlanishicha, loyiha amalga oshishini tezlashtirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining qonun-qoidalaridan maksimal foydalanishga doir qaror qabul qilingan va bunday yondashuv AEXA ekspertlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

"Shu bilan bir qatorda biz o‘zimizning normativ bazamizni ishlab chiqa boshladik, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishga oid qonun shular jumlasidandir. Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi eshituvidan o‘tgan va yaqin kunlarda muhokamalar davomi uchun ikkinchi eshituvga qo‘yiladi", - deya ma'lum qildi Mirzamahmudov.

Bundan tashqari, "O‘zatom" agentligi kadrlarni tayyorlash ustida ish olib bormoqda. “O‘zatom” agentligi tashkil etilganining ertasiga Prezident tomonidan O‘zbekistonda RFning “MIFI” universiteti filialini ochishga doir hujjat imzolandi. Joriy yilda ilk 100 talabani qabul qilish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

"Fursatdan foydalanib, sohaga qiziqishi bo‘lgan abituriyentlar va ularning ota-onalarini universitetga hujjat topshirishga chorlab qolamiz. Yaqin kunlarda qabulga doir batafsil ma'lumot taqdim etiladi", - dedi u.

Ta'kidlash joizki, 15 may kuni “Rosatom” davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachyov va Energetika vaziri Alisher Sultonov tomonidan atom energetikasini rivojlantirishga doir “yo‘l xaritasi” imzolandi.

Shuningdek, “O‘zatom” agentligi binosida atom energetikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan Axborot markazi ishga tushirildi, unda istagan kishi atom energetikasiga oid xabardorligini oshirishi mumkin.

Bundan avval Kun.uz'da O‘zbekistonda shunday markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish qanchalik muhimligiga oid maqola taqdim etilgan edi.

Mavzuga oid