Samarqandda avtobusda yo‘lovchi tashish qanchaga tushayotgani ma'lum bo‘ldi
Samarqand viloyatida o‘tgan bir yil davomida yo‘lovchi va yuk tashish qoidalarini buzgan 6 787 ta transport vositalari aniqlangan va ularga nisbatan 6 milliard 335 million 970 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Qoidabuzarlardan 6 mingga yaqini litsensiyasiz yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan. Bu haqda Samarqand viloyat transport boshqarmasi Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida harakatlanayotgan avtobuslarda bitta yo‘lovchi tashish uchun o‘rtacha 1 892 so‘m xarajat qilinadi (avtobus uchun yo‘lkira haqi 1 200 so‘m). Viloyatda avtobus haydovchilari ham yetishmayotgani ma'lum bo‘ldi.
Viloyat transport boshqarmasi vakilining aytishicha, taklif qilinayotgan maoshning miqdori malakali haydovchilarni qanoatlantirmayapti. Shu bois har bir avtobusda belgilanganidek ikkita emas, bitta haydovchi ishlamoqda.
Samarqandda joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan 271 ta reyd davomida 1 063 ta transport vositasi litsenziyasiz yuk va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangani aniqlanib, qoidabuzarlarga nisbatan 806 milliondan ko‘proq jarima tayinlangan va undirilgan.