O‘zbekiston | 11:40 / 31.05.2019
67546
10 daqiqa o‘qiladi

«Kuydirayotgan» chiroq va «tonirovka»ga yo‘g‘on jarimalar. Mas'ullarning izohi yangi izohlarni talab qilmoqda

Mavzular trendida bugun avtoolam. Rulni boshqargan inson borki tajang hozir. Sababi ayon – bir qator qarorlar qabul qilindiki, ularning birortasi haydovchiga qulaylik tug‘dirmaydi, bil'aks ham cho‘ntagiga, ham vaqtiga, ham asabiga putur yetkazadi. Ammo qaror qabul qilib bo‘lingan, ortga yo‘l yo‘q!

Hamma gap ham shunda aslida. Bizda qabul qilingan qarorlar mukammal hisoblanadi va ortga qaytish, ya'ni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilmaydi. Holbuki eng rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi ham bir tekis emas, xatolar uchrab turadi. Eng muhimi, bu xatolarni zudlik bilan tuzatish, kerakli xulosalarni chiqarish.

Keling, O‘zbekiston yo‘llarida va tillarida tobora avjiga chiqayotgan bahsli holatlarni qisqa tahlil qilib chiqamiz va keyin ular bo‘yicha o‘z takliflarimizni bildiramiz.

Mavzularning eng muhimlari: kunduzi chiroq yoqib yurish, «tonirovka» uchun aql bovar qilmas jarimalar va nihoyat ma'lum toifa haydovchilar uchun qo‘shimcha talablar (ularning qandayligini yaxshi bilasiz).

Bularning birortasidan biror haydovchi mamnun bo‘ldi deyish, eng kamida nojiddiylik bo‘lardi. Hamma bilib turgan narsani ochiq tan olish shart – mazkur qarorlarning har biri budjetdagi o‘pirilgan joylarni yamash va qo‘shimcha daromad manbaidan o‘zga narsa emas!

Mayli, davlat yoki qaysidir tashkilotning daromad qilish zaruratini tushunsa bo‘ladi. Ammo hamma gollar faqat bitta darvozaga (bu o‘rinda haydovchilar hamyoniga) uriladigan bu o‘yindagi shartlarga ozroq o‘zgartirish kiritmoq zarur. Xo‘sh, qanday?

1. Kunduz kuni chiroqlarni yoqib yurish shart qilib qo‘yildi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan, «yo‘llardagi hodisalar kamaymoqda!» deya bong urildi (eng qizig‘i, dastlab bir oy vaqt o‘tmay to‘rt oylik ijobiy statistika ham taqdim qilindi, ichki ishlar ham nima qilsin, buyruqni bajaradi-da...).

Foto: Akramxon Boboxonov

Xususan, aynan mana shu mavzu ko‘tarilgan oxirgi tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Akramxon Boboxonov «Transport vositalarining yonib ketishi kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat emas» deya bayonot berdi va gapining isboti sifatida quyidagi dalillarni keltirdi: «...mazkur tartib joriy etilganidan buyon 1,5 oydan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa, shu muddat ichida yo‘l-transport hodisalari 18,2 foizga (199ta), YTH oqibatida halok bo‘lganlar 16,7 foizga (45 nafar) va tan jarohati olganlar soni 23 foizga (241 nafar) kamaygan.

... kunduzgi vaqtda ro‘y berayotgan yo‘l-transport hodisalarining 50 foizi esa aynan qarama-qarshi tomondan kelayotgan avtomobil yoki piyodani payqamaslik natijasida ro‘y bermoqda.

Mazkur tartib xorij tajribasidan kelib chiqqan holda joriy etilgan. Xususan, u Yevropaning 65 davlatining 25tasida barcha avtotransport vositalari uchun majburiy, 15tasida faqatgina mototransportlar uchun belgilangan, 3tasida mavsumiy xarakterga ega bo‘lsa, 4tasida tavsiyaviy asosda joriy etilgan.

Havo harorati 35-50 darajaga yetadigan BAA va Malayziyada ham transport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish tartibi mavjud...

... mazkur tartibga rioya qilmaganlik uchun Shvetsiyada 1 mln 51 ming 836 so‘m (milliy valutada hisoblaganda), Chexiyada 732 ming 220 so‘m, Estoniyada 1 mln 887 ming 510 so‘m, Ruminiyada 574 ming 829 so‘m jarima solinadi».

Yevropaning ma'lum qismidagi talabni qo‘llash uchun avval Yevropa yo‘llari, infratuzilmasini yaratish, qator davlatlardagi jarimani solishtirishdan oldin u davlatlardagi minimal maosh bilan ham tanishib qo‘yish zaruratini maktab o‘quvchisi ham bilsa kerak?

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Erali Bozorov mavzuga oid yanada qiziqarli ma'lumotlar taqdim qiladi.

«Transport vositalaridagi yong‘in va kunduzi chiroq yoqib yurish mutlaqo bir-biriga bog‘liq emas. 2019 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida 139ta transport vositasining yonish holati qayd etilgan, shulardan 112tasi yengil mashina, 27tasi yuk mashinasi. 2018 yilning 4 oyida esa 147ta (116ta yengil mashina, 27ta yuk mashinasi, 4ta avtobus) yong‘in holati kuzatilgan. Avtotransport vositalaridagi yong‘in ko‘rsatkichi o‘tgan yilgiga qaraganda kamayganini ko‘rish mumkin», ─ deydi Bozorov.

Odamlarda raqamlarni aniq kuzatish imkoniyati yo‘q, lekin ayni shu mavzudagi xabarlar ko‘paygan yoki kamayganini hamma his qila oladi. Bir narsa aniqki, o‘tgan yillar davomida yo‘llardagi yonish holatlari asosan poytaxtdagi yirik avtobuslar bilan bog‘liq bo‘lardi. Bu yil esa bunday hodisalarga uchragan avtomobillar shu qadar rang-barangki...

Mayli, deylik bu vajlarda jon bordur, mavzu ko‘p qayta muhokama qilindi va qilinmoqda. Gap boshqa tomonda.

Keling, ortga qaytish iloji yo‘q ekan, millionlab haydovchilarning kunduzi chiroq yoqib yurish xavfli ekanligi, issiq kunlarda yong‘in kelib chiqishi mumkinligi to‘g‘risidagi oh-u nolalari yetib bormas ekan, bir ish qilaylik: majburiy sug‘urta shartnomalariga faqat fuqarolik javobgarligini emas, «o‘z-o‘zidan» kelib chiqayotgan yong‘in holatlarini ham sug‘urtalashni kiritaylik. Ishoning, yuzlab milliardlar aylanayotgan sug‘urta lobbisining o‘zi bu qarorni bekor qilish chorasini topadi.

2. «Tonirovka» jarimasi birdaniga, hech bir izohlarsiz 25 barobar oshirildi. Sababi tushunarli, aksariyat haydovchilar qimmat narxlardagi bu «qulaylik»dan voz kechishdi, pul to‘lashmadi. Umuman olganda o‘zi bu juda qiziqarli mavzu. Bir vaqtlar «tonirovka» omma uchun butkul bekor qilinganda xavfsizlik uchun bu nihoyatda zarurligi tushuntirilib yoqa yirtilgandi. Qarangki, tushum bo‘lsa, har qanday vaj-karsonlar unutilarkan, ikkinchi darajaga tusharkan, qolarkan. Mayli, nima bo‘lganda ham bu «ne'mat»dan foydalansang yo pulini, yo jarimasini to‘laysan, boshqa iloj yo‘q.

Foto: Erali Bozorov

Jurnalistlar ruxsatnoma olmasdan «tonirovka» qilganlik uchun jarima miqdorining keskin oshirilishidan maqsad nima ekanini so‘raganlarida Erali Bozorovning bergan javobini bemalol «jahon nutqlaridagi eng mashhur jumlalar» qatoriga tirkash mumkin.

«Biz bilmaymiz-ku, oynasini ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuribdi. Ko‘pchilikning maqsadi boshqa bo‘lishi mumkin. Qolaversa, «tonirovka» qilish majburiy talab emas, ixtiyoriy. Maqsadimiz – oynalarni qonunga xilof ravishda qoraytirishning oldini olish».

Tasanno! Qoyilmisiz? Ya'ni, Bozorovning mantig‘iga ko‘ra, kimdir pulini to‘lasa, uning maqsadlari hammaga ayon bo‘ladi-qoladi, aksincha, pul to‘lamaganning hammasidan shubhalansa arziydi. Lekin bir fikrda jon bor – ko‘chalarda harakatlanayotgan «tonirovkali»larning hammasini ham davlat g‘aznasini boyitgan deb bo‘lmaydi. Lekin bu tanganing ikkinchi tomonini ochadi: hech qachon zari yoki zo‘ri bo‘lmagan oddiy odam mashinasini tonirovka qilib yurmaydi.

Nima qilmoq kerak?

«Tonirovka»ga ruxsatni sotib olgan avtomobillar reyestri tuzilsin va ommaga oshkor qilib qo‘yilsin. Shunday bo‘lsinki, istagan odam avtomobil raqamini kiritgan holda onlayn rejimda to‘lov amalga oshirilgan yoki yo‘qligini tekshira bilsin. Prezident, bosh vazir korteji, xorijiy diplomatlar kabi daxlsiz avtomobillarni mustasno qilgan holda ochiq reyestr orqali hammani kuzatib borish imkoni tug‘ilsin. Sababi shuki, pulini to‘laganlar kamu, qoraytirib yurganlar ko‘proqdek!

Qonun tengligi ta'minlanarkan, hokim ham, vazir ham «tonirovka» uchun to‘lov qilsin. Shunda o‘z-o‘zidan keyingi savollar tug‘iladi, ya'ni bu to‘lovlarning manbasi qayer ekanligi bilan qiziqiladi va shaffoflik paydo bo‘ladi. Amali yoki puli tufayli boshqalar yetolmaydigan bu qulaylikdan bepul foydalanayotganlarning tanobi tortiladi, jarimani halol to‘layotganlarga nisbatan adolat qilinadi.

Albatta, bu takliflar parlament muhokamasidan joy olish tugul binosining panjarasidan ham o‘ta olmaydi. Lekin bir qalamkash sifatida jar solish orqali ko‘ngil andak taskin toparmikan degan umid borda...

Maqola tayyorlanish jarayonida Janubiy Koreyadagi vatandoshimiz Humoyiddin Qosimov quyidagicha fikr bildirib qoldi: «Chiroq yoqish va jarimalar bo‘yicha Yevropa tajribasini qo‘llayotganlarga savolim: nega «tonirovka» bo‘yicha ham rivojlangan davlatlar, masalan Janubiy Koreya tajribasi qo‘llanilmayapti? Axir ularda bu qulaylik mutlaqo bepul yoki arzimas to‘lov evaziga-ku?».

Abror Zohidov. 

Mavzuga oid