Light | 00:07 / 05.06.2019
30577
3 daqiqa o‘qiladi

Issiqda chanqoqni yaxshi bosuvchi ichimlik ma'lum qilindi 

Foto: iStock

Suv bilan aralashtirilgan olma sharbati issiq havoda, odam terlab, ter bilan birga turli tuzlarni yo‘qotganda eng yaxshi ichimlik hisoblanadi. Bu haqda Rossiya sharbat ishlab chiqaruvchilari ittifoqi loyihasi rahbari Lyudmila Xomich ma'lum qildi. 

Organizm qon bosimi va barcha almashuv jarayonlarini me'yorlashtirish uchun tuz balansini saqlashi lozim. Chanqoqni bosishda oddiy ichimlik suvi yordam beradi. Biroq bu kamlik qiladi. Suv bilan aralashtirilgan olma sharbati esa yo‘qotilgan tuzlar o‘rnini tezda qoplaydi.

Kanadalik olimlar olib borgan oxirgi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bunday ichimlik organizmda tuzlar balansini tezda tiklashi aniqlangan. U bolalarga ichak kasalliklaridagi suvsizlanishda beriladigan bemaza tuz eritmalarining muqobili sifatida qo‘llab ko‘rilgan. “Olma sharbati maxsus elektrolitlardan ko‘ra 17 foizga samaraliroq bo‘lib chiqdi”, deb aytmoqda Xomich. 

Bunday ichimlikda kaliyning mavjudligi muhim hisoblanadi. Kaliy organizmdagi suv-tuz balansiga javob beruvchi asosiy elementdir. Umuman olganda barcha sharbatlar kaliyga boy. Ichimlikning bir stakanida organizmning ushbu elementga bir kunlik ehtiyoji miqdorining 20 foizi saqlanadi.

Biroq chanqoqni bosish uchun sharbatlarni birga bir hajmda suv bilan aralashtirish ma'quldir.

“Sharbatlar ichimlikdan ko‘ra, ko‘proq yegulikdir. Suvni issiq havoda cheklanmagan miqdorda ichish mumkin bo‘lsa, sharbatlarni cheklash lozim. Parhezshunoslar bir kunda sharbatdan 1-3 stakan ichishni tavsiya qilishadi”, deb ta'kidlab o‘tdi mutaxassis. Bunda apelsin, greypfrutdan tayyorlangan nordon sharbatlar yoki rezavorlardan tayyorlangan morslar ichish ma'qulroq. Ulardagi organik kislotalar organizmda kislota balansini saqlashga yordam beradi.

“Shuningdek, chanqoqni sabzavotli sharbatlar yaxshi bosadi, chunki ularda mevali sharbatlardan ko‘ra shakar kamroq bo‘ladi. Shu bilan birga ular mikroelementlarga boy, bu ham issiqda yaxshidir. Tomat sharbatini tuzi kamroq bo‘lganini tanlash lozim”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis. 

Biroq shuni esda saqlash lozimki, sharbatlar, ayniqsa yangi siqilganlari plyaj sharoitida eng yaxshi ichimlik hisoblanmaydi, Chunki issiq havoda ularda turli mikroorganizmlar tez ko‘payadi, deb tavsiya qildi Xomich.

Mavzuga oid