Sport | 22:13 / 07.06.2019
13233
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Shimoliy Koreyani yirik hisobda yengdi

Foto: Ma'ruf Asqarov / Tribuna.uz

Toshkentda O‘zbekiston hamda Shimoliy Koreya milliy jamoalari o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik o‘yini yakunlandi. «Milliy» stadionida o‘tkazilgan o‘yinda O‘zbekiston 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yinda hisob 29-daqiqada ochildi. Jaloliddin Masharipov jarima maydonchasiga kirib borayotganda raqib himoyachisi uni qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. Hakam bu vaziyat uchun Shimoliy Koreya darvozasiga penalti belgiladi va standartni Odil Ahmedov golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtasida hujumchilar katta sahnaga chiqishdi. Avvaliga 63-daqiqada Temurxo‘ja Abduxoliqov chap qanotdan Odil Ahmedov hamda Doston Ibragimov rivojlantirgan hujumni golga aylantirgan bo‘lsa, 5 daqiqa o‘tib, Igor Sergeyev raqibning xatosidan unumli foydalanib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

O‘yin yakunida esa Doston Tursunov 4-golni urdi. Burchakdan uzatilgan to‘pni Anzur Ismoilov darvoza yaqiniga uzatdi. Bu yerda hammadan faol bo‘lgan Tursunov darvozani ishg‘ol qildi.

Xalqaro o‘rtoqlik o‘yini
O‘ZBeKISTON - ShIMOLIY KOReYa 4:0
Toshkent. «Milliy» stadioni, 33 000 tomoshabin.
Gollar: Odil Ahmedov (29, penaltidan), Temurxo‘ja Abduxoliqov (63), Igor Sergeyev (68), Doston Tursunov (90+2).
O‘zbekiston: Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov (Davron Hoshimov, 46), Doston Tursunov, Akrom Komilov, Anzur Ismoilov, Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboyev (Oston O‘runov, 64), Odil Ahmedov (Sardor Mirzayev, 84), Doston Ibragimov (Xurshid G‘iyosov, 75), Jaloliddin Masharipov (Quvondiq Ro‘ziyev, 84), Temurxo‘ja Abduxoliqov (Igor Sergeyev, 64).

Mavzuga oid