Sport | 09:10 / 10.06.2019
29901
7 daqiqa o‘qiladi

Birgina xato Niderlandiyaga qimmatga tushdi. Portugaliya Millatlar ligasi tarixiga kirdi

Krishtianu Ronaldu va Ko Yevro-2020 uchun saralashda muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda ham qo‘shimcha imkoniyatga ega. Bu UYeFAning yangi turniridagi g‘alaba evaziga bo‘ldi.

Millatlar ligasi A 
Final 
Portugaliya - Niderlandiya - 1:0
(0:0)
Gol: Gonsalu Gedesh, 60. 
Portugaliya: Ruy Patrisiu, Semedu, Ruben Diash, Joze Fonti, Rafael Gerreyru, Villiam Karvalyu (Nevesh, 90+3), Danilu Pereyra, Brunu Fernandesh (Joau Kanselu, 81), Krishtianu Ronaldu, Gonsalu Gedesh (Rafa Silva, 75), Bernardu Silva.
Niderllandiya: Sillessen, Dyumfris, de Ligt, van Deyk, Blind, F.de Yong, Vaynaldum, de Ron (L.de Yong, 81), Bergvayn (van de Bek, 60), Depay, Babel (Promes, 46).
Ogohlantirishlar: Dyumfris, 88. van Deyk, 90+1. 
Hakam: Undiano Malenko (Ispaniya).
9 iyun. Portu. «Dragau» stadioni.

Tarkiblar
Millatlar ligasi turniri finaliga terma jamoalar eng kuchli tarkiblarini tushirishdi. Yevropaning amaldagi chempionlarini o‘yinga pasportiga ko‘ra 34 yoshli, lekin hamisha navqiron sardor Krishtianu Ronaldu boshlab tushdi. Bu chinakamiga avlodlar va g‘oyalar to‘qnashuviga aylandi. Qolaversa bu o‘yinda o‘rtaga ilk kumush kubok va 10,5 million yevro miqdoridagi mukofot puli tikilgandi.

Ronald Kumanni Krishtianuning shveysarlarga qarshi yarimfinal o‘yinidagi het-trigi aslo cho‘chitmagandi. «Ronaldu yaxshi, ammo biz uni qanday to‘xtatib qolishni bilamiz. O‘ylaymanki, van Deyk va de Ligt bu vazifani bajara olishadi», degandi o‘yindan oldin niderlandlar ustozi.

Kuman «Ayaks» sardori Angliyaga qarshi yarimfinal o‘yinidagi qo‘pol xatosidan keyin o‘zini qanday tutganidan ta'sirlangani aniq. Bunday vaziyatdan keyin o‘zni qo‘lga olib, mudofaada ideal o‘yin ko‘rsatish va o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradigan gol urish hammaga ham emas. Murabbiy Angliyaga qarshi o‘yindagi tarkibni o‘zgarishsiz finalga ham tushirdi. Niderlandiya so‘nggi besh yil ichida ilk marta ketma-ket o‘yinda bir xil tarkibda o‘ynadi. Hatto yarimfinal qahramoni Kvinsi Promes zaxirada qoldirildi.

Niderlandiya zarbasiz. Portugaliya - ochiq zonalarsiz
Fernandu Santush esa hamkasbidan farqli o‘laroq tarkibda o‘zgarishlar qildi. O‘zgarishlarning bir qismi majburiy edi - Pepe jarohat olgandi. Bundan tashqari, Joau Felishning o‘yinlari murabbiyda katta taassurot qoldira olmagandi, murabbiy uning o‘rnida Gonsalu Gedeshni o‘ynatdi. Daniluning boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘lishi esa raqib yarimhimoyasi kuchli ekanidan kelib chiqqan holda tayanch zonasini mustahkamlash bilan bog‘liq qaror edi. Qolaversa, bu mag‘lub bo‘lmaslik retsepti edi - Portugaliya shu vaqtgacha o‘yinni maydon markazida Danilu-Villiam Karvalyu juftligi bilan boshlaganida yutqazmagan.

Bu futbolchilar birinchi bo‘limda Niderlandiyaning ijodkor futbolchilariga imkon berishmadi. Tanaffusga qadar mehmonlar darvoza tomon biror marta aniq zarba yo‘llay olishmadi. Aniq zarba tugul birorta zarba berilmadi. Ehtimol, bu o‘yinda 81-marta Portugaliya terma jamoasi libosini kiygan Ruy Patrisiuning faoliyatidagi eng oson 45 daqiqalik shu bo‘lgandir.

Portugaliya esa tez-tez hujum uyushtirdi va ko‘p zarba berdi (12 marta). Hujumlar uyushtirishda eng ko‘p harakat qilgan futbolchi Brunu Fernandesh bo‘ldi. Murabbiy uni qora ishlardan xalos qilgan, u hujum uchligidan farqli ravishda erkin zonalarga ega edi. Uning burchakka bergan zarbalaridan birini Silessen bazo‘r qaytarib qoldi.

De Ligt ideal o‘ynamadi, Silessen qutqarolmadi
O‘yinning ikkinchi bo‘limi quvnoq ruhda boshlandi. Veynaldum yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, hakam uni ofsayd holatida qolganini qayd etdi, ammo yo‘llagan zarbani ham darvozabon bartaraf etgandi. Tanaffusda Babel o‘rniga tushgan Promes bilan Niderlandiya boshqa jamoaga aylangandek edi. Uning o‘yinlaridan xulosa qilgan holda Kuman keyingi o‘yinlarga hujumni ushbu iqtidor o‘yini ustiga qurishi ham mumkin. Promesning sa'y-harakatlari gol bilan yakunlanishi ham mumkin edi, ammo Depayning yaqin burchakka yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.

Niderlandlarning ikkinchi bo‘lim boshidagi shturmi to‘xtab, futbolchilar biroz nafas rostlashga qaror qilishganida Portugaliya imkoniyatga ega bo‘ldi va undan ajoyib foydalandi. De Ligt va Silessenning ishonchsiz o‘yini golga olib keldi. Himoyachi raqibni juda oldinda qabul qildi va Bernardu Silvaning pasini o‘tkazib yuborib, raqibni ta'qib qilmadi - uning ortida katta zona ochiq qolib ketdi. Darvozabon esa terma jamoadagi yubiley - 50-o‘yinida Gonsalu Gedeshning u qadar xavfli bo‘lmagan zarbasini to‘sa olmadi.

Lekin Niderlandiya birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi butun o‘yin davomida ehtiyotkor harakatlanishining imkoni yo‘q edi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mehmonlar shoshila boshlashdi, Kuman darhol Bergvayn o‘rniga van de Bekni tushirdi, u hujumlar uyushtirishda faollik ko‘rsatdi. 81-daqiqada maydonga tashlangan Lyuk de Yong ham ikkita imkoniyatga ega bo‘ldi. Patrisiu darvozasi tomon birin-ketin xavfli zarbalar yo‘llandi, ammo portugallar 1:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qolishni hadisini olishgandi. Qolaversa, niderlandlar hujum uyushtirganda orqada ochiq zonalar qola boshladi va Portugaliya xavfli qarshi hujumlar uyushtirib turdi. O‘yin oxirida esa portugallar raqib jarima maydonida penalti ishlashga harakat qildi. Ammo ikki safar ham Alberto Undiano Malenko ularning hiylalariga uchmadi.

Niderlandiya yaxshi o‘ynadi, ammo Portugaliya undan yaxshiroq. Tajriba, ishtiyoq va aql ustunlik qildi. Niderlandlarning vaqti hali kelmadi, bu jamoaning haqiqiy kuchini 2020 yilgi Yevropa chempionati va 2022 yilgi jahon chempionatida ko‘ramiz, hozir esa Ronaldu va jamoa bu yoshlar uchun haddan tashqari tajribali raqib bo‘lib chiqdi. Ular haqiqiy chempion va rasman Yevropaning eng kuchli jamoasi!

Mavzuga oid