O‘zbekiston | 16:18 / 10.06.2019
9926
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi reklama to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda

Foto: Shutterstock

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqmoqda.

“Unda, rivojlangan davlatlarning qonunchilik amaliyotini chuqur tahlil qilgan holda, mamlakatimizda reklama faoliyatini amalga oshirish va reklama bozorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, qonun loyihasiga yangi talab va qoidalar kiritilmoqda”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qayd etilishicha, reklama faoliyatida qo‘llaniladigan tushunchalarga keng va aniq ta'rif berilmoqda. Shuningdek, hukumat va vakolatli organ – Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlari hamda uning nazorat funksiyalarini amalga oshirish tartibi belgilanmoqda. 

Bundan tashqari, reklama bozori ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari aniqlanmoqda, voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilmoqda, ijtimoiy reklamaning doirasi kengaytirilmoqda.

Televideniye va radio, bosma nashrlar, aloqa vositalari, elektron tijorat, tashqi reklama, transport va pochta jo‘natmalari orqali tarqatiladigan reklamaga doir talablar, ayrim tovarlar, ishlar, xizmatlar reklamasiga talablar, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik normalari va boshqa holatlar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi va “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” qonunlari asosida ishlab chiqilgan Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi nizom, teatr-konsert tadbirlarini o‘tkazishda fonogrammadan foydalanish to‘g‘risida ma'lumotni taqdim etish qoidalari va boshqa me'yoriy hujjatlarni to‘liq va qisman bekor qilgan holda, ulardagi talablar yangi tahrirdagi qonun tarkibiga o‘tkazilmoqda.

O‘z navbatida, yuqoridagi qonun loyihasini yanada mukamallashtirish bilan birgalikda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish va belgilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin 

Mavzuga oid