Sport | 18:55 / 17.06.2019
7287
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Toshmatov taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi etib saylandi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Bugun, 17 iyun kuni O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida tashkilotning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, shuningdek, sport jamoatchiligining qator vakillari ishtirok etishdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Taekvondo WTF assotsiatsiyasi yangi rahbar saylash konferensiya kun tartibiga qo‘yilgan eng asosiy masala bo‘ldi.

Bunga qadar ushbu tashkilot raisi sifatida ishlab kelgan Ahmadjon Rahimov 14 iyunda mazkur lavozimi va Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti mansabidan iste'foga chiqqan edi.

«Uning o‘rniga assotsiatsiya rahbarligiga Sherzod Toshmatov nomzodi taklif etildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan ma'qullashdi va Sherzod Toshmatov O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyaning yangi raisi deb e'lon qilindi», – deyiladi MOQ xabarida.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Ma'lumot uchun, Sherzod Rixsibayevich O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida sport jamoatchiligiga yaxshi tanish. Uning rahbarligida o‘zbekistonlik bokschilar Rio Olimpiadasi va 2 yil muqaddam Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida yuqori natijalar qayd etib, har ikki musobaqada ham umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi.

Toshmatov 2019 yil fevral oyida O‘zbekiston boks federatsiya birinchi vitse-prezidenti lavozimidan ketgan edi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Qayd etish joiz, taekvondo WTF assotsiatsiyasining sobiq rahbari Ahmadjon Rahimov 2018 yilning 4 oktyabridan beri tashkilotni boshqarib kelayotgan edi. Shu davr ichida o‘zbekistonlik taekvondochi o‘smirlar tomonidan Olimpiya o‘yinlarida 1ta kumush medal qo‘lga kiritildi. May oyida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa muvaffaqiyatsiz ishtirok etildi: unda O‘zbekiston vakillari birorta ham medal jamg‘ara olmadi. Natijada O‘zbekiston taekvondochilari Olimpiya reytingida sezilarli ravishda pastga tushib ketishdi.

Mavzuga oid