Sport | 19:11 / 16.11.2020
9549
2 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Toshmatov Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘ldi

16 noyabr, dushanba kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida Bosh assambleya yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Rixsiboyevich Toshmatov qo‘mita vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Sherzod Toshmatov 2014–2019 yillarda O‘zbekiston boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti sifatidagi faoliyati bilan sport jamoatchiligi e'tiboriga tushgan. 2016 yilgi Rio olimpiadasida o‘zbek bokschilari 7 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.

Funksioner ayni paytda O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritadi. Shuningdek, u 2010 yildan buyon Osiyo havaskor muaytay federatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.

Sherzod Toshmatov 1979 yil 5 iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

2009–2010 yillarda dastlab O‘zbekiston havaskor va professional muaytay assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari, 2010–2014 yillarda O‘zbekiston havaskor va professional muaytay assotsiatsiya raisi lavozimida ishlagan. Ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan birgalikda Sh.Toshmatov 2010 yildan e'tiboran Osiyo havaskor muaytay federatsiyasi vitse-prezidenti hamda Xalqaro havaskor muaytay federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a'zosi lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

U, yuqorida ta'kidlanganidek, 2014–2019 yillarda O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. Uning rahbarligida o‘zbekistonlik bokschilar Rio olimpiadasida 3 oltin, 2 kumush, 2 bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2018 yil Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiye o‘yinlarida 5 oltin va 2 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida peshqadamlikni qo‘lga kiritgandi.

Sherzod Toshmatov 2019 yilda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi. Uning boshchiligida O‘zbekiston jahon taekvondosi tarixidagi eng yirik fleshmobga mezbonlik qildi.

Ma'lumot uchun, 2019 yil 15 maydan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga Rustam Shoabdurahmonov prezidentlik qilib kelmoqda.

Mavzuga oid