Sport | 10:24 / 31.08.2024
1176
5 daqiqa o‘qiladi

 “Faqat yakkakurashlar bilan cheklanib qolyapmiz” - MOQ bosh kotibi 

Milliy olimpiya qo‘mitasi amaldori Parij olimpiadasi yana 4 ta sport turidan kelajakda medal qo‘lga kiritish imkoni borligini ko‘rsatganini ta’kidladi. “Boks olimpiada o‘yinlaridan chiqarilsa, bu bizning reyting darajamizga ta’sir etishi aniq”, — dedi Oybek Qosimov o‘zbekistonlik sportchilarning Parij-2024 olimpiadasidagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 olimpiadasidagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Kun.uz muxbiri mutasaddilarga qator savollar bilan murojaat qildi.

Boks 2028 yilgi olimpiadadan o‘rin olmasa, qaysi sport turlarida oltin medallar uchun da’vogarlik qila olamiz?

Oybek Qosimov: Xalqaro olimpiya qo‘mitasining boks turini olimpiada o‘yinlaridan olib tashlash bo‘yicha yakuniy qarori hali qabul qilinmagan. 2025 yil yoz oylarigacha xalqaro sport tashkiloti qo‘mitaga murojaat qilsa va belgilangan mezonga mos tushuvchi tashkilot tomonidan ishonch bildiradigan bo‘lsa, boks turini olimpiada o‘yinlarida olib qolishlari mumkin. Amerikada boks ancha rivojlangan va xalqaro qo‘mita olimpiadadagi bu turni saqlab qoladi. Chunki boks olimpiadaning eng jozibador sport turlaridan biri hisoblanadi. 

Biz aksariyat hollarda yakkakurash bilan cheklanib qolyapmiz bu esa ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Hatto davlatimiz rahbari ham buni ko‘p marta ta’kidlamoqdalar. Jamoaviy o‘yinlarni rivojlantirishga e’tiborimizni qaratishimiz kerak. Yengil atletika, suzish, velosport, o‘q otish sport turlari potensialidan to‘liq foydalanilmayapti. Yengil atletikaning nayza uloqtirish turi bilan ham bizning mamlakatda shug‘ullanish uchun imkoniyat mavjud. Biz hamkasblar bilan maslahatlashgan holda yuqoridagi sport turlari qaysi mamlakatda yaxshi rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yerdan amaliy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi mutaxassislarni jalb qilishni maqsad qilganmiz. Boks, og‘ir atletika, dzyudo singari sport turlarining mamlakatimizda yaxshi rivojlanayotganligining sababi ham bu sport turlari tizimli tayyorgarliklar asosida yo‘lga qo‘yilayotganligidir. Biz eshkak eshish, velosport, yengil atletika singari turlarni ham shunday yo‘lga qo‘ya olsak, bu sohada ham olimpiya medallarini qo‘lga kirita olamiz. Sport geografiyasini kengaytirishimiz zarur, chunki boks olimpiada o‘yinlaridan chiqarilsa, bu bizning reyting darajamizga ta’sir etishi aniq. Yaqinda Parijdagi olimpiadada biz 4 turdagi yangi sport turini medal olib kela olishi mumkinligini angladik. Bular: ayollar kurashi, futbol va kamondan o‘q otish kabilar. Kelgusi olimpiadada bu sport turlarini rivojlantirib, sportimiz geografiyasini kengaytirish niyatidamiz.

Olimpiada sovrindorlariga berilgan uy, mashinalarga pul qayerdan olingan?

Oybek Qosimov: Olimpiada g‘oliblariga taqdim qilinayotgan sovg‘alar va mashinalar va budjet tashkilotlari tomonidan emas, ma’lum homiylik kompaniyalari tomonidan ajratiladi. Biz davlat tashkiloti xodimi sifatida shuni ta’kidlashimiz mumkinki, hozirgacha ko‘plab xususiy biznes egalari, xorijiy kompaniya egalari ham olimpiada o‘yinlaridagi yoshlarning yutuqlaridan g‘ururlanganliklarini aytib, O‘zbekiston sportini rivojlantirish uchun moddiy yordam berish taklifi bilan murojaat qilishmoqda. Diyora Keldiyorova, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatov singari sportchilarmiz bilan faxrlanishlarini ko‘p bora ta’kidlab yordam masalasi bilan murojaat qilayotganlar ko‘p uchramoqda. 

Paralimpiada sovrindorlariga ham uy, mashinalar beriladimi?

Oybek Qosimov: ˚Paralimpiya o‘yinlarning tashkil etilishi va o‘tkazilishi boshqa masala. Chunki paralimpiya qatnashchilari ruhiy stresslarga qaramasdan ushbu o‘yinlarda ishtirok etishga o‘zlarida jur’at topgan insonlar. Paralimpiyachilar ham olimpiadachilar kabi shug‘ullanishadi, tayyorgarlik ko‘rishadi. Olimpiyachilarga qanaqa e’tibor, rag‘bat bo‘lsa, ularga ham xuddi shunday tatbiq qilinadi.

Mavzuga oid