Sport | 18:15 / 13.09.2024
7726
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodisiz – Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbari Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar bilan uchrashdi.

13 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashdi.

– Siz, aziz sportchilar Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 17-yozgi Paralimpiya o‘yinlarida rekord natijalarga erishib, mamlakatimizga mana shunday bayram ruhini olib keldingiz. Barchangizni olamshumul yutuq va natijalaringiz bilan o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan chin yurakdan samimiy tabriklayman, – dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.

Ushbu xalqaro sport anjumanida dunyoning 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin eng kuchli va mahoratli sportchilar ishtirok etgani uning nufuzi va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.

– Shu ma’noda, Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Siz, azmu shijoatli farzandlarimiz g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz, – dedi prezident.

O‘zbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagani ta’kidlandi. Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo‘lmagani qayd etildi.

– Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir. O‘z Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida o‘ti bor insonlargina shunday ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi. Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga, – dedi davlat rahbari.

– Albatta, Paralimpiadada erishilgan har bir yutuq, har bir natija beqiyos ahamiyatga ega. Chunki to‘rt yilda bir marta o‘tadigan bunday yirik xalqaro musobaqa orqali dunyo hamjamiyati har bir qatnashchi mamlakatda insonning jismoniy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qanday e’tibor qaratilayotganiga baho beradi. Shu bois, sizlar tarixiy yutuqlaringiz bilan O‘zbekiston sha’nini, yurtimiz nufuzini yuksak bosqichga olib chiqdingiz, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi prezident.

Husniddin Norbekov O‘zbekiston tarixida birinchi marta uch karra Paralimpiya chempioni bo‘lgani, shu bilan birga yangi rekord o‘rnatgani alohida ta’kidlandi. Pahlavon o‘g‘lonlar Bobirjon Omonov va Sherzod Namozov yadro uloqtirish va dzyudo bo‘yicha ikkinchi bor oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Bobirjon paralimpiya rekordini ham yangiladi.

Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova esa nayza uloqtirish bo‘yicha Paralimpiya chempioni bo‘lgani qatorida jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangiladi. 15 yashar Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qo‘lga kiritib, Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirdi.

– Ayni vaqtda yuksak matonatli qizlarimiz ham O‘zbekiston g‘alabasiga munosib hissa qo‘shganlari to‘g‘risida har qancha g‘urur va iftixor bilan gapirsak arziydi, albatta. Jamoamiz qo‘lga kiritgan medallarning 11 tasi aynan qizlarimiz hisobiga yozilgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, – dedi davlat rahbari.

Taekvondo bo‘yicha terma jamoa birinchi marta Paralimpiya o‘yinlarida 3 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi. Yengil atletika bo‘yicha terma jamoa birinchi marta 8 ta oltin medalni, ya’ni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini egalladi.

–Bir so‘z bilan aytganda, sizlar O‘zbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodi sifatida maydonga chiqib, mamlakatimizga mislsiz ulkan yutuqlar olib keldingiz.Mana, biz maqsad sari chin dildan intilsak, qanday buyuk marralarni egallashga qodirmiz! Mana, biz birlashib, hamjihat bo‘lib harakat qilsak, qanday buyuk xalq, qanday buyuk Vatanmiz, – dedi prezident.

Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarning ota-onalari, oila a’zolariga ezgu tilak va hurmat bildirdi.

– Chindan ham, bu hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas. Ochiq aytish kerakki, bunday jasorat hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida sizlarning boshqalarga qaraganda o‘n marta, balki yuz marta ko‘proq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga to‘g‘ri kelganini ham men yaxshi anglayman. Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qat’iyat va jasorat tuyg‘usini bag‘ishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor.

Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir. Sizlar erishgan g‘alabalarda ularning ham albatta munosib hissalari bor, – dedi prezident.

Davlat rahbari sportchilarning ota-onalari, oila a’zolarini ham olqishlab, ularga eng ezgu tilaklari va hurmatini bildirdi.

Marosimda sportchilar va ularning murabbiylariga davlat mukofotlari topshirildi. So‘zga chiqqan sportchilar, murrabiy va ota-onalar qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar, e’tirof va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi. Prezident ularga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va farovonlik, kelgusi faoliyatida yangi-yangi zafarlar tiladi.

Prezident 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligini ta’kidladi.

Mavzuga oid