O‘zbekiston | 18:15 / 17.06.2019
127471
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi - Prezident qarori

O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Bandlik va mehnat munosabatlari, Moliya vazirliklari bilan birgalikda vazirlik, idora, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi va ish beruvchilarning oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan talabi parametrlari ishlab chiqilganligi ma'lumot uchun qabul qilindi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

a) oliy ta'lim muassasalariga qabul oliy ma'lumotli kadrlarga talab yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun davlat buyurtmasi asosida;

oliy ta'lim muassasalarining mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, oliy ta'lim muassasalari tomonidan bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda belgilanadigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, magistratura mutaxassisliklariga bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi;

b) nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarining umumiy soniga nisbatan qo‘shimcha ikki foizli davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlari bo‘yicha oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi, sirtqi yoki kechki ta'lim shakllaridan birida ta'lim olish huquqi beriladi;

v) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o‘z xohishlariga ko‘ra kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi beriladi;

g) davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim shaklida o‘qitishning to‘lov-kontrakt qiymati tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi o‘qitish shakli uchun belgilangan to‘lov-kontrakt qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

d) magistr darajasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar qatlamini kengaytirish maqsadida magistraturaga qabul qilishda abituriyentlarning qabul bo‘yicha belgilangan turdosh bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari negizidagi magistratura mutaxassisliklaridan tashqari boshqa magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ham tanlovda ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Bunda, alohida mutaxassisliklar va ularga muvofiq bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan belgilanadi;

ye) oliy ta'lim muassasalari rektorlariga (filiallar direktorlari) bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda chet el fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi.

2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

kunduzgi ta'lim shakliga – 80 430 nafar;

sirtqi ta'lim shakliga – 19 985 nafar;

kechki ta'lim shakliga – 1 985 nafar;

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 7 695 nafar etib tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota - bakalavrlar uchun 69 200 nafar, magistrlar uchun 5903 nafar,  maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar uchun 11765 nafar etib belgilangandi.

Mavzuga oid