Light | 11:00 / 18.06.2019
177185
8 daqiqa o‘qiladi

Buqoqdan darak beruvchi 9 belgi

Siz ahamiyatingizni qaratmaydigan belgilar aslida hayot uchun xavflidir.

Qalqonsimon bez bo‘yinning oldingi qismida joylashgan va shaklan kapalakni yodga soluvchi organ. U asab tizimi, ovqat hazm qilish, suyak to‘qimalari va reproduktiv salomatlikka o‘z ta'sirini o‘tkazadi.

Bez 3 xil gormonni ajratib chiqaradi. Agar birortasini sintez qilish jarayonida kamchiliklar kuzatilsa, organizmning doimiy ish faoliyatida uzilishlar va kasalliklar yuzaga keladi. Gormon o‘zgarishlari bir necha sabablar tufayli kelib chiqishi mumkin: dori vositalari qabul qilinishi, virusli infeksiyalar, immun tizimi zaiflashishi, yod tanqisligi, homiladorlik va tug‘ruqdan keyingi davr. Odam bolasi kuchsiz qalqonsimon bez bilan tug‘ilishi ham mumkin.

Kasallik deb gormonlarning yetarli ishlab chiqarilmasligi va ortiqcha ishlab chiqarilishiga aytiladi. Muammo bartaraf etilmasa, u yurak xastaliklariga, homiladorlik va tug‘ruq og‘ir asoratlar bilan kechishiga, homila tushishiga, ba'zi holatlarda komaga olib kelishi mumkin.

Gohida zaif alomatlar ham jiddiy kasalliklardan belgi bera oladi. Lekin doimo ularni vaqtida payqab, o‘z hayotini saqlab qolishning imkoniyatlari yetarli.

1. Vazn o‘zgarishlari

Shifokorlar birinchi navbatni diqqatni vazn o‘zgarishlariga qaratishadi. Agar tanada gormonlar me'yordan ortib ketsa, odam birdaniga ozib ketadi. Odatdagidan ko‘p ovqat iste'mol qilinganda ham, vazn tashlash davom etadi — bu holatda ovqatlanish rejimi o‘zgarishi hech qanday ta'sirga ega emas.

Gormon darajasining tushishi esa, aksincha, vazn yig‘ilishiga olib keladi. Metabolizm sekinlashadi va natijada organizm ortiqcha kaloriyani yog‘ shaklida yig‘a boshlaydi. Shu sababli parhez va fitneslarga qatnash ham qomatni ushlashga yordam bera olmaydi. Natijaga faqatgina gormonal fondagi o‘zgarishlarni me'yorga keltiruvchi davolash kursidan keyin erishish mumkin.

2. Kayfiyat buzilishlari

Gormonlar bizning asab tizimimizga o‘z ta'sirini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazgani uchun ham, kayfiyatimiz ularning darajasiga bog‘liq. Nosozliklar alomatlariga hamma narsaga loqaydlik, hissiy qo‘zg‘aluvchanlik, vahima, xavotir, yig‘loqilik yoki o‘zini tajovuzkorona tutish kiradi.

Inson o‘zidagi o‘zgarishlarni payqashi oson emas. Ko‘pincha ularni ishdan keyingi charchoq, har kungi stress va hayot qiyinchiliklariga bog‘lash mumkin. O‘z kayfiyatingizga e'tiborli bo‘ling: agar u arzirli sabab bo‘lmaganda ham yomonlashsa va bir necha kun davomida o‘zingizga kela olmay yursangiz, sizda psixoterapevt qabuliga borish uchun arzirli sabab mavjud.

3. Bo‘yin sohasida noqulaylik

Agar bo‘yinda shish va uning hajmi ortishi, nafas olishda qiyinlashishi, yutinishda og‘riq, ovoz xirillashi kuzatilsa, katta ehtimol bilan, qalqonsimon bez kattalashgan yoki unda tugunchalar paydo bo‘lgan.

Qalqonsimon bezning kattalashishi buqoq kasalligi deb ham ataladi. U davolanish va gormon darajasi o‘z me'yoriga qaytishi bilan o‘tib ketadi. Biroq bo‘yindagi noqulaylik qalqonsimon bez saratonidan ham belgi bildirayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, agar noxush holat sezsangiz, zudlik bilan shifokor qabuliga boring.

4. Sochlar va tirnoq mo‘rtligi

Soch va tirnoqlar gormonal o‘zgarishlarga juda sezuvchandir. Shuning uchun kasallik paydo bo‘lganda ular yupqalashadi va kuchsizlanadi, oson sinishi va to‘kilishi kuzatiladi. Bu nafaqat sochlarga, balki qosh va kipriklarga ham aloqador.

Kuchli soch to‘kilishi kallikka ham olib kelishi mumkin. Agar vaqtida davolanib, gormonlar darajasi o‘z o‘rniga qaytsa, soch qatlami yana avvalgi holatini tiklaydi.

5. Menstrual siklda buzilishlar

Bu buzilishlar ayollarda eng ko‘p tarqalgan gormonal uzilishlar alomatidir.

Oy ko‘rishdagi muammolar, oz va kam ajralmalar, sikl cho‘zilishi yoki juda ko‘p qon ketishi yetarli belgi bo‘la oladi. Og‘riqli menstruatsiya qalqonsimon bezdagi muammolardan ham darak beradi, ayniqsa avval bunday og‘riq kuzatilmagan bo‘lsa.

Hech qanday gormonal o‘zgarishlarga aloqador bo‘lmagan yagona holat bu stress va qattiq charchoq bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, biroq shunda ham ayollar shifokor qabuliga uchrashlari kerak. Buni ortga surish yaramaydi, chunki endokrin kasalliklari bepushtlik va homiladorlikda kelib chiquvchi yomon asoratlar xavfini kuchaytiradi.

6. Tana haroratidagi o‘zgarishlar

Gormonal kamchiliklar tananing o‘z haroratini me'yorda ushlash imkoniyatiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bemorlarning ta'kidlashicha, ko‘pchilik bir xonada bo‘lib turganda va boshqalar issiqlikni his qilishganda, ular sovqotishadi. Ba'zilarda aksincha. Qattiq jazirama hissidan aziyat chekishadi. Qalqonsimon bez qancha ko‘p gormon ishlab chiqarsa, tana harorati ham shuncha oshib boraveradi.

Odamlarda odatiy harorat doimiy ravishda balandroq yoki pastroq bo‘lishi ham uchraydi. Bunda hech qanday xavotirga hojat yo‘q. Biroq u birdaniga o‘zgarsa va ma'lum muddat odatiy darajaga qaytmasa, gormonal o‘zgarishlar ehtimoli yuqori.

7. Teri quruqlashishi

Quruqlashish va ta'sirchanlik turli xil kasalliklardan dalolat berishi mumkin — psoriaz, ixtioz, zamburug‘lar, allergiya, jigar yetishmovchiligi va ruhiy uzilishlar.

Lekin agar qalqonsimon bez kasalliklarininng boshqa alomatlari ham mavjud bo‘lsa, teri quruqlashishi arzirli belgi bo‘la oladi. Ayniqsa, tirsak va tizza sohasida po‘st tashlash kuzatiladi va teri tashqi harakatga ta'sirchan bo‘lib qoladi. Toshmalar, qichishish va yallig‘lanish kuzatiladi.

8. Hazm tizimida muammolar

Qalqonsimon bez gormonlari ovqat hazm qilish tizimini ham me'yorlashtiradi, moddalar almashinuvi va oshqozon-ichak faoliyatini nazorat qiladi.
Nosozliklar mushaklar zaiflashishi, yo‘g‘on ichak tortilishiga olib kelishi mumkin. Buning ortidan qabziyat, diareya va og‘riq yuzaga keladi. Diareya o‘z navbatida vazn tashlashga olib keladi va ko‘pincha bu ikki simptom bir vaqtda kuzatiladi.

9. Yurak ritmida o‘zgarishlar

Yurak urishida tezlik yoki sekinlashuv endokrin tizimidagi kasalliklar alomati bo‘lishi ham mumkin. Qon bosimi o‘zgaradi — birdaniga ko‘tariladi yoki tushadi. Hatto oddiy jismoniy zo‘riqish nafas qisilishi va puls tezlashuviga olib kelishi mumkin. 

Shifokor nazoratisiz bu simptom taxikardiya yoki yurak yetishmovchiligi kasalliklarini qo‘zg‘ashi mumkin. Shuning uchun kardiolog va endokrinolog qabulini kechiktirmaslik kerak.

Mavzuga oid