Jahon | 17:00 / 23.06.2019
14281
5 daqiqa o‘qiladi

Istanbul merligi uchun takroriy saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Erdo‘g‘anning siyosiy kelajagi natijalarga bog‘liq

Foto: Erdem Şahin/EPA

Mart oyidagi saylovlar natijalari bekor qilingani tufayli yakshanba kuni Istanbuldagi saylovchilar shahar merini qaytadan saylash uchun yana saylov uchastkalariga qaytishdi.

O‘shanda muxolifatchi partiya nomzodi Akrom Imomo‘g‘li raqibidan 13 ming ovoz ko‘p jamg‘arib g‘olib bo‘lgandi.

Keyinroq Turkiya oliy saylov kengashi amaldagi Erdo‘g‘an partiyasi talabi bilan ayrim saylov uchastkalarida saylov komissiyalari a'zolari davlat xizmatchilari bo‘lmagani va saylash huquqiga ega bo‘lmagan kishilarning ovozlari qo‘shilganini sabab qilib ko‘rsatib, saylov natijalari hamda muxolifatdan saylangan Ikrom  Imomo‘g‘li mandatini bekor qilgan, 23 iyun kuni qayta saylov o‘tkazilishi belgilangandi.

O‘shanda muxolifatchilar saylov natijalari bekor qilinishini prezident partiyasining siyosiy korrupsiyasi sifatida baholagandi.

Akrom Imomo‘g‘li «demokratiya g‘alabasi uchun bor kuchini berishi»ni va'da qilgan, saylov arafasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari ham u yana bir bor sobiq bosh vazir Binoli Yildirim ustida g‘alabaga erishishini ko‘rsatgan.

Takroriy ovoz berish natijalari mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning siyosiy kelajagiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi aytilmoqda.

1994 yildan 1998 yilgacha Istanbul meri bo‘lgan Erdo‘g‘anning o‘zi shunday degan: «Agar Istanbulda g‘olib chiqsang, Turkiyada g‘olib chiqqan bo‘lasan».

Saylovda kimlar o‘z nomzodini ilgari surgan?

49 yoshli Akrom Imomo‘g‘li Respublika xalq partiyasi nomidan qatnashmoqda, u Istanbuldagi Beylikduzu tumani meri hisoblanadi.

Binoli Yildirim
Foto: GETTY IMAGES

Uning raqibi Binoli Yildirim - Adolat va taraqqiyot partiyasi asoschilaridan biri, u 2016 yildan 2018 yilgacha mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Uning boshqaruvi davrida Turkiya yana prezidentlik respublikasiga aylangan va bosh vazir lavozimi bekor qilingan.

U bosh vazirlikdan ketgach Transport va aloqa vaziriga aylangan, shu yilning fevralida esa hukumatning yangi tarkibiga kirgan.

Ikrom Imomo‘g‘li
Foto: AFP

Ikrom Imomo‘g‘li nomi mart oyidagi saylovlarda nomzod bo‘lguniga qadar ko‘pchilikka ma'lum emasdi.

Uning saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi optimistik shiori - «Barchasi yaxshi bo‘ladi» - Istanbuldagi ko‘plab saylovchilar tiliga tushgan - ular iqtisodiy pasayishda amaldagi hukumatni ayblashmoqda. 

Saylov natijalari nima uchun bekor qilingandi?

Mart oyidagi saylovdan keyin Binoli Yildirim mag‘lubiyatini tan olishni istamagandi. Adolat va taraqqiyot partiyasi saylovlar natijalari bo‘yicha shikoyat qilgach, Markaziy saylov komissiyasi bir nechta saylov uchastkalaridagi ovozlarni qayta hisoblab chiqqan, biroq bu saylovlar natijalariga sezilarli o‘zgartirish kiritishga olib kelmagan. Keyin saylov jarayonida saylov komissiyalarining o‘nlab a'zolari tegishli guvohnomalarga ega bo‘lmagan holda ishlagani ma'lum bo‘lgan.

Keyin esa saylovni 23 iyun kuni qaytadan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Muxolifatdagilarning fikricha, bu qaror ortida prezident Erdo‘g‘an turgan.

Nima uchun bu saylovlar bunchalik muhim?

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z ona shahri Istanbulda 1994 yilda mer etib saylangandi. Uning siyosiy karerasi o‘shanda boshlangan. 2001 yilda u Adolat va taraqqiyot partiyasiga asos solgan, 2003 yildan 2014 yilga qadar Turkiya bosh vaziri bo‘lgan.

Ammo bugungi kunga kelib partiya ichida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan va Istanbuldagi saylovda partiya nomzodi mag‘lubiyatga uchrasa, bu muammo yanada chuqurlashishi mumkin.

«Agar Imomo‘g‘li yana g‘alaba qozonsa, bu mamlakat siyosiy hayotida jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi», deya hisoblaydi Reyter agentligi bilan suhbatlashgan turkiyalik jurnalist Murat Yyetkin.

«Bunday natijadan keyin Erdo‘g‘anning partiyasi va uning o‘zi ham inqiroz boshlanganini tushunib yetadi. Prezident bu saylovni hayot-mamot masalasi deb atagan», deydi jurnalist.

Uning fikricha, Imomo‘g‘lining yangi g‘alabasi hukumatni muddatidan avvalgi parlament saylovlari o‘tkazishga majbur qiladi (parlament uchun keyingi saylovlar aslida 2023 yilda o‘tkazilishi kerak), buning natijasida hukumat tarkibida va hatto tashqi siyosatda ham o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin. 

Mavzuga oid